
Odil Ahmedov: Villash Boash hammaga ham shaxsan qiziqavermaydi. Ahmedovdan esklyuziv intervyu
Ko‘p yillardan beri Rossiya chempionatida to‘p tepib, avvaliga Maxachqal’aning “Anji”, keyin esa Krasnodarning “Krasnodar” klublari sharafini himoya qilgan hamyurtimiz, terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov Xitoyning «Shanxay SIPG» klubiga ko‘chib o‘tganidan xabaringiz bor, albatta. Qishning biz uchun eng shov-shuvli mazkur transferi haqida munozaralar hali to‘xtagani yo‘q. «InterFUTBOL» gazetasi o‘z an’analariga sodiq qolib, voqealar rivojiga aniqlik kiritish maqsadida Odil Ahmedov bilan batafsil suhbat uyushtirdi. O‘ylaymizki, quyidagi esklyuziv intervyu orqali o‘zingizda to‘planib qolgan bir qator savollarga mufassal javob olasiz.
- Odil, avvalambor sizni 2017 yilda ham «InterFUTBOL» gazetasi tasnifi bo‘yicha beshinchi marta yilning eng yaxshi futbolchi bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz...
- E’tirof uchun kattakon rahmat! Albatta, yurtimizda nufuzi yuqori bo‘lgan nashr tomonidan eng yaxshi deb topilish - juda yoqimli. O‘z navbatida, InterFutbol gazetasining kelgusi ishlarida omad tilab qolaman.
- Aytingchi, 2016 yil siz uchun qanday o‘tdi?
- Men uchun 2016 yil qoniqarli o‘tdi, deya olaman. Janubiy Koreyadagi ko‘ngilsiz mag‘lubiyatni inobatga olmaganda, qolgan o‘yinlarda yaxshi natijalarga erishdik. Bu fikrni klubimga nisbatan ham, terma jamoaga nisbatan ham ishlatishim mumkin.
- Terma haqida so‘z ochib qoldingiz: bosh jamoa sardori sifatida termamizning bu yilgi natijalariga 10 ballik tizimda necha ball qo‘ygan bo‘lardingiz?
- Ochig‘ini aytsam, shaxsan men natijalarimizni 7 ballga loyiq deb bilaman. Biroq shuni ham ta’kidlab o‘tishim kerak, yangi, 2017 yilda bu ko‘rsatkichni 10 ball ko‘rinishiga olib kelamiz.
- «Krasnodar» klubining natijalariga qanday baho berasiz? Aytgancha, sobiq jamoadoshingiz Fyodor Smolov Rossiyada «Yilning eng yaxshi futbolchisi» deb tan olindi...
- Sobiq klubimga ham xuddi shunday, ya’ni 7 ball qo‘ygan bo‘lardim. Smolovga kelsak, u hozir juda yaxshi formada va chindan ham, e’tirofga loyiq. Aminmanki, Fyodor shu zaylda davom etsa, tez orada Evropaning kuchli chempionatlaridan taklif olishiga shubha qilmayman.
- Odil, to‘g‘risini ayting, siz milliy termamiz hamon JCh-2018 final bosqichiga chiqishi uchun yaxshigina imkoniyat saqlanib turibdi, degan fikrga qo‘shilasizmi?
- Albatta, qo‘shilaman. Chunki yo‘llanma uchun kurash oxirigacha davom etaveradi. Ha, biz hamon yaxshi imkoniyatga egamiz va nasib qilsa, bu imkoniyatdan unumli foydalanamiz.
- Eron va J.Koreya termalariga qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchradik. Bu - jamoamizning haqiqiy kuchimizni ko‘rsatib berdimadimikan? Boshqacha aytganda, butun terma jamoaning o‘yini faqatgina Odil Ahmedovga bog‘liq bo‘lib qolishi sizni xavotirga solmaydimi?
- Bilasizmi, menimcha, jamoadagi barcha futbolchilar hamjihatlik bilan harakat qilishsa, har qanday raqib bilan tengma-teng o‘ynash mumkin. Qolaversa, futbol - jamoaviy o‘yinligini hamma yaxshi biladi. Demak, terma jamoamiz natilari faqat menga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas. Agar biz har bir o‘yinda o‘zimizga to‘la ishonib, maydonga haqiqiy «jang» qilish uchun chiqsak, natijalar o‘z-o‘zidan kelaveradi.
