Alisher Azizovning Bangladeshdagi faoliyati qanday kechmoqda?

  • 27 fevral, 2019, 21:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Iqtidorli hujumchi Alisher Azizov hozirgi paytda Bangladesh chempionati faoliyat olib borayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Futbolchi mahalliy “Sheyx Russel” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Hozirgacha hamyurtimiz Bangladesh Kubogida beshta, ichki chempionatda esa to‘rtta gol urdi. Futbolchi bilan muloqot chog‘ida u erdagi hayot haqida shunday dedi:

Tecno

Bangladeshdagi hayotimiz hozirgi paytga kelib ancha yaxshi. To‘g‘risi, u erda hamma ham bir xil holatda emas, mahalliy aholi o‘rtasida kambag‘allikda hayot kechirayotganlari ko‘p. Lekin klub biz futbolchilar uchun sharoitlarni yaxshilab bergan. Ayniqsa, biz uchun alohida hududni ajratib, u erda faqat futbolchilar istiqomat qilishi uchun hamma imkoniyatlarni yaratib berishgan. Muhit ham yaxshi. U erda asosan musulmonlar yashayotgani bois masjidlar ko‘p. Shu bois Bangladesh hayotiga moslashib ketdim. Har xolda bu erda faoliyat olib borayotganimga besh oy bo‘ldi. Ammo Bangladeshning mahalliy taomlari menga yoqmaydi. Men achchiq ovqatlarni iste’mol qila olmayman. Bular esa asosan achchiq ovqat eyishadi. Shuning uchun biz o‘zimizning oshpazga buyurtma berib ovqat tayyorlatamiz. Sharoitdan kelib chiqqan holda asosan makaron, guruch, baliq iste’mol qilamiz. Bizning jamoamiz oldiga qo‘yilgan maqsad faqat chempionlik. Mamlakat Kubogida finalgacha bordik. Chempionatda esa ikkita jamoa yutqazmasdan ketmoqda. Ulardan biri bizning jamoa.

Bangladesh futboliga kelsak, uning saviyasi qandayligini bilasiz. Lekin bu erda futbolga bo‘lgan e’tibor zo‘r. Rahbarlar futbol uchun katta pullar sarflashib, uni rivojlantirish harakatida yurishibdi. Ular shunday yo‘l tutishyaptiki, o‘z vaqtida jahon chempionatlarida to‘p surgan legionerlarni chaqirib, ularga yaxshi pul berishyapti va bu bilan mahalliy chempionat va o‘yinchilarining saviyasini o‘stirishda ulardan foydalanishyapti. Aytmoqchimanki, legionerlarga juda katta e’tibor qaratilyapti. Chempionat saviyasi esa Qirg‘iziston, Tojikiston kabi chempionatlarnikidan ancha kuchli. Masalan, har bir klubda pul bor. Qolaversa, jamoalarning to‘rttadan legionerlari bor. Legioner bo‘lganda ham ular shunchaki xorijlik o‘yinchilar emas, o‘yin saviyasi va sifati ancha yuqori bo‘lgan legionerlar kelib o‘ynashyapti. Braziliya, JAR, Gana, Nigeriya, Kosta-Rika, Marokash va yana boshqa davlatlardan kelgan futbolchilar bor. Hattoki, o‘tgan yili jahon chempionatida ishtirok etgan kosta-rikalik, marokashlik futbolchilar ham Bangladesh chempionatida to‘p surishyapti. Tan olishim kerakki, bu erga kelishdan oldin chempionatning saviyasini past deb hisoblagandim. Ammo meni hayron qoldirgani shuki, saviyasi men o‘ylagandan ko‘ra ancha yaxshi ekan. Ammo shunga yarasha nima uchun Bangladesh terma jamoasi kuchli emasligi meni hayron qoldiryapti.

