
Erkin G‘aybullaev blogi: La Ligadan uzoqlashgan «Real» EChL ga yaqinlashmoqda
So‘nggi yillarda «Real Madrid»ning tarixi bir xil bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Madridliklar oxirgi besh yil ichida Chempionlar Ligasini yutgan mavsumida La Ligada barqarorlikni topishda qiynalib qolishdi.
La Liganing «Vilyarreal»ga qarshi qoldirilgan uchrashuvida Santyago Solari shogirdlari yangi yilni g‘alaba bilan boshlab «Barselona»ni chempionlik poygasida quvish imkoniyati bor edi. Aksincha «sariq suvosti kemasi»ga qarshi «qirollik klubi» hamon kuchli jamoa emasliklarini yana bir marta namoyish qildi.
Turnir pog‘onasining pastki burchaklarida jon saqlab yurgan klubni madridliklar yutishi shart edi.
2-2 hisobidagi natija ularning foydasiga bo‘lmadi. 2018-yilni Abu Dabida bo‘lib o‘tgan klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatini yutish bilan yakunlagan «qaymoqranglilar» 2019-yilni qoniqarsiz tarzda boshlashdi.
«Haqiqatga qaytish» – deya izohladi AS nashri Solarining durangidan keyin. 17-turdan keyin madridliklar azaliy raqibidan naq etti ochkoga ortda qolib ketmoqda.
Marca ning reaktsiyasi esa undan ham yomonroq bo‘ldi. «La Ligadan voz kechishga qaror qilishdi» – deya yozdi poytaxt nashri. So‘nggi o‘n yillikda klub chempionlikka bo‘lgan intilishini butkul yo‘qotib bormoqda.
Oktyabr oyi oxiridan Xulen Lopetegidan jamoani qabul qilib olgan Solari ruxiyat va natijalar bo‘yicha ancha muvaffaqiyatga erishgandi. Ammo ular namoyish qilgan o‘yin shuni ko‘rsatdiki, ular yana eski muammolariga qaytishgan.
«Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda Marselo yana bir marta o‘z o‘yinini namoyish qilolmadi. Braziliyalik futbolchi o‘z standartidan past bo‘lgan o‘yinni ko‘rsatmqoda. Oxirgi o‘yinda ham aynan uning qo‘pol xatolari Santi Kasorlaga ikki marta gol urishiga sabab bo‘ldi.
Chap qanot himoyachisining tartibsiz himoyalanishi madridliklarga qimmatga tushdi. O‘tgan avgust oyida Ispaniya Superkubogida «Atletiko»ga qarshi boshlangan ish La Ligada davom etib kelmoqda. Agarda «Real» mavsum yakunida sovrinlar yutishni istasa hoziroq bunaqangi o‘yinini to‘xtatishi shart.
Yarim himoyada Kazemironing qaytishi himoyani biroz kuchaytirgandek bo‘ldi. Dekabr oyida ajoyib o‘yinlarini namoyish qilgan Markos Lorente esa yo‘qolib qoldi.
Uchrashuv Garet Beylning navbatdagi jarohatini olgani bilan ham yodda qoldi.
«Hammasi o‘z qo‘limizda edi. Biz o‘yinni ertaroq so‘ndirishimiz zarur edi. Ammo ular bosim uyushtirishdi va hisobni tenglashtirishdi. Ularga ochko zarur edi va ko‘plab hujumlar uyushtirdi. Biz esa Beylning chiqib ketishiga bog‘lanib qoldik» – dedi Solari o‘yindan keyin bergan intervyusida.
Vinger raqibdan zarbani qabul qilib oldi va tanaffusda almashtirildi. Ikkinchi taymda esa «Real» usiz xavfli vaziyatlar yaratishda qiynaldi. Yaratilgan vaziyatlar esa yana ko‘kka sovurildi. Ayniqsa Lukas Vaskesning Serxi Asenxo qo‘riqlayotgan darvozaga gol urish uchun qulay vaziyatdan foydalan olmagani muxlislarni qattiq ranjitdi. Benzema ham bir o‘zi hech narsa qilolmadi.
«Tanqidlar adolatdanmas, deb o‘ylayman. Biz ko‘p tanqid qilingan davrlar bo‘ldi, muxlislar bizga ishonishmadi. Ammo oxirida biz vaziyatni o‘zgartira oldik va Chempionlar Ligasi, chempionatni va KO‘JCh ni qo‘lga kiritdik» – deydi Lukas o‘yindan keyin.
Ichki chempionatni yutish madridliklar uchun tobora qiyin bo‘lib bormoqda. So‘nggi 10 yilda ular atigi ikki marta La Ligani yutib oldi. Hatto Krishtianu Ronaldu jamoada ekanligida ham «Real» ichki musobaqada ham humkronlik qilishning uddasidan chiqolmagan.
Portugaliyalik yulduz «Yuventus»da javlonurayotgan bir paytda bu vazifa yanada qiyinlashgandek. Beylning sog‘lig‘i muammosi davom etmoqda, Marselo o‘z o‘yinini yo‘qotib bormoqda, boshqa futbolchilar sport formasida emas, zaxirada esa hujumor muqobillarning etishmasligi kabi sabablar klubga yozda, hatto yanvardan boshlab tarkibni jiddiy kuchaytirish borasida ish olib borishlari kerakligini anglatadi.
Chempionat tugashiga 21 tur qolgan bo‘lsada, kataloniyaliklardan 7 ochkoga ortda qolish ko‘p narsani anglatadi va Chempionlar Ligasi ular uchun navbatdagi bor muhim turnirga aylanishi kutilmoqda.
Fikrlar