
2 xil sport turida chempion bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona paralimpiyachi bilan suhbat
– O‘zingiz haqingizda to‘xtalib o‘tsangiz…
– 2005 yil baxtsiz hodisa tufayli o‘ng qo‘limdan ayrilganman. Shundan so‘ng, sportga bo‘lgan qiziqishim tufayli 2007 yil birinchi bo‘lib stol tennisiga borishga qaror qilganman. Keyinchalik, u ayrim sabablarga ko‘ra yopilib ketgan. Biroz tanaffusdan so‘ng, futbol bo‘yicha amputantlar terma jamoasiga qabul qilindim. Ular bilan birgalikda mashg‘ulotlarga qatnashdim va darvozabon sifatida o‘ynay boshladim. Hammasi yaxshi ketayotgandi. 1 oy o‘tgach, chap qo‘limdan jarohat oldim. Bu voqea afsuski, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida qatnashishimga to‘sqinlik qildi va uni televizor qarshisida Olimpiada orzusida kuzatdim.
– Keyingi faoliyatingiz qanday davom etdi?
– 2009 yildan boshlab O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasida tashkil etilgan para atletika sport turi bilan shug‘ullana boshladim. U erda menga murabbiy – Anna Valerevna yaqindan yordam berdi. Assotsiatsiya rahbariyatining beminnat ko‘magi va e’tibori tufayli yaxshi yutuqlarga erishdim. Jumladan ko‘p yillar 800 metr va 1500 metr masofaga yugurish bo‘yicha O‘zbekiston bo‘yicha birinchilikni qo‘ldan bermadim. Bundan tashqari, Dubayda xalqaro Gran-Pri g‘olibi bo‘ldim, Evropa ochiq chempionatida 3-o‘rinni oldim.
2012 yilda sport formam eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davrda, mashg‘ulot paytida o‘ng elkamni sindirib oldim. Ming afsuski shu tariqa Londondagi Paralimpiya o‘yinlarini ham o‘tkazib yubordim.
Oradan vaqt o‘tgach, paralimpiya murabbiyi bo‘lishimni taklif etishdi. Men hali o‘zimni kuchli his qilardim va katta sportdan ketishni xohlamasdim, Balki, shuning uchundir, bu taklifni o‘ylab o‘tirmasdan rad etdim.
– Kamondan o‘q otish sportiga o‘tganingizdan so‘ng sizni kimlar qo‘llab-quvvatlashdi?
– Ha, albatta. Kamonni mahorat bilan ishlatayotganimni ko‘rgan Paralimpiya assosatsiyasi va kamondan otish federatsiyasi rahbariyati menga kerakli anjomlarni olib berishda ko‘mak berishdi. Ularning yordamida Ukarinada yig‘inda ham bo‘lib qaytdim.
2019 yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida shohsupaga ko‘tarildim. Shu orqali o‘zbek sporti tarixidan joy oldim ya’ni 2 xil sport turida chempion bo‘lgan yagona insonga aylandim.
– Tokiodagi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya yutish imkoniyati sizda bormi?
– Ha, aprel oyida Italiyada, iyun oyida esa Chexiyada musobaqalar o‘tkaziladi. Nasib qilsa, shu turnirlarda yaxshi natijalar qayd etib, litsenziyaga ega bo‘lishga harakat qilaman.
– Xobbiyingiz?
– Xobbiyim futbol o‘ynash va kompyuterda ishlash. Klaviatura bilan ko‘zim yopiq holatda ham ishlay olaman. Real voqealarga asoslangan yoki melodrama kinolarni xush ko‘raman.
– Nechta davlatlarda bo‘lgansiz?
– Daniya, Belarus, Ukraina, BAA, Polsha, Janubiy Koreya davlatlarida bo‘lganman.
– O‘q mo‘ljalga aniq etib borishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
– Kamondan o‘q uzayotganda gap kuchda emas, gap ruhiyatda va to‘g‘ri nafas olishda ekanligini ko‘pchilik bilmaydi. Demak, ruhiyat va nafas olishga e’tibor berish lozim.
Bundan tashqari, kamon ob-havodan kelib chiqqan holda sozlanadi. Kamchiliklar ustida ishlash uchun o‘quv-yig‘in mashg’ulotlarida faol qatnashish kerak.
– Davlat tomonidan yoki assotsiatsiya tomonidan g‘alabalar paytida rag‘batlantirish qanday bo‘ladi?
– Albatta, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiya hamisha menga ko‘makdosh. Ular men uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib berishgan. Xalqaro musobaqalarda ishtirok etishimda ham doim yordam berib keladi.
– Hayot sinovlarida engilmasdan, sizni oldinga undab turuvchi kuch?
– Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish orzusi – doim meni olg‘a intilishga undaydi. Qolaversa, atrofimdagi yaqin insonlar menga imkoniyati cheklangan inson sifatida qarashlarini istamayman, muvaffaqiyatlarimdan chin dildan faxrlanishlarini xohlayman va bu tuyg‘u meni har qanday to‘siqlarni engib o‘tishga, taslim bo‘lmaslikka da’vat etadi.
Tokioda qatnashish – mening asosiy maqsadim bo‘lib qolaveradi.
Sherzod Nurmatov suhbatlashdi
Fikrlar