
10 yildan beri g‘alaba qozona olmayotgan "Navbahor", durangni chetlab o‘tayotgan jamoalar, "Andijon" "Nasaf"ni engishga qodirmi? Yoxud 15-tur oldidan
15 sentyabrda Coca-Cola Superliganing 15-turiga start beriladi. Uch kun davomida ikkitadan o‘yinga guvoh bo‘lamiz. Bu safar “Buxoro” dam oladi. Ko‘pchilik “Lokomotiv” – “Navbahor” qarama-qarshiligini turning markaziy uchrashuvi deya baholamoqdalar.
15 sentyabr (seshanba)
40-to‘qnashuv
“Andijon” – “Nasaf”
Mag‘lubiyatga uchrashga umuman haqqi qolmagan “Andijon” ushbu mavsumdagi ilk g‘alabasini qachon qo‘lga kiritarkin? O‘tgan turda o‘z darajasida o‘ynay olmayotgan “Lokomotiv”ga maydonda bir futbolchi ko‘p bo‘lib ham yutqazgan “Andijon”ni navbatdagi turda bundan-da jiddiy raqib – “Nasaf” kutmoqda. To‘g‘ri, bu safargi uchrashuv ham yana “Andijon”ning maydonida o‘tadi. Ammo aksariyat mutaxassislar ushbu juftlikda Ro‘ziqul Berdiev jamoasining imkoniyatini yuqori baholashyapti. Tan olish kerakki, o‘yin sifati bo‘yicha ham qarshiliklar nafaqat “Andijon”, balki ancha-muncha jamoalardan kuchliroq. Ammo “Andijon” afsonasi – Baxtiyor Hamidullaev ustozlik qilayotgan “Burgutlar”ning oldida g‘alaba qozonishdan boshqa choralari ham yo‘q. Biroq “Nasaf”dek raqibini engishga ularning kuchi etadimi? Mezbonlar har qanday sharoitda ham oxirigacha kurashishga majburlar. Birinchi davrada Qarshidagi bahs maydon egalarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Seshanba kuni o‘tkaziladigan uchrashuv esa ikkala jamoaning o‘zaro 40-to‘qnashuviga aylanadi. Katta ustunlik qarshiliklar tarafida. Ularning hisobida o‘zaro uchrashuvlarda 25 ta g‘alaba bor. “Andijon” esa faqatgina 6 marotaba “Nasaf”ni yutgan. Qolgan 8 ta qarama-qarshilikda kuchlar teng kelgan.
“Lokomotiv” 10 yildan buyon o‘z uyida “Navbahor”ni mag‘lub etmoqda
“Lokomotiv” – “Navbahor”
Yaxshi o‘yin bo‘lishi kutilyapti. Bir-biriga munosib raqiblar sifatida ham baholanmoqda. “Loko” ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshladi va o‘tgan turda “Andijon” maydonida uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Biroq temiryo‘lchilar hali o‘yin sifatini me’yoriga keltirganlaricha yo‘q. “Navbahor” esa jiddiy raqib. Shu bois o‘yin asabiy va murosasiz kechishini taxmin qilish qiyin emas. Lekin namanganliklar 10 yildan beri “Lokomotiv” maydonida faqat yutqazib kelmoqda. Oxirgi bor 2010 yili Toshkentda 1:3 hisobida g‘alaba qozonishgan. Shundan beri “Loko” o‘zida faqat g‘alaba qozonmoqda. Ushbu mavsumning birinchi davrasida esa namanganliklar 2:0 hisobida raqibini engan. Shu kungacha jamoalarning o‘tkazilgan 33 ta o‘yinining 19 tasida “Lokomotiv”ning qo‘li baland kelgan. “Navbahor”ning hisobida esa 9 ta g‘alaba bor va yana 5 ta bellashuv durang bilan tugagan. Bir so‘z bilan aytganda, bu o‘yinga qiziqish katta. Faqat natija borasida bir narsa deyish qiyin, lekin tashqaridan qaraganda, go‘yoki ushbu to‘qnashuv durang bilan yakunlanadigandek...
