Morata «Chelsi»ning navbatdagi Torresimi?
So‘nggi bir yildan beri Fernando Torres bilan taqqoslanib kelinayotgan Alvaro Morata vatandoshidan ham yomonroq transfer bo‘lishga tobora yaqinlashib bormoqda.
Torres kabi Morata «Chelsi»ning transfer rekordini yangiladi. U 2017-yilda «Real Madrid»dan 58 million funt (75 million AQSh dollar) evaziga «aristokratlar» safiga ko‘chib o‘tgandi.
«Stemford Bridj»dagi yangi hayotning boshlanishi ispaniyalik hujumchi uchun ancha yuqori kayfiyatda boshlangandi. Ammo o‘z sport formasidan past darajada o‘yin namoyish qilishi «Yuventus»ning sobiq hujumchisining klubdagi vaziyatiga keskin ta’sir qildi.
Kecha Evropa Ligasi doirasida «MOL Vidi»ni qabul qilgan «nafaqaxo‘rlar» kichik hisobda g‘alaba qozondi. Maqolamiz muallifi esa uchrashuvdagi yagona golni kiritdi. Biroq u birinchi bo‘limda beshta yaqqol xavfli vaziyatlarni havoga sovurdi. Villianning ajoyib uzatmasini ham yo‘qqa chiqardi.
Hujumchi uchun bu holat ayanchli. Boisi imkoniyatlar to‘xtab qolishi mumkin. Vengrlarga qarshi uchrashuvning 70 daqiqasigacha gol urishga chora topa olmayotgan londonliklar Sesk Fabregas va tinib-tinchimas Villianning sa’yi-harakatlari evaziga Morata oxir-oqibat gol urdi.
Yakunda «L» guruhida oson raqiblarga tushgan Sarri shogirdlari baribir uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Ushbu g‘alaba Maurisio Sarri qo‘li ostidagi eng qiyini bo‘ldi. Italiyalik murabbiyning shogirdlari o‘z darajalaridan bir pog‘ona pastda o‘yin ko‘rsatishdi.
Olive Jiru ham muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lsa ko‘proq gol ura olishiga qaramay bosh murabbiy hozircha faqatgina Morataga imkon bermoqda.
25 yoshli hujumchi yozda Italiyaga, Turinga qaytishi borasidagi mish-mishlar tarqalganiga qaramasdan, «Chelsi»da qolishga qaror qildi. Biroq uning to‘purarlik qobiliyati hamon ko‘zga ko‘rinmayapti.
«Arsenal»ga qarshi o‘yindagi natijalari shuni ko‘rsatdiki, Sarri ham sobiq hamkasbi Antonio Konte kabi klubning eng qimmat futbolchisi bilan ayni muammolar bilan duch keladi. Morata hanuz ingliz futboliga kirishib keta olganicha yo‘q.
Kechagi g‘alaba goli ham uning obro‘sini tiklashiga yordam bermaydi. Aksincha, klub bu mavsumda ko‘proq Eden Azarga bog‘lanib qolishi taxmin qilinmoqda. Bu kechagi o‘yinda ham yaqqol namoyon bo‘ldi. U ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgunigacha londonliklar ancha qiynalishdi.
Belgiyalik iqtidor egasi bu mavsumda ayni vaqtga kelib 7 gol urishga erishgan. Bu Morata, Jiru, Pedro va Villianlarni golini qo‘shib hisoblasak ham Azarnikiga etmaydi. Klub to‘purari bo‘lish uchun kelgan Morata esa buni amalga oshira olmayapti.
Klub xo‘jayini Roman Abramovich uning transfer pullari o‘zini oqlashini istaydi, ammo 2018-yilda urilgan to‘rtta gol bunga kamlik qiladi.
Ochig‘ini aytganda, «Chelsi» «MOL Vidi»ga to‘rt yoki beshta gol ham urishi mumkin edi. Agarda londonliklar «Liverpul»ga qarshi chempionat va Kubok doirasida ko‘rsatgan mahoratlarini takrorlay olishganida barchasi oson kechishi aniq edi.
Kulgili jihati, Torres Evropa Ligasida o‘zini ko‘rsata olgan va 2013-yilgi g‘alabada bosh me’mor vazifasini bajarib bergandi.
Shunga qaramay Torres «Stemford Bridj»ning eng omadsiz transferi bo‘lib qolmoqda, Morata ham «ikkinchi Torres» tamg‘asini olishni istamasa, u o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatishi talab etiladi.
Fikrlar