Erkin G‘aybullaev blogida: Premer Liga: «taktik yurishlar»ga atalgan derbilar oqshomi​

  • 3 dekabr, 2018, 19:11
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Angliya Premer Ligasining so‘nggi turida bir necha qiziqarli bellashuvlar, derbilar bo‘lib o‘tdi va unda bosh murabbiylarning taktikalari samarali tarzda ishlaganining guvohiga aylandik. Demak, eng muhimlariga nazar solamiz.

Tecno

«Arsenal» ustozi Unay Emeri Maurisio Pochettinoni taktik ishlanmalari bilan mag‘lub etdi va yutqazayotgan jamoasini yakunda g‘alaba qozonishiga sababchi bo‘ldi.

Turning eng shiddatli taktik jangi «Etihad Stedium»da bo‘lib o‘tdi. Ispaniyalik murabbiy ikkinchi bo‘limda kiritilgan ikki muhim gol evaziga g‘alabani ilib ketdi. Birinchi bo‘limda, Ivobi – Kolashinats hamkorligi undan oldingi turda bo‘lganidek yaxshi ishladi, ammo «Tottenxem»ning hujum uchligi dastlabki bo‘limda ularning ustidan yanchib o‘tishdi. «To‘pchilar»ning uch kishilik himoyasi «taqachilar»ning yarim himoyasi bosimiga dosh berolmadi.

Emeri qilgan xatosini tezda tushunib etdi va ikkinchi bo‘limda Aleksandr Lyakazett va Aaron Remzilarni «jang»ga tashlash bilan xatosini tuzatdi. Remzining ikki tezkor futbolchi ortida harakatlanishi ortidan 3-4-3 o‘yin sxemasi 3-4-1-2 ga o‘zgardi.

Remzi esa jamoasi hujumlarini tashkillashtirishda jonbozlik ko‘rsatdi va Obameyangning dublida unga golli pasni uzatdi.

Pochettino esa hamkasbining tuzatishidan keyin darhol Dayerni orqaga tashladi va u ham 3-4-1-2 o‘yin uslubiga o‘tib oldi. Bunga javoban, Emeri Mustafining o‘rniga Gendduzini maydonga tushirdi va 4-4-2 romb shakliga o‘tib oldi. Bunday sxema «taqachilar»ning uch kishilik himoyasini yanchib tashladi.

Remzining aqlli harakatlanishi va Dayerning kuchsiz himoyalanishi uchinchi gol o‘tkazib yuborishiga olib keldi.

Shu tariqa Emeri yaqin o‘tmishda Premer Liganing eng yaxshi strateglaridan biriga aylanib oldi.

Mourinoning «himoyaviy mo‘jiza»si

Joze Mourino Premer Liganing yangi mavsumida beqaror o‘yin ko‘rsatayotgan «Sautgempton»ga qarshi eng g‘alati sxemasini qo‘lladi.

U uch kishilik himoyachilar bilan birga asosiy tarkibda Maruan Fellayni va Ander Errerani maydonga tushirdi. Shu tariqa «Manchester Yunayted»ning tarkibida etti himoyaviy futbolchilar paydo bo‘ldi. Qiziq!

Bu esa albatta himoya va hujumni bog‘lashga halal berdi. Maydonda ikki hujumchi – Markus Reshford, Romelu Lukaku va qolganlar bor edi. Bundan albatta eng ko‘p jabr ko‘rgan Pol Pogba bo‘ldi. Frantsiyalik himoyachi ko‘p vaqtini to‘pni qidirib topish bilan o‘tkazdi.

Mourinoning qo‘rqoqlarcha bunday uslubda harakatlanishi «Sautgempton»ni ruxlantirib yubordi. Birinchi gol «qizil iblislar»ning himoyadagi sarosimasidan unumli foydalangan holda kiritildi.

Ikkinchi bo‘limda esa portugaliyalik murabbiy faqat hujumchilarni maydonga tashlab o‘yinni qutqarib qolishga intildi.

Marsyal va Lingarda maydonda harakatlanayotgan Lukaku va Reshfordlarga ko‘mak berishdi.

«G‘arbiy London» derbisidagi kapitulyatsiya

«Stemford Bridj» maydoniga endigina tushgan «Fulxem» to‘rtinchi daqiqadayoq Pedroning tezkor goli evaziga karaxt axvolga tushib qoldi. «Chelsi» birinchi bo‘limdayoq derbi taqdirini hal qilib qo‘ya qoldi.

«Fulxem»ning mezbonlar yarim himoyachilariga qarshi o‘ynay olmasligi Klaudio Raneri mashg‘ulotlarga zo‘r berib tayyorlanishi kerakligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Jorjino 87 uzatmani amalga oshirgan bir pallada Tom Keyrni unga to‘g‘anoq bo‘lolmadi. Mehmonlar Jorjino va Kovachich bilan o‘ralashib qolgan bir paytda Ngolo Kante yangi pozitsiyasida yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishga kirishib ketdi.

Xullas, «Fulxem» hali muammolar girdobida va o‘z echimini kutayotgan masalalar etarlicha ekanligi barchaga namoyon bo‘ldi. Ularga nafaqat kuchli taktika, balki, o‘yin vaqtidagi qo‘pol xatolar ham sabab bo‘ldi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!