Germaniya taslim bo‘ldi yoxud “qora an’ana” davom etmoqda

  • 28 iyun, 2018, 13:43
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Amaldagi jahon chempionlari kecha Qozonda Janubiy Koreya termasidan kutilmaganda sensatsion mag‘lubiyatga uchradi va musobaqa bilan xayrlashgani etmaganday, guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi.

Tecno

Toni Kroosning 95-daqiqada Shvetsiyaga urgan chiroyli goli “nemis mashinasi”ga pley-off uchqunlarini taqdim qilgan edi. Ammo ular Osiyo qit’asi vakili Janubiy Koreyadan 2-0 hisobidagi mag‘lubiyatni qabuli qildi va 80-yillik anti-rekordini qayd etdi. Ular shuncha yil ichida birinchi bor Mundialni guruh bosqichidayoq to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Haqiqatdan ham nemislar guruhdan chiqishga arziydigan o‘yin ko‘rsatishgani yo‘q.

Ular Shvetsiya va Meksikadan mag‘lubiyatga uchrab musobaqa bilan ancha erta xayrlashgan “yaralangan” Janubiy Koreya to‘sig‘idan o‘ta olmadi.

Yoaxim Lyov milliy terma jamoadagi 12 yillik boshqaruvi ostida biror bir musobaqada yarim finaldan quyida qolib ketmagan edi. Biroq ushbu Mundialda biz boshqacha Germaniyani ko‘rdik. Ular dastlabki ikki turda atigi uch ochko olishga muvaffaq bo‘ldi.

Koreyaga qarshi bahsda esa yarim himoyada ancha sust harakat qildi. Osiyoliklar esa aksincha dahshatli ko‘rinish hosil qildi. Lyov shogirdlari to‘pni hujum chizig‘i vakillariga etkazib berishda ancha ter to‘kishlariga to‘g‘ri keldi.

Joshua Kimmixning o‘ng qanotdan amalga oshirgan “yurishlari” “Bavariya”da bajarganidek chiqmadi. Timo Verner va Marko Royslarning o‘z pozitsiyalarini biroz o‘zgartirishi ham natija bermadi.

Ikkinchi bo‘limda Mario Gomesning so‘nggi 30 daqiqada maydonga tushirilishi nemislarga hujumda ancha faol ishtirok etishiga ta’sir ko‘rsatdi. Ammo koreyaliklar himoyasi ham nemislarning hujumiga dosh bera oldi.

Qolaversa, “Mannshaft” vakillari o‘rtasida bog‘liqlik ham uzilib qolgani yaqqol ko‘zga tashlandi. Roys va Gomes ortida harakat qilgan Mesut O‘zilning uzatmalari hadeganda o‘z egasiga etib bormadi.

“Arsenal” etakchisi so‘nggi vaziyatni hal qiluvchi jamoadoshlariga aniq uzatmalarni oshirishda ancha qiynaldi. Son Hyon-Min esa Niklas Zyule va Mats Xummelslarning xatosidan unumli foydalandi.

Janubiy Koreya yutishga haqli o‘yin ko‘rsatdi, ammo eng achinarlisi Germaniya mag‘lubiyatga loyiq o‘yin namoyish qildi.

Butun dunyo so‘nggi daqiqalarda koreyaliklar qanday qilib gollar urganini ancha vaqt eslab yuradi. Mundiallardagi chempionlar qismati – Frantsiya, Italiya, Ispaniya boshiga tushgan “qora kunlar” mana endi navbatdagi evropalik chempionlar boshiga tushdi.

Germaniya musobaqani boshini eggan holda tark etishi ko‘pchilik futbol ishqibozlarini ranjitgani aniq.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!