Xurshid Xo‘jaev: "O‘tkir Yusupov ayni paytda O‘zbekistonning eng kuchli darvozaboni"

  • 09.01.2023 11:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, tajribali darvozabon Xurshid Xo‘jaev Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini oldidan jamoamiz bilan shartnoma imzoladi. Shundan so‘ng, futbolchi “Navbahor” PFK matbuot xizmati uchun qisqacha intervyu berdi. Quyida mazkur suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

Tecno

– Xurshid, avvalo “Navbahor”ga xush kelibsiz? Jamoamiz safiga qo‘shilishingiz qay tarzda yuz berdi?

Assalomu alaykum. Tabrik uchun rahmat. Meni “Navbahor”ga jamoa bosh murabbiyi Samvel Vyacheslavovich Babayan va darvozabonlar murabbiyi Anton Mayeranov taklif qilishdi. “Navbahor”da oldin ham o‘ynaganim, jamoa menga begona bo‘lmaganligi bois, ushbu taklifni ikkilanmay qabul qildim. Bundan tashqari, yangi mavsumda “Navbahor”ning ambitsiyalari yuqori. Jamoa o‘tgan yili chempionlik, shuningdek, O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritish uchun kurashdi va Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Bo‘lajak mavsumda ham “Navbahor”ning o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yganligi jamoaga o‘tishimga sabab bo‘ldi.   

- “Navbahor”da O‘tkir Yusupov asosiy darvozabon hisoblanadi. Shuningdek, u O‘zbekiston terma jamoasi posboni ham sanaladi. Yusupov bilan raqobatlashishdan cho‘chimaysizmi?

Albatta, O‘tkir Yusupovning tajribali darvozabon ekanligiga shubham yo‘q. U yurtimizning eng kuchli posbonlaridan biri ekanligini o‘tgan mavsumda milliy terma jamoamiz va “Navbahor”dagi o‘yinlari orqali isbotladi.

Albatta, har bir futbolchi maydonga tushishni xohlaydi. Lekin men uchun asosiysi, jamoa g‘alabasi. Vaqti kelib, holat shuni talab qilsa, zarurat tug‘ilsa, jamoaga yordam berishga tayyorman.

Raqobat borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, Allohga tavakkal qilish kerak. Oldin faoliyat yuritgan klublarimda ham mendan kuchli darvozabonlar bo‘lgan. Biroq futbolda har xil holatlar yuz berib turadi. O‘tkir ayni paytda O‘zbekistonning eng kuchli golkiperi hisoblanadi.

-  Jamoamiz muxlislariga qanday tilaklaringiz bor?

“Navbahor”da 2014-2015 yillar faoliyat yuritganligim bois, jamoa muxlislarini juda yaxshi bilaman.

Bo‘lajak mavsumda “Navbahor” ishqibozlarini xursand qilish, ularga yorqin g‘alabalar tortiq etish niyatidamiz.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!