
Birodar Abduraimov: Boshini egib kechirim so‘ragandan ko‘ra darhol ariza yozib ishdan ketmaydimi?
O‘zbek futbolining 20-asrdagi eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan va futbolimizning tirik afsonasi bo‘lib turgan Birodar Abduraimovni hamma taniydi va hurmat qiladi. Hamma vaqt o‘zbek futbolining rivojlanishini istagan mutaxassis bu borada o‘z fikr va munosabatlarini bildirib kelgan. Aytish lozimki, ushbu masalad u kishining aytadigan fikrlari hech kimni bee’tibor qoldirmaydi. Yoshi ulug‘ muxlislar Abduraimovning futbolchilik faoliyatini ham yaxshi eslashadi. Ayniqsa, “Paxtakor”dagi o‘yinlarini maroq bilan eslashadi. Darvoqe, ayni paytda ham Birodar Hasanovich o‘zining jonajon jamoasida faoliyat olib borayotganini ta’kidlashimiz o‘rinli bo‘lardi. U bilan bir qator masalalarda muloqot qilishni rejalashtirib yurgandik. Nihoyat, mustaqillik bayramimiz arafasida Birodar Abduraimov taklifimizga rozi bo‘ldi. Futbolimiz jonkuyari gapni birinchi navbatda xalqimizni mustaqillik bayrami bilan tabriklab, Osiyo o‘yinlaridagi yutuqlarga to‘xtaldi.
“Osiyo o‘yinlaridagi g‘alabalarimiz Mustaqilligimiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi”
- Mustaqilligimizning 27 yillik bayrami bilan barcha o‘zbekistonliklarni tabriklamoqchiman. Mana, ayni paytda Indoneziyada Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tyapti va barchamiz ushbu musobaqani katta qiziqish bilan tomosha qilyapmiz. Sportchilarimizning qo‘lga kiritayotgan medallari mustaqillik bayramimiz uchun xalqimizga munosib sovg‘a bo‘layotgani ham haqiqat. Bokschilarimizga qarang, ularning muvaffaqiyatlari hammamizni quvontirib yubordi, to‘g‘rimi? Bundan tashqari, yana boshqa sportchilarimizning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini aytmaysizmi? Og‘ir atletikachimiz – Ruslan Nuriddinov Osiyo chempioni va rekordchisi bo‘lgani bilan faxrlanamiz. Yoki kanoeda eshkak eshish bo‘yicha sportchimiz Vadim Menkovni olaylik. U ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritib O‘zbekiston nomini munosib himoya qilib, xalqimizni quvontiryapti. Shuningdek, Osiyo o‘yinlari musobaqasiga kiritilgan o‘zbek kurashida ham kurashchilarimizning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlaridan dilimiz yayradi. Borgan sari sportchilarimizning yutuqlari ko‘payib boryapti va hozirda O‘zbekiston kuchli beshlikka kirib olgani juda quvonarli. Lekin futbolchilarimiz...
“Terma jamoamiz gapining ustidan chiqmadi”
Ha, Birodar Hasanovich futbol mavzusiga kelganda bir o‘ksindi. Chunki terma jamoamiz chorak finalda Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy bergan holda musobaqani tark etgandi. Albatta, Osiyo o‘yinlarida futbol alohida mavzuga aylanishi shubhasiz. Shu bois Abduraimov ham boshqa sport turlaridagi muvaffaqiyatlarimiz haqida gapirgach, terma jamoamizga alohida to‘xtaldi va keskin fikrlarni bildirdi.
