
AGMK futbolchilari Olmaliqdagi maxsus maktab tarbiyalanuvchilari bilan uchrashishdi
Bugun 5 dekabrdan boshlab AGMK jamoasi a’zolari qishki ta’tilga yo‘l olishdi. Garchi ta’til bo‘lsada, jamoaning bir qator futbolchilari Olmaliq shahridagi 80-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatida "Xalqaro nogironlar kuni" hamda yaqinlashib kelayotgan qomusimiz qabul qilgan "Konstitutsiya kuni" munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etishdi.
Mazkur maktab internat tarbiyalanuvchilari yaqinda bo‘lib o‘tgan Respublika kar-soqovlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan futzal musobaqasida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritishgan. Shuningdek, katta yoshdagilar musobaqasida Olmaliq shahar kar-soqovlar jamoasi ikkinchi o‘rinni egallashgan. Tadbir davomida g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Internat tarbiyalanuvchilari va futbolchilar o‘rtasida qiziqarli suhbat yakuniga etgach, g‘olib jamoa vakillari AGMK futbolchilariga qarshi bahs yuritishdi.
Qiziqarli kechgan uchrashuvda 8:4 hisobi bilan mezbonlar maktab internat jamoasi g‘alaba qozondi. Uchrashuv yakunlangach, maktab internati tarbiyalanuvchilariga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Fikrlar