- Rossiyalik hamkasblarimizning iddao qilishlaricha, bir qator futbolchilar qatori, sizning o‘yiningizda ham pasayish kuzatilmoqda. Deylik, ular bunga asos sifatida «Krasnodar»da ko‘proq zaxiradan maydonga tushganligingizni ko‘rsatishgan. Bunday yondashuvlarning sababi nimada, sizningcha?
- Ma’lumki, futbolda psixologiyaning o‘z o‘rni bor... Ochig‘i, «Krasnodar»ning yozgi tayyorgarlik yig‘inlarida to‘liq ishtirok etdim, barcha o‘rtoqlik o‘yinlarida asosiy tarkibda harakat qildim. Yangi mavsum arafasida bosh murabbiy bilan gaplashganimda, u mendan umidi kattaligini, asosiy tarkibda o‘ynashim shartligini aytgandi. Ammo mavsumga start berilgach, vaziyat keskin o‘zgarib ketdi: men zaxiraga «mixlanib» qoldim, murabbiyni esa men bilan gaplashgisi kelmaydi... Bu holat meni juda hayron qoldirdi. To‘g‘ri, keyinchalik hujumchi sifatida maydonga tushdim, lekin unutmaslik kerakki, har bir futbolchining o‘ziga yarasha kuchli tomonlari bo‘ladi. Masalan, men yarim himoya chizig‘ida o‘zimni erkin sezaman, to‘pni himoyachilardan olib, yangi hujumlar tashkil etishni yoqtiraman. Hujum chizig‘ida esa tabiiyki, to‘p bilan kamroq muomala qilasiz. Shu bois, o‘yiningiz ham uncha ko‘zga tashlanmay qoladi.
- Tushunarli... Keling, endi kelajak haqida fikr yuritaylik: mana, kuni kecha Xitoy superligasida ishtirok etuvchi jamoa futbolchisiga aylandingiz. Lekin mazkur transfer ishlari ozgina cho‘zilib ketgandek tuyulmoqda...
- O‘ylashimcha, gap transfer vaqtida emas, uning qanday yakunlanishida. Shu ma’noda aytsam, o‘zaro kelishuv bir-birimizni tushungan holda amalga oshdi va eng muhimi, hammasi men uchun ijobiy yakunlandi.
- Qiziq, «Shanxay SIPG» nimasi bilan sizni o‘ziga jalb qildi?
- «Shanxay» taklifiga rozi bo‘lishimga asosiy sabablardan biri shuki, ayni paytda Xitoy chempionatiga birin-ketin kuchli legionerlar tashrif buyurmoqda. Boz ustiga, mening yangi klubimda kuchli mutaxassis va mahoratli legionerlar faoliyat yuritmoqda. Villash Boashdek murabbiyning shaxsiy qiziqishi esa har bir futbolchi uchun «syurpriz» bo‘lsa kerak. Shuning uchun men faoliyatimning keyingi bosqichi sifatida «Shanxay»ni tanladim. Bu jamoda qancha o‘ynashimni esa vaqt ko‘rsatadi.
- Xitoy chempionatida sizni qaysi raqamda ko‘ramiz?
- Har doimgidek, 25-raqam ostida.
- Xuddi Maxachqal’ada o‘tgan davr kabi, «Shanxay»da ham Xalk, Oskar singari braziliyalik «megayulduzlar» bilan birga to‘p surasiz. Bu sizga alohida mas’uliyat hissini yuklaydimi?
- Tabiiyki, taniqli yulduzlar bilan birga harakat qilishning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor. Chunki ularning qarshisida uyalib qolmaydigan darajada to‘p surishingiz talab qilinadi. Ammo shu bilan birga, bunday mahorat sohiblari bilan mashg‘ulot o‘tkazish, elkama-elka to‘p surish har qanday futbolchi uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.
- Darvoqe, Xitoy chempionatiga yo‘l olishingiz «Prosportmenejment» kompaniyasi orqali amalga oshdi. Bu kompaniya bilan qachon shartnoma tuzgandingiz?
