
Krishtianu Ronalduning biznes-imperiyasi
O‘tgan yil hisoblariga ko‘ra, Forbs jurnali “Real” hujumchisini eng ko‘p pul to‘lanadigan sportchi deya e’tirof etdi.
Klub va boshqa sport tashkilotlari bilan shartnomasi unga 52 million evro keltirdi. Qo‘shimcha savdo bilan aloqador “xobbi”laridan esa 30 million evro foyda ko‘rdi. Bu ko‘rsatkich sayyoramizning eng boy basketbolchisi Lebron Jeymsning daromadiga qararganda 10 million yuqoridir.
Reklama shartnomalari
Hamkorlari orasida Krishtiano “Nike” bilan eng yaxshi aloqani yo‘lga qo‘ygan. Futbolchi 18 yoshidan beri bu firmaning “qaramog‘ida”. Yaqinda Ronalduning tashkilot bilan tuzgan yiliga 22.5 mln evro miqdoridagi butun umrlik shartnomasi ular hamkorligining yana bir mahsulidir.
Ronaldu Maykl Jordan va Lebron Jeymsdan keyin uchinchi bo‘lib “Nike” bilan butun umrlik shartnoma belgilagan shaxs bo‘ldi. Krishtianuning internetdagi mashhurligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, Amerikaning bu tashkiloti sportchi bilan hamkorligidan ancha-muncha foyda topadi.
Ronaldu internetning sport segmentida etakchilikni hech kimga bermasdan saqlab turibdi.
Facebookda 120.5 mln layk(dunyo bo‘yicha rekord), Instagramda 96.3 mln va Twitterda 51.1 mln a’zosiga ega. Birgina 2016 yilnig o‘zida uning tarmoqdagi auditoriyasi 65 mlnga etdi.
Ronalduning boshqa hamkorlari bilan kelishuvlari bunchalik keng miqyosga ega emas. 2009 yilda Armani bilan 1 mln evro miqdorda shartnoma tuzildi va bu 2019 yilgacha davom etadi. Motor uchun yog‘lar ishlab chiqaruvchi Castrol firmasi bilan hamkorlik esa unga yiliga 6 mln evro daromad keltiradi.
Uch yildan beri sportchi Tag Heur qo‘l soat brendi bilan kelishuv odib boradi. Buning zaminida faqatgina foyda ko‘rish emas, balki Krishtianuning sifatli qo‘l soatlariga bo‘lgan havasi ham yotadi. U 50 xil modeldagi soatlar kollektsiyasini to‘plagan. Shuningdek, 2014-yilda “Real”dagi do‘stlariga soat sovg‘a qilgan va bu unga 8 ming evroga tushgan edi.
Ta’kidlash joizki, portugaliyalikning barcha shartnomalari ham shov-shuv bo‘lgani yo‘q. 2013- yilda uning KFC fastfud firmasi bilan 2 mln. evroga tuzgan kelishuvi muxlislar e’tiroziga sabab bo‘lgan edi. Axir to‘g‘ri ovqatlanish me’yorlarini har narsadan ustun qo‘yuvchi futbolchi tarkibi noma’lum fastfudlarni reklama qilsa, hayron qolmay bo‘ladimi?
Ronaldu shuningdek, Clear shampun ishlab chiqaruvchisi, Emirates aviakompaniyasi, StarsPoker onlayn o‘yini, Soccerade ichimlik firmasi bilan ham hamkorlik qiladi.
Futboldan bo‘sh paytida sportchi o‘zini CR7 brendi ostidagi shaxsiy biznesiga bag‘ishlaydi.
Brend asosan kiyimlar ishlab chiqarardi. Dastlab ichki kiyim (25 evro) va paypoqlar(12 evro) tayyorlangan, keyinchalik kiyimlar (65 evrodan boshlanadi) ham qo‘shildi. Brendning eng qimmat mahsuloti bu – qiymati 107 evrodan boshlanuvchi oyoq kiyimlaridir.
CR7 brendi ostida chiquvchi choyshablar, 60 evroga baholanuvchi sovun ham xaridorlar orasida mashhur.
Bu mahsulotlar Ronalduga yiliga 6-10 mln evro daromad keltiradi.