- Biz boshqa sportchilarimiz kabi futbolchilarimizdan ham muvaffaqiyatlarni kutgandik. Hech bo‘lmasa finalga chiqishni kutgandik. Afsuski, ular o‘zlariga yuklatilgan vazifani uddalay olishmadi. Umuman olganda, terma jamoamizning ishtiroki haqida nima deyish mumkin? Murabbiyni qilgan ishini qarang! Mag‘lubiyatga uchragandan keyin boshini egib kechirim so‘rashi nimasi? Sen murabbiymisan, unda yutqazgandan keyin ariza yozib, ishdan ketmaydimi? Hammani oldida qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzr so‘rab nima qiladi? Bu kimga kerak? Axir yutqazib bo‘lishdi-ku, undan ko‘ra o‘z ixtiyori bilan ishdan ketgani yaxshi-ku! Bunday ishi bilan kimni aldayapti? Tan olish kerak, terma jamoamizning mag‘lubiyati hammamizni xafa qildi. Aslida bizga guruhimizda engil raqiblar tushishgan ekan. Shuning uchun yigitlar guruhda katta qiyinchilikka duch kelishmadi. Ammo Janubiy Koreya bilan uchrashuvda jamoa a’zolariga e’tirozlar bor. O‘sha o‘yinda xuddi javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olgisi kelmagandek tuyuldi. Qolaversa, o‘yinlar paytidagi qizil kartochkalar ham jamoamizda tartib-intizom borasida muammolar borligini ko‘rsatdi. Murabbiy esa albatta bunday kamchiliklarni bartaraf etishi kerak edi. Yana bir gap: hamma bu termamizni olimpiya jamoasi deyishyapti. Ammo bu qanaqasiga olimpiya jamoasi bo‘lsin?! Axir bu o‘z nomi bilan Osiyo o‘yinlari-ku! Shu bois termamizni olimpiya jamoasi demaslik kerak. Biz 1994 yili chempion qilgan jamoa ham olimpiyachilar emasdi. O‘shanda ham haqiqiy terma jamoani olib ketgandik. Shundan beri qachon yana terma jamoamiz chempionlikni qo‘lga kiritarkin deb kutib yashayapmiz. Oradan qancha yillar o‘tdi. Afsuski, hamon o‘sha natija yagonaligicha qolib ketyapti. Bu safargi jamoamizdan esa rostakamiga umidimiz katta edi. Butun xalqimiz yana bir bor jamoamizdan qahramonlik ko‘rsatishini kutishgandi. Muhimi, ularga ishonchimiz katta edi. Osiyo o‘yinlariga ketishdan oldin Toshkentda nima deyishgani yodingizdami? Chempionlikni qo‘lga kiritib qaytamiz deyishgandi. Qani, chempionlik?! Nega gapining ustidan chiqishmadi? Bizda hamma imkoniyat bor edi. Lekin jamoamiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani eplay olmadi. Buni gapirish biz uchun og‘ir. Ammo ulardan muvaffaqiyatni kutgandik-da! O‘zbekiston medallar to‘plash borasida kuchlik beshlikka kirib olgani haqida aytdim. Qaniydi, futbolimiz ham Osiyoda mana shunday kuchli beshlikda bo‘lsa edi?! Endi bo‘lar ish bo‘ldi. Bor e’tiborni 2020 yili Tokioda bo‘ladigan Olimpiada musobaqasiga qaratish kerak. Buning uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlash lozim. Kerak bo‘lsa, termaga boshqa tajribaliroq mutaxassisni olib kelib, unga jamoani ishonib topshirish kerak.
“Klub prezidentining maslahatchisiman”
E’tibor bergan bo‘lsangiz, so‘zimizning boshida Birodar Hasanovichni “Paxtakor” klubida faoliyat olib borayotgani haqida aytib o‘tdik. Bu ma’lumotni hamma ham bilavermaydi. Shuning uchun bu ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lib tuyulgani ham rost. Uning o‘zi “Paxtakor”da aynan qanday lavozimda va nima ish bajarayotgani haqida ma’lumot berib o‘tdi.
- Chindan ham men “Paxtakor” klubida faoliyat olib boryapman. Klub prezidentining maslahatchisiman va konsultant sifatida ham ishlab kelyapman. Shu bilan birga klubdagi har bir futbolchi bilan individual tarzda gaplashib, ularga o‘z maslahatlarimni berib kelmoqdaman. Biz u erda katta bir oilani yarata oldik. Shuningdek, murabbiylar shtabi bilan ham jamoaning o‘yini va istiqbollari xususida o‘zaro fikrlar almashib turamiz. “Paxtakor”da mehnat qilayotgan barcha klubning mavqeini yanada mustahkamlash uchun mehnat qilyapti. “Paxtakor” – bu o‘zbek futbolining faxri va bayroqdori bo‘lib kelgan. Shunday ekan, bunday jamoada ishlashning mas’uliyati ham katta bo‘ladi. Futbolchilik paytimda ham “Paxtakor”da to‘p surib rohatlanardim.
