
EChL qur’asi: kimga oson, kimga qiyin? (Erkin G‘aybullaev blogi)
Chempionlar Ligasining nimchorak finaliga qur’a tashlanib bo‘lindi va fevral oyining ikkinchi haftasida dastlabki uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qur’a bizga bir-biridan qiziqarli juftliklarni taqdim qildi. Ammo kimlargadir oson, kimgadir qiyin raqibni tuhfa qildi. Xo‘sh, bu safargi qur’a natijalari bo‘yicha kimga foyda, kimga zarar. Dastlbki xulosalar bilan o‘rtoqlashamiz.
G‘olib: Leroy Sane va «Manchester Siti»
Leroy Sane joriy mavsumni turli xil sport formasida boshladi. Uning Yoaxim Lyov tomonidan Jahon Chempionatiga borgan tarkibdan tushib qolish yozda jiddiy ta’sir qilgan ko‘rinadi. Uning tushkunligi klubdagi faoliyatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Biroq vinger yana qaddini rostladi, qattiq mehnat qilishi ortidan Pep Gvardiola jamoasining muhim figurasiga qayta aylanib oldi. Endi esa u o‘zi tarbiya topgan “Shalke”ga qarshi nimchorak finalida o‘zini ko‘rsatishga urinib ko‘radi.
Sane so‘nggi haftalarda gollari va uzatmalari sonini keskin oshirib oldi. Bu bilan u «shaharliklar»ning eng samarali futbolchisiga aylandi. Serxio Aguero, Kevin de Bryuyne, David Silva va Rahim Sterlinglar bilan birga Sane nemis klubini jiddiy sinovdan o‘tkazadi.
Gvardiolaning esa ko‘p jihatdan omadi chopdi. Guruh bosqichida «Shaxtyor», «Lion» va «Xoffenxaym» kabi o‘rtamiyona klublarga qarshi o‘z taktik ishlanmalarini ancha sayqallab oldi. Unda muhim pallalarga kirishdan oldin nisbatan osonroq raqib tushgani jamoasi sport formasini yanada kuchaytirib olishi uchun navbatdagi imkoniyat.
G‘olib: «Real» va «Barselona»
Ayni vaqtda «Real» uchun og‘ir damlar kechmoqda. Ronaldu, Zidan yo‘q! Xulen Lopetegi iste’foga chiqarildi. Biroq ular hamon Chempionlar Ligasida jon saqlamoqda. Bu ularning xususiy musobaqasiga aylanib ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Faqatgina madridliklarning «TsSKA»ga qarshi so‘nggi turda yirik hisobda mag‘lub bo‘lishi dilni xira qiladigan vaziyat bo‘ldi.
Ammo ularning nimchorak finalda «Ayaks»ga qarshi to‘qnash kelishi vaziyatni yumshatmoqda. Gollandiyaliklar guruh bosqichini a’lo kayfiyatda yakunlashdi. O‘z safida dunyoning yosh iste’dodlari – Frenki De Yong va «tilla bola» Matteys De Ligtga egaligi ularda ham imkoniyat saqlanib qolganini oshiradi, xolos.
Biroq «Real» bu «Real». «Santyago Bernabeu»ga EChL doirasida tashrif buyuradiganlar ancha hadiksirab kelishadi.
«Barselona»da ham shunday vaziyat. Kataloniyaliklar guruh bosqichida «Tottenxem», «Inter» va «PSV» kabi jamoalarni jiddiy imtixondan o‘tkazdi. «Lion»ga qarshi bahs ham ularni qo‘rqita olmaydi. Bruno Jenezioning shogirdlari Gvardiolaning «Manchester Siti»sini o‘z uyida mag‘lub etgan bo‘lsada, Messi boshchiligidagi «Barselona»ni mag‘lub etish umuman boshqa-boshqa masala. Frantsuz klubiga qur’a umuman yoqmagani aniq.
Mag‘lub: «Liverpul»
O‘tgan safar qur’a «qizillar»ga kulib boqqandi. Oson guruhdan chiqqan mersisaydliklar «Portu»ga qarshi o‘yinda istagan uslubda istagancha gol urishgandi. Faqatgina chorak finaldan boshlab Yurgen Klopp jamoasi o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsata boshlagandi.
Bu safar ularga oson bo‘lmadi. «Liverpul» guruh bosqichida uch marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Uchchala safar o‘yinida Klopp yutqazdi. Nimchorak finalda esa ular «Bavariya»ga qarshi kurash olib boradi. «Liverpul» o‘ziga ancha ishongan jamoa hisoblanadi, ammo «PSJ» va «Napoli»ga qarshi uchrashuvlarda «qizillar»ning ishtaxasi karnay emasligi sezilib qoldi.
Boz ustiga ular kurashni dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri Virgil Van Deyksiz boshlaydi. Gollandiyalik himoyachining diskvalifikatsiyasi borligi sabab u jamoasiga yordam berolmaydi. Agarda ularga jarohatlar girdobi o‘ralashib qolsa Robert Levandovski osonlikcha jazolashi muqarrar.
Mag‘lub: «Yuventus»
«Atletiko»ga qarshi «jang qilish» navbati endi «Yuventus»ga nasib qildi. Guruh bosqichida «MYu», «Valensiya» va «Yang Boys» to‘sig‘idan osonlikcha o‘tgan italyan klubi nimchorak finalda ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi.
«Keksa sinora» o‘tgan mavsumda «Real»dan taslim bo‘lib musobaqani tark etganidan keyin madridliklarning yulduzi Ronalduni o‘ziga olib keldi. Albatta, «Yuve» «Atletiko»ga qarshi o‘yinda durangdan yaxshiroq natija kutishmoqda. Ammo Simeone qo‘li ostidagi jamoa dunyoning har qanday klubiga munosib qarshilik qila oladi.
Kamiga ular o‘z uy stadioni – «Vanda Metropolitano»da o‘tadigan EChL finalida ishtirok etishni juda-juda istaydi.
Fikrlar