No‘’mon Hasanov «Andijon» haqida nima dedi?
Xohlaysizmi-yo‘qmi baribir o‘zbek futbolida «Andijon»ning o‘z o‘rni bor. Shu sababli aksariyat mutaxassislar ushbu jamoaga befarq emaslar. Garchi jamoa birinchi ligada qatnashayotgan bo‘lsa-da, ikkinchi davrada yangicha qiyofaga kirayotgan «burgutlar» to‘g‘risida ko‘pchilik fikr bildirmoqda.
Ayni paytda «Qo‘qon-1912» jamoasi oliy ligada ancha ishonchli ishtirok etgan holda sovrinli o‘rinlar uchun kurashmoqda. Bunda albatta jamoa ustozi No‘’mon Hasanovning hissasi katta.
Mazkur mutaxassis imkon qadar boshqa klublarni ham kuzatib boradi. Jumladan, No‘’mon Nurmatovich «Andijon» jamoasiga ham befarq emas. Buni uning quyida bildirgan fikrlari orqali bilib olishingiz mumkin.
- Rostini aytsam, «Andijon» jamoasining o‘yinini hozircha ko‘rganim yo‘q. Agar ular bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazganimizda ham qandaydir fikrga ega bo‘lardim. Lekin u erda yaxshi o‘yinchilar yig‘ilgan.
Nazarimda, 1-o‘rindagi jamoa bilan o‘rtadagi ochkolar farqi katta. Aslida esa «Andijon» birinchi ligaga tushib ketmasligi kerak edi.
O‘zi bu viloyatda albatta futbol bo‘lishi kerak. Shuni yaxshi bilamanki, Andijon xalqi uchun birinchi o‘rinda futbol turadi. Andijonga ko‘p borganman, ashaddiy muxlislariga juda boy. Shuning uchun bu jamoaga faqat omad tilayman.
1-o‘rin bilanmi yoki 2-o‘rin bilanmi, farqi yo‘q, asosiysi, oliy ligaga qaytsa bo‘lgani! Men ko‘pchilikdan eshityapmanki, haqiqatan «Andijon»da yaxshi jamoa yig‘ilibdi.
Bilasizmi, tezroq bu klub oliy ligaga qaytishi kerak. Ayni paytda elitada qatnashayotgan ba’zi-bir klublardan ko‘ra aynan «Andijon»ning ishtirok etgani yaxshi edi. Baribir Andijonda muxlislar boshqacha. U erda futbol bo‘lishi shart, - deya so‘zini yakunladi, - No‘’mon Hasanov.
Shuhratbek Jo‘raev

Fikrlar