
Yulduzlarga erkinlik! Katta jamoalarda “o‘zini yomon his qilayotgan” yulduzlar
Qishki transfer oynasining oxirgi kunlarida sport nashrlari Garet Beyl bir oyog‘i bilan “Tottenxem”da ekanligini bot-bot yozishdi. Bir tomondan, bu oddiy holdek – har transfer oynasida jurnalistlar Beylni APLga “o‘tkazishadi”. Boshqa tomondan, bu safar futbolchi rostdan ham Madriddan ketishi mumkin edi.
Transfer oynasi yopilganiga ancha bo‘ldi. Ammo nashrlar bu mish-mishlar bekorga chiqmagani haqida yozishmoqda. Hatto, Deniel Levi va Joze Mourino transfer borasida norasmiy kelishuvlar olib borgan degan xabarlar mavjud.
Ko‘plab futbolchilar xuddi shu holatda. Garet Beyl dunyoning eng kuchli jamoalaridan birida to‘p sursa-da, bu erga o‘zi xohlab kelmaganligi ayon bo‘ladi. U ketishni xohlardi, lekin uni o‘z jamoasiga qo‘shib olishni xohlovchilar va bunga qurbi etadiganlar kam topiladi. Xuddi shunday o‘zi istamagan holda jamoaga kelib qo‘shilganlar anchani tashkil etadi: Aleksis Sanches, Mesut O‘zil, Filippe Koutino, va Pol Pogba. Neymarni ham shu ro‘yxatga kiritish mumkin. Ular haqida batafsil gaplashamiz.
Neymar
Jarangdor transferni xohlab, unga erishish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qilib, xato qilgach, xatosini tan olgan futbolchi kim desa, Neymarni ko‘rsatavering. Hozir Neymar xohlaydigan eng katta narsa – ortga qaytish.
Braziliyalik hujumchi “PSJ”ga 222 mln evroga o‘tgan edi. O‘tgan yili esa frantsuz klubi rahbariyatidan o‘zini “Barselona”ga transfer qilishlarini so‘radi. Qatarlik xo‘jayinlarga ham doimiy mojarolar chiqarib yuradigan futbolchi kerak emasdi va uni sotishga qarshilik qilishmadi. Ammo transfer narxi kamida 200 mln evroni tashkil etishi shart edi.
“Barsa”da shuncha pul bor edi. Lekin Antuan Grizmann transferidan so‘ng budjet sezilarli darajada kamaydi. Neymar esa qaytishni shu qadar xohlardiki, hatto transferining 20 mln evrosini o‘zi to‘lamoqchi bo‘ldi. Ammo bu transfer amalga oshmadi.
Shunga qaramasdan braziliyalik futbolchi uchun mavsum yomon o‘tmayapti. 18 ta o‘yinda 15 ta gol va 10 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Balki, yaqin orada u qaytar, lekin hozircha u parijliklar futbolchisi.
Pol Pogba
Aqlbovar qilmas iste’dodga ega bo‘lgan Pol Pogba “Manchester Yunayted”ning etakchisi bo‘lishi kutilgan edi. Ammo unday bo‘lmadi. U hozir jamoada o‘zini baxtsiz his etyapti va tezroq Angliyadan ketishni xohlayapti. U juda aqlli futbolchi. O‘zining istaklari borasida hech qachon gapirmagan. Doim jim bo‘lishni ma’qul ko‘radi. Uning nomidan agenti Mino Rayola gapiradi. Shunisi aniqki, Pogba jamoadan ketishni istaydi.
Neymardan farqli ravishda, Pogbaning “Yunayted”ga foydasi tegmayapti. Muxlislar uni jamoaning etakchi futbolchisi bo‘lishini xohlaydi, ammo Polning doimiy jarohatlari, beqaror o‘yinlari bunga xalaqit qiladi. U keta oladimi? Albatta. Xabarlarga ko‘ra, “Real” futbolchi uchun 100 mln funt to‘lashga rozi. Bu ikki tomonni ham qoniqtira oladigan narx.
Filippe Koutino
Filippe “Barselona”da o‘z o‘yinini topa olmadi. Kataloniya jamoasi uni “Bavariya”ga ijaraga berib yubordi. Myunxenda esa Koutino asta-sekin o‘zini ko‘rsatyapti. To‘g‘ri, “Liverpul”dagi Koutino darajasiga chiqa olgani yo‘q, ammo “Barsa”dagidek yo‘qolib qolgani ham yo‘q.
Filippe “Barselona”ga qaytish variantini ko‘rib chiqayotgani yo‘q. Ammo express nashri muxbiri Nil Fissler so‘zlariga ko‘ra, Kataloniya jamoasi braziliyalik futbolchini kamida 77 mln funt to‘lagan jamoaga sotib yuborishi mumkin.
Aleksis Sanches
Sanchesning ijara asosida “Inter”ga o‘tganini eshitgan manchesterliklar engil nafas ola boshlashdi. Muxlislar ham, futbolchining o‘zi ham “Old Trafford”da undan hech nima kutishmayotganini tushunib turishgan edi. Ikkala tomon ham transfer amalga oshmasligini tushunib turishibdi. Chunki Sanchesning talablari juda yuqori va uni ustiga Milanda u almashtirib bo‘lmas futbolchi darajasiga etmadi.
Sulsherning gaplari esa barchani hayron qoldirdi: “Sanches yozda “Manchester”ga qaytadi va hammaga ular noto‘g‘ri fikrda ekanliklarini ko‘rsatib qo‘yadi.”
Norvegiyalik mutaxassisning so‘zlariga qaramasdan, “MYu” futbolchini sotib yuborish istagida.
Mesut O‘zil
O‘zil Londonni tark etishga shoshilmayapti. Ishonchli nashrlar xabariga ko‘ra, yarim himoyachi hozirgi ahvolidan rozi va u jamoani yaxshi ko‘radi. Yaqin orada Mesut o‘z formasini tiklaydi va jamoaga yordam bera boshlaydi.
“Arsenal” esa bunday deb hisoblamaydi. Nemis futbolchisiga takliflar deyarli yo‘q. APLning birorta jamoasi uni sotib olish uchun taklif bildirmadi. Asosan Turkiya va AQSh jamoalari Mesutga qiziqish bildirishdi.
O‘zil katta ehtimol bilan MLSga o‘tib ketishi mumkin. U bilan allaqachon “Di Si Yunayted” vakillari aloqaga chiqqanligi haqida manbalar bor.
Arteta ham Mesutni yuqori formasiga qaytara olishi haqida gapirgan edi, ammo hozircha o‘zgarish yo‘q.
Fikrlar