Islom birdamlik o‘yinlari: Milliy Olimpiya qo‘mitasi sovrindor sportchilarni Bokuda mukofotlamoqda

CHERY AUTO

Ozarbayjon poytaxtida davom etayotgan IV “Islom birdamlik o‘yinlari”ning kechagi kun bahslarida delegatsiyamiz a’zolari 4 ta oltin, 3 ta kumush, 6 ta bronza jami 13 ta medal qo‘lga kiritishdi. Xabar berib o‘tganimizdek, bir kun avval sportchilarimiz tomonidan 8 ta medal jamg‘arilgandi. Demak, dastlabki 3 kun natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari umumiy, 21 ta medal bilan Ozarbayjon va Turkiya terma jamoalaridan so‘ng kuchli uchlikka kirib olishdi. 

Tecno

Delegatsiyamiz hisobiga karatechimiz Sadriddin Saymatovdan so‘ng ikkinchi oltinni dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasida -70 kg. vazn toifasida kurash olib borgan Gulnoza Matniyozova keltirdi. Gulnoza hal qiluvchi final jangida turkiyalik Sukran Bakachak ustidan zafar quchib shohsupaning eng yuqorisidan o‘rin egalladi. 

Shundan so‘ng, badiiy gimnastikachi qizlarimizning benefisi boshlandi. Yakkalik bahslari yakuniga ko‘ra, Anastasiya Serdyukova va Sabina Tashkenbaevalar koptok, xalqa, bulava va lenta bo‘yicha o‘tkazilgan finallarning barchasida sovrindorlar orasiga kira olishdi. 

Jumladan, Serdyukova bulavada bajarilgan mashqlar yakuniga ko‘ra, eng yaxshi natijani qayd etdi va delegatsiyamiz hisobiga uchinchi oltin medalni taqdim etdi. Anastasiya shuningdek xalqa va koptokda bajarilgan mashqlarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib ikkita kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Sabina Tashkenbaeva esa bulava va lentada o‘tkazilgan mashqlarda sovrindorlar safidan joy oldi. Hamyurtimiz har ikkala yo‘nalishda bronza medallariga ega chiqdi. 

To‘rtinchi va beshinchi oltinni para-dzyudochilarimiz keltirishdi. Vazni 90 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida Shuhrat Boboev finalga qadar barcha raqiblarini taslim etib, hal qiluvchi bahsda mezbonlar vakili R. Safarovning ham kuragini erga tekkizdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.

100 kilogrammdan yuqori vaznga ega polvonlar bellashuvida esa Shirin Sharipov finalda eronlik Musanejotkarim ustidan g‘alaba qozonib, delegatsiyamiz hisobiga beshinchi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Yana bir para-dzyudochimiz Feruz Sayidov esa final jangida ozarbayjonlik N. Talibovga imkoniyatni boy berib kumush medal bilan cheklandi. Ammo, shunga qaramay, Feruz musobaqani yuqori saviyada o‘tkazganligini tan olish lozim. Faqatgina hal qiluvchi bahsda unga biroz omad etishmadi. Aks holda kechaning o‘zida oltinlarimiz soni 6 taga etishi turgan gap edi. 

Shuningdek, og‘ir atletika bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida 58 kg. vazn toifasida ishtirok etgan Muattar Nabieva, dzyudo bo‘yicha 81 kg. vazn toifasida kurash olib borgan Davlatbek Bobonov va 100 kg ziyod polvonlar bahsida Bekmurod Oltiboev, karate bo‘yicha 84 kg. vaznli sportchilar bellashuvida Abdulaziz Atabaevlar bronza medaliga sazovor bo‘lishdi. 

Demak ayni vaqtga qadar quyidagi sportchilarimiz IV “Islom birdamlik o‘yinlarida medallarga sazovor bo‘lishdi: 

Sadriddin Saymatov – (karate, -60 kg.) - oltin 

Gulnoza Matniyozova – (dyuzdo, -70 kg.)    - oltin 

Anastasiya Serdyukova (badiiy gimnastika) - oltin

Shuhrat Boboev (para-dzyudo, -90 kg.) - oltin

Shirin Sharipov (para-dzyudo, +100 kg.) - oltin 

Badiiy gimnastika (terma jamoa) - kumush

Anastasiya Serdyukova (badiiy gimnastika) - kumush (2 ta)

Feruz Sayidov (para-dzyudo, -73 kg.) - kumush

Saidxon Sayfuddinov (o‘q otish) - bronza

Sakina Mamedova (o‘q otish) - bronza

Diyorbek O‘rozboev (dzyudo, -60 kg.) - bronza

Gulruh Rahimova (para-dzyudo, -70 kg.) - bronza

Dostonbek Otabolaev (karate, 75 kg.) - bronza 

Barno Mirzaeva (karate, -61 kg.)    - bronza 

Abdulaziz Atabaev (karate,    -84 kg.)    - bronza 

Sabina Tashkenbaeva (badiiy gimnastika)    - bronza (2 ta)

Muattar Nabieva (og‘ir atletika, -58 kg.)    - bronza

Davlatbek Bobonov (dzyudo,    -81 kg.)    - bronza

Bekmurod Oltiboev (dzyudo,    +100 kg.)    - bronza

Har kuni musobaqalar tugagach O‘zbekiston delegatsiyasi shtabida o‘ziga hos yig‘ilish o‘tkazilib, unda kun davomida muvaffaqiyatga erishgan sportchilarni delegatsiyamiz nomidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov qutlamoqda. 

Bu ham o‘z navbatida sportchilar kuchiga kuch qo‘shishi, ularni yanada jipslashtirishi, qolaversa boshqa sportchilarimizga ham ma’naviy jihatdan stimul bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Musobaqalar davom etadi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!