
«El-Klasiko» to‘purarlari TOP-11
3 dekabr kuni butun dunyo futbol muxlislari intizorlik bilan kutayotgan «El-klasiko» bo‘lib o‘tadi. Biz shu munosabat bilan «Real» va «Barselona» jamoalari to‘qnashuvida eng ko‘p gol urgan futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
9-11. Xosep Samiter («Barselona», «Real Madrid») – 10 gol
Samitier 1919-1932 yillar mobaynida «Barselona» klubi sharafini himoya qilib, 333 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng u ikki mavsum «Real»da harakat qildi. Umuman olganda Xosep «klasiko»larda jami 10 ta golga mualliflik qilgan. Samiter ana shu gollarining 4 tasini chempionatda, qolgan 6 tasini kubok bahslarida nishonlagan.
9-11. Xuanito («Real Madrid») - 10 gol
Madridning «Atletiko» jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadigan Xuanito «Real» tarkibida 1977-1987 yillar mobaynida to‘p surdi. U bu davr ichida 100 dan ortiq gollarga mualliflik qilgan. Jumladan «Barsa»ga qarshi bahslarda 10 ta to‘p kiritgan. Hujumchi 8 ta golini la ligada, 2 ta golini esa Liga kubogida urgan.
9-11. Ugo Sanches («Real Madrid») – 10 gol
Meksikalik hujumchi 1985-1992 yillarda «blankos» sharafini himoya qilib, 207 marta raqib posbonlarini ranjitishga muvaffaq bo‘lgan. Sanchesning 10 ta zarbasidan keyin «Barselona» darvozabonlari ranjishgan. Ugo gollarining 8 tasini chempionatda, 2 tasini superkubokda nishonlagan.
8. Santilyana («Real Madrid») – 12 gol
Santilyana «Real» sharafini 1971-1988 yillarda himoya qilib, 200 dan ortiq gollar kiritgan. Karlos «Barsa» pobonlarini 12 marta xafa qilgan. U chempionatda – 9, kubokda – 2 va liga kubokda – 1 marotaba Kataloniyaliklarni jazolagan.
5-7. Ferents Pushkash («Vengriya») – 14 gol
31 yoshida «Real» formasini kiyib, 39 yoshigacha klub sharafini himoya qilgan Pushkash «blankos» safida 242 ta gol nishonlagan. Ferents La ligada – 9, kubokda – 2 va evrokuboklarda 3 marta azaliy raqib darvozasiga aniq yo‘l topa olgan.
5-7. Fernando Xento («Real Madrid») – 14 gol
Butun faoliyatini Madrid superklubiga bag‘ishlagan Xento 1953-1971 yillarda «Real» safida 178 gol urgan. U «Barselona»ga qarshi bahslarda 14 marta zafar quchgan. Chempionlar kubogini 6 bora yutib rekord o‘rnatgan hujumchi chempionatda 10, kubok va evrokuboklarda 2 boradan to‘p kiritgan.
5-7. Sesar Rodriges («Barselona») – 14 gol
«Barselona» afsonasi Sesar jamoa safida 1942-1955 yillar mobaynida 232ta to‘p urib, Messi davri boshlangunga qadar klub to‘purari bo‘lib kelgan. Rodriges chempionat bahslarida «Real» darvozasini 12 marta aniq nishonga olgan. Bu borada ham u rekordchi edi. Hujumchi qolgan 2 ta golini evrokuboklar doirasidagi matchlarda kiritgan.
4. Raul Gonsales («Real Madrid») – 15 gol
«Real» tarixidagi eng yaxshi ikkinchi to‘purar hisoblanadigan Raul 1994-2010 yillar mobaynida «qaymoqranglilar» safida 323 ta to‘p kiritgan. Ana shu gollarning 15 tasi «Barselona» darvozasidan o‘rin olgan. Raul Kataloniyaliklarni 11 marta chempionatda, 3 bora superkubokda va bir marta evrokuboklarda ranjitgan.
3. Krishtianu Ronaldu («Real Madrid») – 16 gol
Ronaldu 2009 yildan beri «Real» safida 400 ga yaqin gol kiritgan. U «El-klasiko»larda ham o‘zini ko‘rsatib kelmoqda. Krishtianu «klasiko»larda qatorasiga 6 ta o‘yinda to‘p kiritib, rekord o‘rnatgan. Portugaliyalik hujumchi 16 ta golining 8 tasini la Ligada, 5 tasini kubokda va 3 tasini superkubok bahslarida nishonlagan.
2. Alfredo Di Stefano («Real Madrid») – 18 gol
1953-1964 yillar mobaynida «Real» tarkibida harakat qilib 300 dan ortiq gol urgan Di Stefano «El-klasiko»larda 18 marta zafar quchib XXI asrning birinchi o‘n yilligiga qadar peshqadamlik qilib keldi. Alfredo La ligada – 14, kubok va superkubokda – 2 martadan «Barselona» darvozasiga yo‘l topgan.
1. Lionel Messi («Barselona») – 21 gol
Ispaniyaning ikki grand jamoalari to‘qnashuvidagi eng yaxshi 2 ta to‘purar argentinalik futbolchilar hisoblanishadi. Lionel 2004 yildan beri «Barsa» uchun 500 ga yaqin gol kiritgan. Uning «El-klasiko»lardagi gollari 21 tani tashkil etadi. Messi «Real»ga qarshi bahslarda 2 marta «xet-trik» qayd etganligini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. U chempionatda – 14, superkubokda – 5 va evrokubokda - 2 bora «Real» darvozasini ishg‘ol qilgan.
Furqat Yusupov tayyorladi
Fikrlar