Inestaning noma’lum qirralari

  • 26 aprel, 2017, 13:30
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

1984 yilda Ispaniyaning Fuentealbilya qishlog‘ida oltita o‘g‘il dunyoga keldi.Hozirda ulardan biri avtomexanik, biri mototsikllar tuzatadi, boshqasi esa vodoprovodchi. Xushchaqchaqligi bilan ular orasida ajralib turgan Andres esa o‘n ikki yoshidayoq Barselonaga ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib keldi. La Masiyaga taklifnoma qog‘ozi kelganda Inesta borishdan bosh tortdi. Ota-onasiga quruqqina qilib bormasligini aytdi. Shunda otasi bunday imkoniyatdan voz kechish katta xato ekanligini tushuntirdi. “Men ketishni aslo istamasdim, ammo otam bir narsaga astoydil  undayaptimi, demak, shu ishni qilish shart ekanligini his etardim”, deb eslaydi Inesta.

Tecno

Andres dastlab Barselonaga onasi, otasi, bobosi bilan kelgandi. Ular Andresni qo‘llab-quvvatlash maqsadida shunday qilishgan edi. Uni akademiyaga joylab, ortga qaytishdi. Barselonadagi birinchi tunni hayotidagi eng dahshatli kecha, deb eslaydi u. Otasi ham undan kam aziyat chekmagandi. O‘g‘lining yosh bo‘lishiga qaramay endi to‘laqonli mustaqil bo‘lishini o‘ylab, hayajonga tushardi.

“Dastlabki oylarda oilamdan uzoqda juda ham qiynaldim. Kechalari yig‘lab chiqqanman hatto. Biroq keyinchalik elkamda katta ma’suliyat turganini, oilam ishonchini oqlashim kerakligini angladim. Futbolni tanlagan ekansan, oxirigacha borishing shart, deya o‘zimga dalda berardim”.

2000 yillarda Ispaniya internet tarmoqlarida hamma Inesta bolalaligidanoq “Real”ni yaxshi ko‘rgan, shuning uchun Barselonaga borishni istamagan, deya bongurardi. Bularning barchasi noto‘g‘ri edi.

Inestaning La Masiyadagi faoliyati shiddat bilan o‘sib borardi. O‘n olti yoshidayoq u asosiy tarkibga qo‘shildi. U shunchalik yaxshi o‘ynardiki, Xosep Gvardiola Xaviga ta’kidlardi:”Sen mening o‘rnimni egallaysan, Andres esa hammaning o‘rnini egallab oladi”.

Haqiqatdan ham shunday bo‘lib chiqdi...

Albasetening birinchi raqamli odami

Inestani Albasete provintsiyasining (sports.uz tahr.) ispan madaniyatidagi bosh vakili deya e’tirof etishadi.

Muvaffaqiyatli o‘yinlarining biridan so‘ng Andres kameraga qarab: “Olg‘a, Barselona! Olg‘a, Kataloniya! Olg‘a, Fuentealbilya!” deb xitob qilgan, va shundan so‘ng minglab odamlar bu mitti qishlog‘iga qiziqib qolishgan edi. Qishlogida “Barselona” yozuvi tushirilgan futbolkali mehmonlar paydo bo‘la boshladi.

Bir necha yil avval bu erda Chempionat-2010 da hal qiluvchi golni kiritgan, umuman Fuentealbilyada tug‘ilgan eng mashhur shaxs sifatida Inestaning haykali o‘rnatildi. Qirq yil muqaddam bobosi ochgan bar Andresning g‘alabalarini o‘z bag‘rida jamlagan  muzeyga aylantirildi. 2008 yilda Andres mahalliy maktablardan biriga o‘quvchilar uchun royal sovg‘a qilganida butun Albasete aholisining mehrini qozongan edi.

Ko‘pchilikka ma’lum emas, ammo Inesta “Albasete” klubining aktsioneri hamdir. 2011 yilda u klub aktsiyalarini sotib olish uchun 420ming evro sarfladi, 2013 yili esa klub qarzlarini to‘lash uchun 200 ming evro ajratdi. Agar u bo‘lmanganida “Albasete” o‘z faoliyatini tugatishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi.

“Kataloniyada 20 yildan beri yashayman, oilam ham shu erda. Fuentealbilyada tug‘ilgan bo‘lsam ham o‘zimni ham ispan, ham kataloniyalik deb hisoblayman”, deydi Andres.

Inestadan vinolar

“Albasete” aktsiyalarini sotib olishdan avval, 2010 yilda tug‘ilgan provintsiyasidagi La Bodega vino ishlab chiqarish korxonasiga pul tikkan edi. Uni hozir otasi Xose Antonio yurgizib kelmoqda. Korxona yiliga taxminan 700 ming shisha oq, qizil, pushti, shampan vinolarini ishlab chiqaradi.

Korxona xodimlarining ta’kidlashicha, bu erdagi qulay iqlim sharoiti, tuproqning yuqori unumdorligi, yog‘imgarchilikning kamligiyu quyosh nurlarining serobligi vino ishlab chiqarishda qo‘l keladi.

“Odamlarning turli gaplariga qaramay, bizda ulkan sanoat zavodi yo‘q. Bu shunchaki oilaviy xobbi, xolos”, deydi vino tarqatish bo‘yicha mas’ul Karlos Ferandes.

 Inestaning mashhurligiga qaramay, vino sanoati foyda keltirayotgani yo‘q. Andresning o‘zi bu oilaviy biznesdan har qanday holatda ham voz kechmoqchi emas, u buni oila an’analari bilan bog‘laydi: “O‘zim tug‘ilib o‘sgan, oilam bunyod bo‘lgan zaminda vino xobbisi bilan shug‘ullanish menga zavq bag‘ishlaydi. Bu tuyg‘uni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi”.

Saodat Abduraxmanova tarjimasi

Manba: sports.ru

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!