Yo‘qotishlarsiz borayotgan "Neftchi" OKMKni Farg‘onada qachon yutgandi yoxud Farg‘onada super o‘yin oldidan yana anshlag

  • 30 mart, 2023, 12:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

FIFA kunlari munosabati bilan terma jamoamiz Saudiya Arabistonida yig‘in o‘tkazib, ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushganini bilasiz. Shu boisdan Superligamizda vaqtinchalik tanaffus yuz bergandi. Endi yana chempionatimiz bahslari davom ettiriladi. 31 mart kunidan 3 aprelga qadar Superliganing 4-tur uchrashuvilari o‘tkaziladi. Ta’kidlash lozimki, mazkur turning markaziy uchrashuvi Farg‘onada “Neftchi” hamda OKMK o‘rtasida bo‘lib o‘tishi aniq.

Tecno

Bir-biriga o‘xshash jamoalar, tarkib masalasida ham tenglik deyish mumkin. Faqat “Neftchi”da 3 ta o‘yindan so‘ng 3 ta g‘alaba bo‘lsa, OKMKda 3 ta uchrashuvda 2 g‘alaba bilan 1 mag‘lubiyat bor. Musobaqa jadvalida “Neftchi” hammadan ko‘ra eng yaxshi natija qayd etib peshqadamlikni qo‘liga olgan. 3 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 7 ta gol urdi va o‘z darvozasidan faqat 1 ta to‘p olib chiqdi. OKMK bo‘lsa 6 ochko bilan 4-o‘rinda. To‘plar nisbati 6/4.

Oxirgi paytlarda “Neftchi” tez-tez tilga olinyapti. Ayniqsa, Farg‘onada “Paxtakor” ustidan g‘alaba qozonishi fonida ko‘pchilik yana avvalgi “Neftchi” tiklanayotganiga jiddiy ishona boshladi. Bosh murabbiy Vitaliy Levchenko futbolchilarini o‘yinlarga qanday tayyorlashni biladi. Tan olish kerakki, ushbu murabbiy “Neftchi”da ish boshlagach, farg‘onaliklarning o‘yini ancha jozibador, tajovuzkor ko‘rina boshladi. Bu esa natijalarda ham o‘z aksini topyapti.

vitaliy3

Bevosita “Neftchi” – OKMK jamoalarining o‘zaro o‘yinlari tarixiga keladigan bo‘lsak, shu kungacha chempionat doirasida 26 ta uchrashuv o‘tkazilgan. Shundan 12 tasida farg‘onaliklarning qo‘li baland kelgan. OKMK esa 8 ta bellashuvda g‘olib chiqqan. Jamoalar 6 ta bahsda durang natijaga rozi bo‘lishgan. To‘plar nisbatida ushbu klublarni 10 ta to‘p farqi ajratib turibdi. Ya’ni, “Neftchi” 45 ta, OKMK 35 ta gol urgan. Oxirgi marta mazkur klublar Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida to‘qnash kelishgandi. O‘shanda OKMK “Neftchi” maydonida 1:3 hisobida g‘alaba qozonib ketgandi. Birinchi davrada OKMK mezbonligi ostida o‘tgan o‘yinda ham farg‘onaliklar 3:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. “Neftchi” OKMKni so‘nggi bor 2018 yili safarda yagona urilgan gol evaziga yutgan. Farg‘onadagi o‘yinlarda “Neftchi” ushbu raqibini qachon yutganini bilasizmi? Bunga ham 7 yil bo‘ldi. 2016 yilning ikkinchi davrasidagi bahsda “Neftchi” o‘z maydonida 3:1 hisobi bilan ustunlikka erishgandi.

Ko‘rib turganingizdek, so‘nggi paytlarda “Neftchi”ning o‘z maydonida olmaliqliklarga qarshi uchrashuvi ancha murakkab kechmoqda va ta’bir joiz bo‘lsa, noqulay raqibga aylanmoqda. Holbuki, statistika bo‘yicha farg‘onaliklar Olmaliqdagi bahslarda yutib kelgan paytlarini ko‘ryapmiz. “Neftchi” mezbonligi ostida o‘tgan oxirgi 4 ta o‘yinda esa OKMK yo durang o‘ynagan yo yutib ketgan. Bu safargisi qanday bo‘larkin?

mirjalol3

“Neftchi”ning bu yilgi shashti ancha baland-a? Jamoa o‘z o‘yini va natijalari bilan muxlislarini yana “Istiqlol” stadioniga qaytara olayotgani quvonarli. Bunga Farg‘onada “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda ham guvoh bo‘ldik. OKMK bilan o‘tkaziladigan bellashuvda yana “Istiqlol” stadionida anshlag bo‘lishi katta ehtimol. Axir farg‘onalik muxlislarning suyukli jamoasi turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘liga olgan.

Chindan Farg‘onada yaxshi, tomoshabop o‘yin bo‘ladi. OKMKni xarakteri bor. Ikkala jamoa safida yuqori saviyali ijrochilar jamlangan. Eng asosiy gap bosh murabbiylarda. Vitaliy Levchenko hamda Mirjalol Qosimov bir-birini yaxshi biladilar. Qizig‘i, bu ikki mutaxassis Osiyo Chempionlar ligasi maydonida ham ro‘baro kelganlar. O‘shanda Levchenko Tojikistonning “Istiqlol” klubi bosh murabbiyi edi. Qosimov olmaliqliklar ustozi sifatida OChL guruh bosqichida aynan “Istiqlol” bilan kuch sinashgan. 2021 yilning 18 aprel sanasida 2-tur doirasida ushbu jamoalar to‘qnash kelishgan va unda “Istiqlol” 3:2 hisobida g‘alaba qozongani yodimizda. O‘tgan yilning ikkinchi davrasidagi to‘qnashuvda esa Levchenko Qosimovga yutqazgan. “Neftchi” ustozi hali Superligada OKMKni mag‘lub eta olgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, “Neftchi” – OKMK o‘rtasidagi o‘yin 31 mart kuni, soat 18:00 da boshlanadi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Махмуд1966
31/03/2023 11:42
Олмаликнинг уйинида тренернинг "имзо"сини курмадим. Нефтчи эса аник курсатмаларга таяниб уйин олиб боряпти. Уйлайманки, 80÷10÷10 нефтчи фойдасига!