“Alisher Usmonov bilan eski qadrdonlarmiz”
Darvoqe, yana bir muhim yangilik shundaki, “Paxtakor”ga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning vasiylik qilishi, jamoaga yordam ko‘rsatishi borasida xabarlar tarqagandi. Bu esa haqiqatga aylandi. Chindan ham asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Alisher Burxonovich “Paxtakor” va uning istiqboli uchun sarmoya kiritayotgani quvonarli hol. O‘z navbatida Birodar Abduraimov ushbu masala bo‘yicha ham munosabatini bildirib o‘tdi.
- Ha, Rossiya fuqarosi, O‘zbekiston farzandi bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov chindan ham “Paxtakor”ga o‘z yordamini ayamayapti. U klubga investitsiya kirityapti va yangi stadion qurish uchun amaliy yordam ko‘rsatyapti. Shu bois “Paxtakor” katta loyiha ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, klubga murabbiy va futbolchilarning kelishida ham u insonning hissasi bor. Alisher Burxonovichni juda yaxshi bilaman. Ilgari futbol o‘ynab yurgan kezlarimda u “Paxtakor” stadioni atrofida boshqa sport turlari bilan shug‘ullanardi. Uning o‘zini ham bemalol sportchi deb hisoblasak bo‘laveradi. Alisher Burxonovich juda yaxshi inson. “Paxtakor”ni esa doim yaxshi ko‘rib kelgan. Usmonov bilan biz eski qadrdonlarmiz. Bilsangiz, u xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti hisoblanadi. Uch yil oldin Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqada Alisher Usmonovning o‘zi bosh-qosh bo‘lgandi. O‘shanda musobaqa yakuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda birga o‘tirib gaplashgandik. Bir-birimizni juda yaxshi bilamiz. Usmonov hamisha o‘zbekligidan faxrlanadi. Shu sababli hamisha o‘zbek sporti va uning ravnaqi uchun yordam berishga tayyor.
“Paxtakor” bu yil chempion bo‘lishi lozim”
Yana “Paxtakor” mavzusiga qaytadigan bo‘lsak, jamoa chempionlik uchun kurashda davom etmoqda. Chindan ham klub katta loyihaga aylanib boryapti. Bu yilgi mavsumdan jamoada yanada sezilarli o‘sish kuzatilayotgani ham rost. Bunga odddiy misol qilib, stadionda muxlislarning soni ko‘payganini aytishimiz mumkin. Bu borada futbolimiz afsonasi shunday dedi:
- “Paxtakor” doim o‘z oldiga maksimal vazifalarni qo‘yib kelgan. Albatta, maqsad faqat chempionlik va Kubokni qo‘lga kiritishdan iborat. 3-4 kundan so‘ng klub rahbarlari va murabbiylari ishtirokida yig‘ilish bo‘ladi va unda yana bir bor jamoa oldidagi vazifalar haqida gaplashib olinadi. Jamoa birinchi bosqichni yaxshi o‘tkazdi. Endi bor e’tibor ikkinchi bosqichga qaratilgan. “Paxtakor” – bu katta klub. Ishonamanki, jamoa bu yil albatta chempion bo‘lishi lozim. Oldin stadion qanaqa ahvolda edi? Muxlislarsiz huvillab turardi. Hozir esa ishqibozlar yana “Paxtakor” stadioniga qaytishyapti. Shuning uchun jamoa o‘z o‘yinlarini minglab muxlislar qarshisida o‘tkazayotgani quvonarli hol. Bunga esa jamoa ko‘rsatayotgan chiroyli o‘yin ham sabab bo‘lyapti.