Ushbu chempionatda ko‘plab legionerlar to‘p surishadi. E’tiborlisi, Bangladeshga kelayotgan xorijlik futbolchilar shunchaki o‘yinchilar emas. Bu haqida Azizov shunday dedi:

Baribir bu erda legionerlarga o‘ynash oson emas. Boya aytganimdek, xorijlik futbolchilarga juda katta e’tibor qaratishadi va sizdan nimadir kutishadi. Shuning evaziga ham ular hamma narsani faqat legionerlardan kutishadi. Agar ketma-ket to‘rtta o‘yinda gol urib, bitta uchrashuvda gol ura olmasangiz, darhol nega gol urmaganingiz muhokama qilinadi. Tag‘in ham O‘zbekiston chempionatida legionerlarga o‘ta jiddiy talablarni qo‘yishmaydi. Ammo bu erda hammasi boshqacha. Ochig‘i, bizda asosan o‘rtacha legionerlar kelib o‘ynashadi. Bangladeshda esa saviyasi ancha yuqori bo‘lgan futbolchilar to‘p surishyapti. Albatta, shunga yarasha ularga katta pullar ham to‘lanadi. Aksariyat jamoalar o‘z o‘yinlarini asosan xorijlik futbolchilarning atrofida qurishadi. Masalan, bu erda Avstriyaning “Zaltsburg” klubida to‘p surgan futbolchilar kelib o‘ynashyapti. Bangladesh chempionatida jismoniy futbolga ko‘proq urg‘u beriladi. Hattoki, o‘sha legionerlar ham oltita tur o‘tgan bo‘lsa, hali biror marta gol urishmadi, ular qiynalishyapti. Masalan, Kosta-Rika terma jamoasida sardor bo‘lgan futbolchi hamma jamoada gol urib, to‘purar bo‘lganman, ammo shu erga kelib negadir gol ura olmayapman deyapti.

Shu bilan birga Bangladesh futboliga katta pullar sarflanayotgani haqida Azizov o‘z bilganlarini aytib berdi.

Bangladesh futbolida mablag‘ bor. Ayrim klublarda katta oylik maosh berishadi. Yana bir-ikkita jamoalari esa bundan-da katta pullar to‘lashadi. Bangladesh chempionatida baquvvat klublari bor. 5-6 ta klublarida esa o‘rtacha oylik maosh to‘lanadi. Ya’ni, O‘zbekiston chempionatida legionerlarga to‘lanadigan pullar beriladi. Bu erda ko‘tarma puli degan narsa yo‘q. Faqat oylik maoshlar yuqori darajada. Bilishimcha, bu erda mahalliy futbolchilar ham yaxshigina oylik olishar ekan. Bizda pullarimni ololmayapman deb bir-birini ustidan yozishadi. Ammo Bangladeshda bu borada muammo yo‘q ekan, hamma o‘z pullarini vaqtida oladi. Yil oxiriga kelib klublar qarzdor bo‘lib qolishmaydi. O‘ylashimcha, klublarga yaxshigina homiylar biriktirilgan.

Lekin, baribir u erdagi chempionatning saviyasi borasida savollar ko‘p. Har holda qit’amizda Bangladesh futbolining nufuzi borasidagi ishlar maqtagulik emas. Shunday ekan, bunday chempionatda to‘p surish orqali legioner o‘sishga erishishi mumkinmi? Shu masala bo‘yicha Alisherga murojaa qilganimizda u quyidagi javobni bildirdi.

O‘yin amaliyotiga juda mushtoq bo‘lgan futbolchi bu erga kelib o‘ynab keta oladi. Faqat hammasi uning o‘ziga bog‘liq. Masalan, bu erga futbolchi sifatida o‘sish uchun keldim deya olmayman. Shunchaki, sport formamni ushlab turibman. Masalan, oldingi chempionatlarga nisbatan bu erda o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman. Endi boshqa chempionatga borsam ham bemalol o‘ynab keta olishimga ko‘zim etadi. Chunki o‘zimga bo‘lgan ishonch ancha ortgan. Bu erda asosiy kuch jismoniy tayyorgarlikka qaratiladi. Shuningdek, texnik va taktik futbolga ham e’tibor qilishadi. Lekin deyarli barcha jamoalarning murabbiylari xorijlik. Ispaniya, Braziliya, Angliya va yana boshqa mamlakatlardan murabbiylarni olib kelishyapti. Masalan, bizning jamoamiz bosh murabbiyi portugaliyalik. Shu bois klublarning o‘yinlari ham turlicha.

Lekin u erda zerikish bo‘ladi. Oilangiz bo‘lmasa, mahalliy tilini bilmasangiz albatta sizga qiyin bo‘ladi. Lekin oxirgi paytlarda har to‘rt kunda o‘yin bo‘layotganiga vaqt qanday o‘tgani unchalik bilinmayapti ham. Ya’ni, o‘yinlar bilan ovora bo‘lib, zerikish ham unchalik sezilmayapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!