
Daniya va Avstraliya. Uchinchi to‘qnashuvda omad kimga kulib boqadi?
Bugun “Samara Arena”da JCh-2018ning “S” guruhi 2-tur uchrashuvlariga start beriladi. Ushbu guruhda dastlab muxlislar Daniya hamda Avstraliya terma jamoalari to‘qnashuviga guvoh bo‘lishlari mumkin.
FIFA hakamlar qo‘mitasi bu bahsni ispaniyalik Mateu Laos boshchiligidagi hakamlar brigadasiga ishonib topshirgan.
Eslatib o‘tish lozimki, “sokkeruzlar” dastlabki turda mundial g‘olibligiga asosiy da’vogar deya e’tirof etilayotgan Frantsiyaga qarshi bahs yuritishgan edi. O‘sha bahsda musobaqa favoritlariga etarlicha qarshilik ko‘rsata olgan Avstraliya yakunda 2:1 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Qisqa muddatli avlodlar almashinuvidan so‘ng yana mo‘jizalar ko‘rsatish uchun mundialga tashrif buyurgan Daniya terma jamoasi esa yagona gol evaziga Peru terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, dastlabki uch ochkoni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Daniya – Avstraliya qarama-qarshiligi oldidan qiziqarli faktlar:
- Ushbu ikki yurt vakillari shu kunga qadar rasmiy musobaqalarda uch marta to‘qnash kelishgan. Shularning ikkitasida Daniya, birida esa Avstraliyaga omad kulib boqqan;
- Daniya terma jamoasi XXI asrda faqatgina 2ta jahon chempionatida ishtirok etgan. Ularning mundiallardagi eng yaxshi natijasi esa 2002 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda daniyalik futbolchilar musobaqaning chorak finaliga qadar etib kela olishgan.
- Avstraliyani jahon chempionatiga olib kelgan gollandiyalik mutaxassis Bert van Marveyk murabbiylik faoliyati davomida Daniya terma jamoasiga qarshi 2 marta o‘yin o‘tkazgan. Dastlab JCh-2010da Daniyani 2:0 hisobida engan. Keyin esa Evro-2012da 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan. Har ikkala safar ham Gollandiya bosh murabbiyi sifatida o‘yinlarda qatnashgan.
- Avstraliya o‘z tarixida faqat bir marta – 2006 yilgi jahon chempionatida guruhdan chiqa olgan. O‘shanda ularga guruhda Xorvatiya, Braziliya va Yaponiya kabi kuchli terma jamoalar raqiblik qilishgan edi.
Quyida bugungi bahsni asosiy tarkibda boshlashi mumkin bo‘lgan futbolchilar ro‘yxati bilan tanishib olishingiz mumkin:
JCh-2018 “S” guruhi 2-tur.
Daniya – Avstraliya
Boshlanish vaqti: 17:00
Stadion: “Samara Arena”
Bosh hakam: Mateu Laos (Ispaniya)
Daniya: Shmeyxel, Dalsgaard, Kyaer, Kristensen, Larsen, Kvist, Dileyni, Poulsen, Eriksen, Sisto, Yorgensen.
Avstraliya: Rayan, Risdon, Degenek, Seynsberi, Bexich, Muy, Luongo, Rogich, Lekki, Kruz, Nabbut
Fikrlar