16 sentyabr (chorshanba)
1998 yildan beri durangni chetlab kelayotgan juftlik
“Qo‘qon-1912” - “Metallurg”
Bu klublarni turnir jadvalida bir ochko ajratib turibdi xolos. “Metallurg” o‘tgan turda AGMKning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ygani sababli ularda kayfiyat yanada yuqori bo‘lishi mumkin. “Qo‘qon-1912” esa o‘z maydonida yanada kuchli o‘yin ko‘rsatishini ham hisobdan chiqarmaslik kerak. Chunki ular hali Qo‘qonda yutqazishgani yo‘q. Demak, u erda ham yaxshi o‘yin bo‘lishiga ishonsa bo‘ladi. Balki bekobodliklar uchun safarda durang qayd etish yomon natija hisoblanmasligi mumkin. Lekin oldindan bir nima deb ham bo‘lmaydi. Negaki, futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. O‘tgan yili ikkala o‘yinda “Metallurg” qo‘qonliklar darvozasiga uchtadan gol urgan. Bu yil esa birinchi davrada qo‘qonliklarni yagona gol evaziga mag‘lub etishdi. 22 ta o‘tkazilgan o‘zaro uchrashuvlarda kichik ustunlik mehmonlar tomonida ekanini ko‘rsatmoqda. Mezbonlarda 9, mehmonlarda esa 10 ta g‘alaba bor. Faqat 2 ta uchrashuvdagina durang kuzatilgan. Qizig‘i shundaki, ushbu duranglar 1998 yildagi ilk to‘qnashuvlarda yuz bergan. Shundan beri albatta kimdir g‘alaba qozonib kelmoqda.
Katta ustunlik “Bunyodkor” tomonida
“Mash’al” – “Bunyodkor”
Muborakning “Mash’al” klubi qayd etayotgan natijalar chakki emas. Ayniqsa, “Navbahor”, “So‘g‘diyona” kabi raqiblarini safarda mag‘lub etgani e’tiborga molik. Bu klub yoshlar bilan shunday o‘yin ko‘rsatyaptiki, Superligada shunchaki ishtirok etmasdan, yuqori o‘rinlar uchun jiddiy kurashayotganini ko‘rsatmoqda. “Bunyodkor”ga qarshi o‘yin esa “Mash’al”ni yana bir jiddiy imtihon kutib turganini bildiradi. O‘z o‘rnida Vadim Abramov uchun ham “Mash’al”ni taslim qilish oson bo‘lmasligi aniq. Hozircha o‘zaro uchrashuvlardagi katta ustunlik aynan “Bunyodkor” tomonida. 21 ta bahsning 17 tasida qaldirg‘ochlar g‘olib chiqishgan. “Mash’al” bo‘lsa faqat 2 bor yutgan xolos. Yana 2 ta uchrashuv durang bilan yakun topgan.
17 sentyabr (payshanba)
“Qizilqum” oxirgi bor “Surxon”ni 2004 yilda mag‘lub etgan
“Surxon” – “Qizilqum”
Ayni paytda “Surxon”ning natijalari yaxshi emas. Klub 8 ochko bilan 12-o‘rinda. “Qizilqum” esa 10 ochko to‘plab bo‘lajak raqibidan bir pog‘ona yuqorida turibdi. Ikkala jamoada ham hozirgacha ikkitadan g‘alaba bor. Faqat “Surxon”ning mag‘lubiyati ko‘proq. Chempionatimizda eng ko‘p yutqazgan klub bo‘lib turibdi – 10 ta o‘yinda imkoniyat boy berilgan. Bosh murabbiy Ravshan Haydarovga ham vaziyatni o‘nglash qiyin kechmoqda. Oxirgi beshta uchrashuvning to‘rttasida yutqazishdi va bir bor durang o‘ynashdi. Lekin “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvlarda termizliklar omadliroq. Masalan, birinchi davrada Navoiyda ham “Surxon” g‘alaba qozongandi. Qizig‘i, “Qizilqum” 2004 yili ushbu raqibini 2:1 hisobida mag‘lub etgan.
Oxirgi 4 ta o‘yindan beri “So‘g‘diyona” AGMKga yutqazmayapti
AGMK – “So‘g‘diyona”
O‘tgan turda joriy mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilgan AGMK bu safar “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi. Hozircha jizzaxliklarga barqarorlik etishmayapti. Bir qarasak yutayotgan, yana bir qarasak yutqazayotgan bo‘ladi. Xo‘sh, AGMK uchun dastlabki mag‘lubiyat qanchalik ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin? Yoki Mirjalol Qosimov allaqachon futbolchilarning kayfiyatini ko‘tarib yuborganmi? Katta ehtimol bilan Olmaliqda qiziqarli o‘yin bo‘lishi kutilmoqda. 23 ta to‘qnashuv o‘tkazilgan bo‘lib, shulardan 8 tasida AGMK muvaffaqiyat qozongan. “So‘g‘diyona”da esa 9 ta g‘alaba bor. 5 ta bellashuvda durang qayd etilgan. Lekin ushbu jamoalarning oxirgi to‘rtta to‘qnashuvidan beri “So‘g‘diyona” raqibiga yutqazmayapti, uch g‘alaba va bir durang.
Fikrlar