“Arsenal”ni yangi mavsumda qanday ko‘rinish hosil qiladi?

  • 24 iyul, 2018, 23:17
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

22 yilda birinchi marta “Arsenal” yangi mavsumni afsonaviy murabbiy Arsen Vengersiz boshlaydi. O‘tgan mavsumda qariyb chorak asrdan keyin frantsiyalik mutaxassis “to‘pchilar” safini tark etdi va uning o‘rniga “PSJ”dan Unay Emeri olib kelindi. Ispaniyalik mutaxassis hozirgacha bir qancha kuchli futbolchilarni olib keldi. Ular orasida Sokratis Papastatapulos, Lukas Torreyra, Bernd Leno, Lixtshtayner kabi taniqli, Matteo Genduzi kabi mohir futbolchilar bor. Transfer bozori yopilguniga qadar yana muhim futbolchilar bilan kuchaytirishni maqsad qilgan. Demak, uning qo‘li ostida nafaqat londonliklarning o‘yin uslubi, balki asosiy tarkib ham ancha o‘zgarishga yuz tutishi muqarrar.

Yangi murabbiy haqidagi dastlabki xulosalarni Xalqaro Chempionlar Kubogi doirasida “Atletiko”ga qarshi bahsda bilib olishimiz aniq. Emeri mavsumoldi tayyorgarlik bahsiga nechog‘liq hozirlik ko‘rganini ko‘rsatib beradi. Quyida “Arsenal”ning yangi mavsumdagi tarkibi haqidagi ilk tahminlar o‘rin olgan.

1-variant – “Unaycha uslub”

Qog‘ozda, Emeri eng kuchli asosiy tarkibdan biriga ega. Emeri hozirgacha harid qilgan futbolchilarini asosiy tarkibga qo‘rqmasdan kiritishi mumkin.

“Arsenal” Yens Lemanndan keyin tayinli kuchli darvozabonga ega bo‘lolmadi. Bu vazifani “Chelsi”dan olib kelingan “faxriy qariya” Petr Chex bajargandek bo‘ldi. Leverkuzenning “Bayer”idan sotib olingan Bernd Leno nihoyat klubning eng og‘riqli nuqtasini “yopishi”ga katta ishonch bildirilmoqda.

“Yuventus”dan Lixtshtayner taklif qilinganiga qaramay, Ektor Belerin ayni vaqtda eng yaxshi sport formasida va o‘ng qanot himoyasini shveytsariyalik futbolchiga berib qo‘ymasligi aniq. Unga qarama-qarshi qanotda Sead Kolashinats raqib himoyachilarini dovdiratib qo‘yishda davom etishi kutilmoqda.

Markaziy himoyada esa Shkodran Mustafi va klubning yangi a’zosi Sokratis “Arsenal”ga mustahkamlik bahsh etishi kutilmoqda. Aynan shu nuqta so‘nggi yillarda o‘z mustahkamligini yo‘qotgan edi. Loran Koselnining jarohati, “qariya” Mertesaker bir amallab bu vazifani uddalab kelayotgan edi. Sokratisning to‘p bilan yaxshi muomala qilishi “to‘pchilar”ga himoyadan turib o‘ynash variantini yaratadi.

Himoyadan oldingi chiziqda Aaron Remzi va Torreyra klubga muvozanatni saqlashga yordam beradi. Ular himoya va hujum chizig‘ini bog‘lashga qodir juftlik bo‘lishi mumkin. Torreyra raqib hujumini buzishda usta bo‘lsa, Remzi hujumga otlangan jamoadoshlariga o‘zining aniq va yaratuvchan uzatmalari bilan ta’minlay oladi. Torreyrani vaqti-vaqti bilan Granit Djaka almashtirishi mumkin.

