
BO‘SM direktori ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi (foto)
O‘g‘il-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etishda, ularning iste’dodlarini shakllanishida, sportga bo‘lgan ishtiyoqni kuchaytirishda, ommaviylikka erishishda bolalar va o‘smirlar sport maktablarining o‘rni beqiyos.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabining ustoz-murabbiylari ham tuman yoshlarini sportga oshno etish yo‘lida jonkuyar. BO‘SMda sportning karate, futbol, erkin kurash, stol tennisi badiiy gimnastika, engil atletika, bel olish kurashi, turon, qo‘l to‘pi, boks, suzish, og‘ir atletika, basketbol, dzyudo, taekvondo, o‘zbek jang san’ati turlari bo‘yicha 2284 nafar o‘g‘il-qizlar muntazam to‘garaklarga qatnashadi. Mashg‘ulotlarda toblanib, irodasi kun-sayin mustahkam bo‘layotgan BO‘SM tarbiyalanuvchilari mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda sovrindorlar safidan munosib o‘rin olib, shoda-shoda medallar bilan qaytayotgani sport maktabining tajribali murabbiylaridan iborat jamoaning mehnatsevarligidan, o‘z kasbining fidoiylari ekanligidan dalolat.
Mazkur BO‘SM direktori Komiljon Odilovni ko‘pchilik sport mutaxassislari yaxshi taniydi. Kamtar inson, sport uning hayoti. Har kuni murabbiylarning sport mashg‘ulotlarini kuzatishdan, ularga kerakli maslahatlarni berishdan charchamaydi. Karate sport turi bo‘yicha murabbiylik faoliyatida o‘nlab shogirdlari jahon va osiyo chempionatlarida kuchlilar qatoridan joy olishga muvaffaq bo‘lgan. U bir necha bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan. 4-DAN qora belbog‘ sohibi. 2010 yildan bo‘yon ushbu BO‘SMga rahbarlik qilib keladi.
5 oktyabr kuni Komiljon Odilov uchun quvonchli kun bo‘ldi. Boisi, shu kuni tumandagi aholi madaniyat va dam olish markazida, murabbiylar, ota-onalar va keng jamoatchilik ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan ta’sis etilgan “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Nishonni Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Abdullaev tantanali tarzda topshirdi.
- E’tirof uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga, sport mutaxassislariga, ustoz-murabbiylarga tashakkur aytaman, - deydi Komiljon Odilov. – Bu ko‘krak nishoni birgina meniki emas, balki butun bir jamoamizniki, deb hisoblayman. Berilgan mukofot bizga mas’uliyat yuklaydi. Farzandlarimizni sport bilan hamnafas bo‘lishida, jismoniy tarbiyani yanada aholi orasida keng ommalashishida, yosh iqtidor egalarini erta aniqlab, katta sport sari yo‘naltirish yo‘lida bor bilim va tajribamizni ishga solishda davom etamiz.
Ilhom RAHMONOV.
Fikrlar