
“Bunyodkor” klubi tarixiga bir nazar
O‘zbek futboliga chaqmoqdek kirib kelgan “Bunyodkor” klubi qisqa vaqt ichida o‘z o‘rniga ega bo‘lishning uddasidan chiqa olgan. 2005 yilning 6 iyul kuni tashkil etilgan jamoa 2005 yilda Toshkent viloyati chempionatida “Quruvchi” nomi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etgan va O‘zbekiston birinchi ligasiga chiqqan. 2006 yilda esa "Quruvchi" birinchi ligada qatnashib, Hikmat Ergashev qo‘l ostida dastlabki urinishdayoq oliy liga yo‘llanmasiga ega bo‘lgan.
2007 yilda Oliy ligada debyut qilgan “Quruvchi” dastlabki urnishdayoq kumush medal sohibiga aylandi. Kubok musobaqasida ham jamoa finalga qadar bordi va “Paxtakor”ga imkoniyatni boy berdi.
2008 yili “Quruvchi” Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U “A” guruhdan joy oldi va birinchi o‘rinda chorak finalga chiqdi. Ushbu bosqichda Eronning “Saypa” klubini mag‘lubiyatga uchratgan “Quruvchi”, yarim finalda Avstraliyaning “Adelaida Yunayted” jamoasiga mag‘lub bo‘ldi. 2008 yilning avgust oyida klub nomini “Bunyodkor”ga almashtirdi. Ushbu yil klubga juda ham omadli keldi. Yoz oxirida “Bunyodkor” sobiq jahon chempioni Rivaldo, braziliyalik Luizao va chililik Vilyanueva bilan shartnoma imzoladi. Bosh murabbiy sifatida taniqli mutaxassis – Ziko taklif etildi. 2008 yili “Bunyodkor” mamlakat chempioniga aylandi va O‘zbekiston Kubogini egasiga aylandi. Osiyo Chempionlar ligasda yarim finaligacha etib bordi. “Bunyodkor” futbolchisi Server Jeparov Osiyoning eng yaxshi futbolchisi, deb tan olindi.
2009 yil "Bunyodkor" milliy chempionatda 30 uchrashuvda 86 ochko jamg‘arib, marraga birinchi bo‘lib etib keldi. Jamoa mavsum davomida birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoaga aylandi. Klub sharafini himoya qilgan braziliyalik Rivaldo raqiblar darvozalariga 19ta to‘p kiritib, chempionat to‘purari degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
2010 yilgi mavsumni Luis Felipe Skolari boshchiligida kutib olgan "Bunyodkor" musobaqalarda raqiblarini dog‘da qoldirishni uddaladi. 2008 yildagi kabi "oltin dubl" takrorlandi.
2011 yil “Bunyodkor” uchun omadli boshlandi. Mirjalol Qosimov mavsumga sezilarli o‘zgargan tarkib bilan kirishdi. Jamoa ishtirok etgan uchala frontda ham muvaffaqiyatli start oldi. O‘zbekiston chempionati va kubogidagi qator g‘alabalar Osiyo Chempionlar ligasi turnirida ham davom ettirildi. “Bunyodkor” mamlakat kubogi yarim finalida omadsizlikka duch kelgan bo‘lsa-da, chempionlik unvonini munosib himoya qila oldi va ketma-ket to‘rtinchi bor O‘zbekistonning chempioniga atalgan oltin medallar bilan taqdirlandi.
2012 yilgi futbol mavsumi yakuniga ko‘ra “Bunyodkor” O‘zbekiston chempionatida kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Kubok bahslarida barcha raqiblarini dog‘da qoldirdi va bosh sovrin klub muzeyidan joy oldi. Ishqibozlarni quvontirgan eng ahamiyatli o‘yinlar Chempionlar ligasi bahslariga to‘g‘ri keldi. Jamoamiz o‘zbek klublari tarixida ilk bora qit’amizning sharqiy mintaqada joylashgan klublariga qarshi o‘ynashiga qaramasdan, guruh bosqichini muvaffaqiyatli bosib o‘tdi va final ostonasigacha etib bordi. Mirjalol Qosimov “Bunyodkor”ni Chempionlar ligasining yarim finaliga ikki marotaba olib kelgan murabbiy sifatida tarixga kirdi.
2013 yil “qaldirg‘ochlar” uchun juda muvaffaqiyatli keldi. Jamoa beshinchi bor O‘zbekiston chempioniga aylandi. Kubokda ham ularga teng keladigan jamoa topilmadi.
2014 yili “Bunyodkor” O‘zbekiston Superkubogida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, o‘z muzeyiga yangi sovrinni olib keldi.
2015 yil “Bunyodkor” tarkibi klub akademiyasi tarbiyalanuvchilari hisobiga keskin yoshartirildi. Yil yakunida “Osiyoning eng yaxshi yosh futbolisi” nominatsiyasining yakuniy laureatlari barchasi “Bunyodkor” jamoasi a’zolari bo‘ldi – Zabihillo O‘rinboev, Eldor Shomurodov va Doston Hamdamov nomzodlari orasida Hamdamov OFK tomonidan eng yaxshisi deb topildi.
2016 yil “qaldirg‘ochlar” mamlakat chempionatining kumush medallari sohiblariga aylanishdi. 2017 va 2018 yilgi mavsumlarda jamoa chempionatda to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Erishgan natijalari
5 karra O‘zbekiston chempioni (2008-2011, 2013)
3 karra O‘zbekiston vitse-chempioni (2007, 2012, 2016)
4 karra O‘zbekiston Kubogi sohibi (2008, 2010, 2012, 2013)
O‘zbekiston Superkubogi sohibi (2014)
2 karra Osiyo Chempionlar ligasi yarim finalchisi (2008, 2012)
Jamoada to‘p surgan mashhur futbolchilar
Rivaldo
Denilson Martins
Baxtiyor Ashurmatov
Edson Ramos
Stevitsa Ristich
Ulug‘bek Baqoev
Pavel Bugalo
Server Jeparov
Temur Kapadze
Viktor Karpenko
Yannis Mandzukas
Ilhom Mo‘minjonov
Aziz Haydarov
Gochkuli Gochkuliev
Yan Kozak
Xose Luis Vilyanueva
Joao Vitor
Devid Karni
Shaker Zaugi
Jamoani boshqargun mashhur murabbiylar
Mirjalol Qosimov
Ziko
Amet Memet
Luis Filipe Skolari
PFL rasmiy saytidan olindi.
Fikrlar