Va nihoyat hujum chizig‘i. Bu erda to‘rtta gigant iqtidorlar – Genrix Mxitaryan, Mesut O‘zil, Per-Emerik Obameyang va Aleksandr Lyakazettlarni bir vaqtda ko‘rishimiz mumkin. Bunda O‘zil hujumchilar uchun “o‘tish posti” vazifasini bajarsa, Obameyang “jallod”likni o‘z bo‘yniga oladi. Mxitaryan va Lyakazettlar ham shunchaki yugurib yurmasligini isbotlab bo‘lishgan.

2-variant

O‘tgan mavsumda Venger Evropa Ligasi guruh bosqichi doirasida jamoada keng rotatsiyani amalga oshirdi. Frantsiyalik murabbiy o‘zlarini ko‘rsatish uchun asosan yoshlarga imkon berdi. Emeri ham xuddi shu rotatsiyani qayta sinab ko‘rishi mumkin. Bunda u jamoaning yarmini yoshlarga, qolgan qismini tajribali futbolchilarga berib, yosh avlodning katta futbolga moslashishiga imkon yaratib berishi mumkin. Bu haqida basklik murabbiyning o‘zi alohida to‘xtalib o‘tdi: “Yolar masalasiga kelsak, haqli bo‘lganlariga albatta imkoniyat berilishi kerak. Ular imkoniyatga ega bo‘lishsa, jamoadoshlarining ham hurmatini qozonadi. “Arsenal” va uning tarixida yosh futbolchilar doim bunday imkoniyatga ega bo‘lib kelgan.”

Demak, katta bayramlarda – Evropa Ligasi va Liga Kubogi doirasida 25 yoshli Emiliano Martines o‘z omadini sinab ko‘rishi mumkin. Uning oldida tajribali Lixtshtayner va Nacho Monreal, qanot himoyasida yosh iqtidor egalari Chembers va Xolding harakat qilishi mumkin.

Yarim himoyada esa Genduzi – Elneni – Meytland-Naylz uchligi jamoasiga foyda keltirishga harakat qilib ko‘rishadi. Hujumda esa Nelson, Nketiya va Lukas Pereslar “to‘pchilar”ning hisobdan oldinga chiqib olishiga yordam berishi zarur.

3-variant

“Arsenal” hozircha darvoza va himoya chizig‘idagi “teshiklar”ni yopgan bo‘lishsa, keyingi harid orqali hujum chizig‘ini uzoqroq o‘ynaydigan hujumchi bilan yanada kuchaytirishlari mumkin. Bu esa mavsum davomida birorta etakchi futbolchiga bog‘lanib qolish xavfining oldini olishi mumkin. Hozirda Mxitaryan, Aleks Ivobi, Uelbek va tajribasiz Nelsonlar bu vazifani egallashi mumkin, qo‘shimcha variant hech qachon zarar qilmaydi.

Emeri bunday hujumkor tarkib uchun 4-1-2-1-2 o‘yin uslubini tanlashi ham mumkin. Bunday uslubda ispaniyalik murabbiy raqib jarima maydonchasidan sal uzoqda harakat qiladigan hujumchilarsiz o‘ynashi mumkin.

Bunday uslubda darvozani Leno egallasa, himoyada – Belerin, Sokratis, Mavropanos va Kolashinats o‘ynashadi. Ularning oldida Djaka asosiy tarkibda o‘ynashi muqarrar, undan sal oldinroqda Torreyra – Remzi juftligi o‘ynashi mumkin. Bu juftlikdan oldinda esa klub bayroqdori O‘zil o‘z yaratuvchanligi bilan jamoasini oldinga boshlashi kutilmoqda. Hozircha klubda kuzatilmagan juftlik – Obameyang va Lyakazett raqiblarga tahdid solishlari muqarrar. O‘tgan mavsumda ikkala hujumchi umumiy hisobda 27 gol urdi. Garchi Obameyang mavsum yarmida kelib qo‘shilgan, frantsuz hujumchisi esa jarohatlar sabab o‘z sport formasida bo‘lolmadi.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!