
Eng zo‘r transferlar termasi tuzildi
Whoscored statistika portali kuchli beshlik chempionatlarida o‘tgan mavsum amalga oshirilgan eng zo‘r transferlardan iborat ramziy terma jamoani tuzib chiqdi. Eng muvaffaqiyatli, deb topilgan transferlar orasida hech kim kutmagan nomzodlar ham bor.
Ana shunday nomzodlardan biri ramziy jamoaning darvozasiga loyiq topilgan 27 yoshli finlyandiyalik Yesse Yoronendir. Bu golkiper “Kopengagen”dan yakunda A Seriyadagi o‘rnini saqlab qola olmagan “Breshiya”ga olib kelingan edi.
Mudofaa qanotlaridan “Milan”ning frantsiyalik legioneri Teo Ernandes va “Volfsburg” himoyachisi Kevin Mbabu, markazdan “Borussiya” o‘yinchisi Mats Xummels va “Manchester Yunayted” sardori Garri Maguayr o‘rin oldi.
Yarim himoyachilar uchiligini “Monpele”dan Teji Savane, PSJdan Idrissa Geye va “Manchester Yunayted”ni oyoqqa turg‘izgan 55 million evrolik Brunu Fernandesh tashkil qildi.
Hujum uchligi 38 yoshida ham tinimsiz gol urayotgan “Milan” forvardi Zlatan Ibrohimovich, “Monako” safida Frantsiya to‘purari bo‘lgan Vissam Ben Yedder va “Borussiya”da porlagan Erling Xolanddan tarkib topdi.
Fikrlar