- «Prosportmenejment» kompaniyasi bilan «Anji»ga o‘tgan paytlardan buyon hamkorlik qilaman. Qisqacha aytganda, mazkur kompaniyaning faoliyatimda tutgan o‘rni juda yuqori. Zero mening Rossiyada uzoq vaqt to‘p surishimga kompaniya rahbari German Tkancheko katta hissa qo‘shgan. Xitoydagi ishlarimni esa «Bedjing Djing Djisakses Sports Menejment» kompaniyasi orqali amalga oshiraman. Bu firmaning rahbari xitoylik janob Li Feng esa bundan buyon mening Xitoydagi huquqlarimni himoya qiladi. O‘z o‘rnida ta’kidlab o‘tishim zarur, janob Li Feng Chin yurtida katta hurmat-e’tibor qozongan kuchli futbol menejeri hisoblanadi.
- Samvel Babayan, Suleyman Karimov va Sergey Galitskiy... Bu shaxslarning hayotingizda tutgan o‘rinlari qanday?
- Siz sanab o‘tgan odamlardan bir umr minnatdordan. Chunki «Paxtakor»da o‘z o‘rnimga ega bo‘lishimda Samvel Babayan muhim rol o‘ynagan. «Anji» va «Krasnodar» klublarida esa Kerimov hamda Galitskiylar yaxshi kutib olishdi, har tomonlama yordam berishdi. Shu bois, ularga nisbatan hurmat qalbimda abadiy saqlanib qoladi.
- Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, sizning transferingizdan «Paxtakor», «Anji» va «Krasnodar» klublari ham tegishlicha ulush olishgan. Bu omil sizga qandaydir qo‘shimcha motivatsiya beradimi?
- Darhaqiqat, yirik miqdordagi transfer narxi futbolchiga qo‘shimcha mas’uliyat bag‘ishlaydi. Lekin men ayni paytda xotirjamman. Chunki mazkur transfer tufayli sobiq klublarim ham oz bo‘lsa-da, moddiy naf olishdi.
- E’tiborlisi, siz hozir o‘zbek futbolida transfer narxi va moliyaviy sharoitlar bo‘yicha etakchi bo‘lib turibsiz. Ehtimol, bu ortiqcha noqulayliklar yaratar?..
- Yo‘q, bu menga bosim o‘tkazmaydi. Aksincha, o‘zimga nisbatan ishonchim avvaligidan ham ancha oshdi. Xizmatlarimni shunchaga baholashibdimi, demak, mehnatlarim bekor ketmabdi. Kimlardir mening yordamimga umid bog‘lamoqda.
- Aytingchi, sizning imidjingiz, ya’ni tashqi ko‘rinishingiz, kiyinishingiz va hokazolar bilan kim shug‘ullanadi?
- Ko‘proq o‘zimga yoqqan liboslarni kiyaman. Lekin yonimdagi insonlar ham doim tashqi ko‘rinishim borasida maslahat berib turishadi. Qisqasi, o‘zimga nima yarashsa, shuni kiyaman (kuladi).
- Odil, siz san’at olamiga be’etibor bo‘lmagan kishilar toifasidansiz. Binobarin, tug‘ishgan akangiz - aktyor, rejissyor va prodyusser Yoqub Ahmedovning ishlariga qanday baho berasiz?
- Akamning faoliyatini juda qadrlayman. U kishi o‘z ishini yaxshi ko‘radi, etarlicha muxlislarga ega.
- Ukangiz Azim Ahmedov ham «Paxtakor»da o‘z o‘rnini topib oldi. Ayniqsa, o‘tgan mavsumda, «sherlar» safida bir-biridan chiroyli gollar muallifiga aylandi...
- Azimjon uchun xursandman. Lekin ishonchim komil, u hozirgidan-da yaxshi o‘yinlar ko‘rsatishga qodir. O‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, mendan ham kuchliroq futbolchi bo‘lib etishishiga ishonaman. Faqat buning uchun tinimsiz mehnat kilishi kerak.
- Oilangiz safi kengayganligi, ko‘p bolali ota maqomini olganligingiz barchamizni xursand qilmoqda. Aytishlaricha, qiz farzand - oilaga baraka keltirar ekan. Xo‘sh, o‘g‘illaringiz ota izidan borib, futbolni tanlasharmikan?
- Bilasizmi, men tabiatan yosh bolalarni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, hozir yangi tug‘ilgan qizalog‘imning oldidan sira ketgim kelmaydi... Ilohim, ular umri uzoq, barakali, iymonli farzandlar bo‘lishsin! O‘g‘illarimga kelsak, ular negadir futbolga qiziqishmayapti. Kattasi amakisiga o‘xshab, kinoaktyor bo‘lmoqchi. Kichigiga esa hozircha faqat mazali taomlar bo‘lsa, bas (kuladi).