Biznesni kengaytirish muxlislar auditoriyasiga bog‘liq, bu esa o‘z navbatida yangi g‘alabalarni talab etadi. Ronaldu bu borada ham ortda qolayotgani yo‘q. 2016 yili Evropaning eng yirik sovrinlarini, shuningdek “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi.
Serdaromad biznesning muvaffaqiyati sabablaridan biri PR bilan bog‘liq. Hujumchi hayoti haqidagi hujjatli film uning biografiyasi haqida noma’lum ma’lumotlarni taqdim qilish bilan bir qatorda, anchagina daromad ham keltirdi.
Digital sohasini ham Ronaldu unutgani yo‘q. Sportchinig rakamini o‘z suratingiz oldiga qo‘yish imkonini beruvchi CR7 Selfie dasturi ham muxlislarni xursand qildi.
Krishtianuning eng yirik PR-loyihasi bu, albatta, 2013 yili Madeyra orolida ochilgan muzey bo‘ldi. 400 kvadrat metr maydonni egallagan muzey Ronalduning sportga ilk bor kirib kelgan paytidan boshlangan butun boshli davr haqida hikoya qiladi. 2017 yil mart oyi oxirida esa portugaliyalik yana bir PR-loyihaga qo‘l urdi: Madeyra orolining markaziy aeroporti uning ismi bilan nomlandi.
Mehmonxonalar va mashg‘ulot zallari
Yaqinda Kishtianu Pestana Hotels mehmonxonalar tarmog‘i bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Madrid, Madeyra, Lissabon va Nyu-Yorkda CR7 brendi nomi ostida paydo bo‘lgan mehmonxonalar bu hamkorliing mahsuli. Ushbu loyiha uchun 75 mln evro ajratildi. Ronaldu loyihaning 50 foiz aktsiyasiga egalik qiladi.
“Bu mening biznesimdagi keskin burilish bo‘ldi. Men bu sohada ilk bor ishlayapman. Barcha harakatlarim bir maqsadga yo‘naltirilgan: Oilamning kelajagini ta’minlash”, deya loyihani izohlaydi Krishtiano.
2017 yil avvalida Madridda CR7 brendi ostida Crunch Fitness mashg‘ulot zali ochildi. Amerika savdo tashkilotlaridan biri Evropa bozorini bu mashhur sportchi bilan hamkorlik qilish orqali zabt etishga qaror qildi. Xuddi shunday zallardan yana ikkitasi yil oxirigacha qurilishi ko‘zlanmoqda.
2012 yilda Ronaldu Mobitto dasturiga investitsiya kiritdi. Bu dastur turli savdo nuqtalarida qulay narxdagi tovarlarni izlab topishda ko‘mak beradi.
Soliqdagi muammolar
Muvaffaqiyat kalitini qo‘lga kiritgan har qanday biznesmenda bo‘lganidek, Krishtianu ham soliqlarni to‘lamaslik bilan bog‘liq ayblovlarga ko‘p bor duch kelgan. 2014 yilda Ispaniya sportchilari hukumat xazinasiga daromadlarining 24.7 foizini ajratishgan bo‘lsa, keyinchalik bu ko‘rsatkich davlat tomonidan 43% ga oshirildi.
Mendesh tomonidan taqdim etilgan sxemaga ko‘ra Ronaldu reklama bilan bog‘liq loyihalarini vositachilar yordamida offshor kompaniyalar orkali daromad solig‘i 12.5 % bo‘lgan Irlandiyada amalga oshira boshladi va bu unga 75 mln evroni iqtisod qilishga yordam berdi.
Sportchi o‘ziga qo‘yiladigan ayblovlarni inkor etish bilan birga astoydil xafa bo‘lganini ham izhor etadi:
“Qamoqxonalarda nohaq saqlananyotgan ko‘plab mahbuslar bor. Meni tovlamachilikda ayblashganida o‘zimni shulardan biridek his qilaman. Yomon ishga qo‘l urmaganing holda seni qonunni buzishda ayblashsa, hech kimga yoqmaydi, albatta”.
Afsonaviy portugaliyalik hujumchi dunyoning eng boy sportchisiga aylanib ulgurdi, biroq ko‘p pul topadigan mashhurlar reytingida u hozircha to‘rtinchi o‘rinda.
Saodat Abduraxmanova tarjimasi
Manba: sports.ru
Fikrlar