“Namanganda ketma-ket uchinchi bor mag‘lub bo‘lmaslik kerak”
Shu o‘rinda milliy chempionatimiz haqida ham Abduraimov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Xabaringiz bor, endi Superligada yuqori va quyi oltilik jamoalari aniqlandi. Ya’ni, “oltin ochkolar” tizimi ishga tushdi. Unga ko‘ra esa “Paxtakor” hozircha 3-o‘ringa tushib qoldi. Ikkinchi bosqichni esa Namanganda “Navbahor”ga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.
- Umuman olganda, joriy yilgi chempionat qiziqarli o‘tayotganiga shubha yo‘q, - deya mavzuni davom ettirdi, Birodar Hasanovich. - Birinchi bosqichda ko‘plab ajoyib o‘yinlarning guvohiga aylandik. Endi bo‘lsa ikkinchi bosqich yanada qiziqarli kechishi aniq. Endilikda klublar ikkiga bo‘linishdi va yuqori oltilikda “Navbahor”ning peshqadamligi ham intriganing oshishiga xizmat qiladi. “Paxtakor” namanganliklardan ikki ochkoga ortda qolyapti. 2-o‘rindagi “Lokomotiv”dan esa bir ochko kam jamg‘arganmiz. Ammo hammasi oldinda ekanligi aniq. “Paxtakor” esa ikkinchi bosqichni Namanganda “Navbahor”ga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Endi “Paxtakor” ketma-ket uchinchi bor Namanganda mag‘lub bo‘lmaydi deb umid qilaman. Chunki o‘tgan yili ham, bu yil ham “Navbahor” maydonida yutqazishdi. Bu safar endi “Paxtakor” a’zolari uchinchi bor mag‘lub holda qaytishga yo‘l qo‘yishmasa kerak. Aminmanki, yuqori va quli oltilikdagi kurash juda jiddiy kechadi. Hammasi faqat oxirgi turlarda hal bo‘ladi. Muhimi, yakunda eng kuchli jamoa g‘olib chiqadi. Bu esa “Paxtakor” bo‘ladi degan umiddaman.
“Kuper? Hamma gap terma jamoaga qanday futbolchilarni tanlab olishdadir”
Shuningdek, futbolda ko‘pni ko‘rgan boy tajribaga ega bo‘lgan Birodar Abduraimovdan milliy terma jamoamizda yaqinda ish boshlagan Ektor Kuper haqida ham so‘ramasak bo‘lmasdi. Har kim o‘z fikrini turlicha bildirayotgan bir paytda uning bu borada qanday munosabatda ekanligini bilish ham biz uchun qiziq tuyuldi.
- Argentinalik Ektor Kuper haqida eshitganman va uning jamoalarini ko‘rganman. Ayniqsa, Ispaniyadagi faoliyatini ko‘pchilik yaxshi eslasa kerak. Albatta, u yaxshi mutaxassis. Ammo uni hali yaqindan yaxshi bilmayman. Hozircha Kuper bilan gaplashganim yo‘q, lekin umid qilamanki, tez orada u bilan yaqindan tanishib olamiz. Hozircha Ektor Kuper futbolchilarimiz bilan yaxshilab tanishib olyapti. Oldindan ushbu murabbiy haqida nimadir deyish noto‘g‘ri. Ya’ni, to‘ydan oldin nog‘ora chalmaylik demoqchiman. Biz uni katta maqsadlar uchun olib keldik. Shu bois uni tinch qo‘yaylik va o‘z ishini qilsin. Hamma gap terma jamoaga qanday futbolchilarni tanlab olishdadir. Oldinda esa terma jamoamiz ishtirokidagi o‘rtoqlik o‘yinlari bor. Kuper esa ushbu uchrashuvlar orqali futbolchilarning imkoniyatlarini ko‘rib oladi va yanada yaqinroq tanishadi. Ammo u terma jamoaga eng munosib o‘yinchilarni to‘plashi lozim. Men ham unga aynan shuni maslahat bergan bo‘lardim. Chunki futbolimizda ko‘pni ko‘rgan, tajribali bo‘lgan mutaxassislar har tomonlama maslahat berishga haqlidirlar.
Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.
Fikrlar