- So‘nggi paytlarda sizning nomingiz «Navbahor» jamoasi bilan bog‘liq holda tez-tez tilga olinmoqda. Qolaversa, Ilhom Mo‘minjonov ham aynan siz tufayli Namanganga kelganligini alohida ta’kidlab o‘tdi...
- Chindan ham jamoa boshqaruviga Ilhom Mo‘minjonov nomzodini men tavsiya qildim. Keyinroq «Navbahor»ni oliy ligada olib qolish uchun birgalashib, maslahatlashgan holda ish tutdik. Lekin ayni damda Ilhom aka jamoani mustaqil boshqarmoqda. Men esa agar lozim topishsa, qanaqadir maslahatlar berishim mumkin, xolos. Aytmoqchimanki, jamoa tarkibi va natijalar uchun faqat Ilhom aka mas’ul.
- Sizningcha, «Navbahor»ni yana chempionatimizning kuchli jamoalar safiga qaytarish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak?
- Menimcha, bolalar futboliga e’tibor berish kerak. Shunda yillar o‘tib, amalga oshirilgan mehnatlar o‘z samarasini berishi mumkin. Bilasiz, hozirgi kunda aksariyat klublarimiz futbolchilar bilan bir yillik shartnoma tuzishadi. O‘ylashimcha, bunday kelishuvlar faqat ziyon keltiradi. Chunki har yili yangi o‘yinchilardan yangi jamoa tuzish kerak. Holbuki, barqaror natijaga erishish uchun jamoani yillab shakllantirish zarur.
- Barchamizga ma’lumki, siz nafaqat futbolchi, balki yaxshigina «metsenat» va tadbirkor ham hisoblanasiz. Shaxsiy tashabbusingiz va mehnatlaringiz tufayli ishga tushishi kutilayotgan futbol akademiyasi, allaqachon faoliyatini boshlab yuborgan tibbiy klinika va shifoxonalarda o‘nlab yangi ish o‘rinlari ochilib, ularning xizmatidan elimiz xursand bo‘lmoqda...
- Shukrki, futbol tufayli mana shu darajaga etishdim. Rejalarim xalqqa naf berayotganidan, mamlakatimiz rivojiga oz bo‘lsa-da, o‘z hissamni qo‘shayotganimdan mamnunman. Ishonamanki, keyingi avlod sportchilari, futbolchilari bundan-da e’tiborliroq ishlarni amalga oshirishadi.
- Tadbirkorlik borasida 2017 uchun qanday rejalar tuzgansiz?
- Bu masalada rejalarimiz juda ko‘p. Jumladan, yaqin kelajakda yirik sport kompleksi bunyod qilishni ko‘zlayapmiz. Shunisi quvonarliki, Prezidentimiz ham ishbilarmonlar uchun ko‘plab imkoniyatlar, sharoitlar yaratib beryaptilar. Lekin bilasiz, tadbirkorlik ishlari bilan akam shug‘ullanadi. Men esa u kishiga o‘zimga ishongandek ishonaman. Xullas, yurtimizning ravnaqi uchun qo‘limizdan kelgancha, o‘z hissamizni qo‘shamiz.
- Odil, 2016 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb kimni e’tirof etgan bo‘lardingiz? Futbolchilardan-chi?..
- Shaxsan men eng yaxshi murabbiylar sirasiga Samvel Babayan, Mirko Elichich va Ro‘ziqul Berdievlarni kiritgan bo‘lardim. Futbolchilardan esa Aziz Haydarov, Vitaliy Denisov va Eldor Shomurodovlarga ovoz beraman.
- «InterFUTBOL» gazetasi orqali muxlislarga tilaklaringizni yo‘llash imkoniga egasiz...
- Bizni eng qiyin pallalarda ham qo‘llab-quvvatlab turadigan jonkuyar muxlislarimiz doim sog‘-omon bo‘lishsin! Yurtimiz tinch bo‘lsin, osoyishtaligimizga aslo ko‘z tegmasin! «InterFUTBOL» gazetasiga omad yor bo‘lsin! Doim birinchilardan bo‘lib yurishinglarni tilab qolaman!
Fikrlar