Olib qolish kerakmi yoki sotish yohud Emerining bosh og‘riqlari

  • 21 iyul, 2018, 17:10
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qariyb yigirma yillik Arsen Venger erasidan keyin “Arsenal”da boshlangan “qayta qurish” ishlari o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Bir necha futbolchilarni harid qilgan londonliklar ayni vaqtda vinger sotib olishni mo‘ljallab yuribdi. Biroq yangi bosh murabbiy Unay Emerining oldida haqiqiy bosh og‘rig‘i paydo bo‘lgan. Jahon saviyasidagi vingerni jamoaga jalb qilish uchun albatta ko‘p pul kerak bo‘ladi. Agarda ular “Bavariya” etakchisi Kingsli Komanni olmoqchi bo‘lishsa, katta pulning bahridan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun “to‘pchilar” bir necha futbolchisidan voz kechishiga to‘g‘ri keladi. Quyida Emerining oldida jamoada olib qolish yoki sotish varianti turgan bir necha futbolchilar haqida tahlil yuritamiz.

Hozirgacha basklik murabbiy klubga Sokratis Papastatopulos, Bernd Leno va Lukas Torreyralarni olib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Tarkib ancha kengaygani sababli ham bir necha futbolchilar jamoani tark etishga majbur.

Nacho Monreal

Haqiqiy professional, ko‘p qirrali ispaniyalik himoyachi bir necha mavsumdan beri Vengerning asosiy tarkibidan o‘rin olib kelmoqda. 32 yoshli himoyachi o‘tgan mavsumda o‘zining nafaqat himoya, balki to‘purarlik salohiyatini ham namoyon qildi. U Premer Ligada 5 gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ungacha esa besh mavsumda atigi bir gol ura olgan edi, xolos.

Ayniqsa uning o‘z tezligi evaziga “Vest Xem” darvozasiga gol urgani himoyachilik qobiliyatidan tashqari boshqa qirralari borligini yana bir bor isbotladi.

Uning bunday natijalarga erishishi Ispaniya terma jamoasi murabbiylar shtabini ham jalb qildi va Rossiyadagi Mundialga Ispaniya bilan tashrif buyurdi.

Emeri uni taktik ishlanmalariga kiritgan holda himoya chizig‘idagi variantlarini kengaytirishga qaror qilishi ham mumkin.

Biroq, uning o‘rniga Kolashinats transferga qo‘yilishi ham mumkin. “Malaga”ning sobiq vakilini shunchaki qo‘yib yuborish mantiqsizlik hisoblanadi. Agarda jiddiy taklif tushadigan bo‘lsa, bu haqida o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi.

Denni Uelbek

O‘zining sport formasida Uelbek haqiqiy “jallod” hisoblanadi, biroq bunday kunlar juda kam ro‘y bermoqda. Boz ustiga o‘tgan mavsumda jamoaga Aleksandr Lyakazett va Per-Emerik Obameyang kabi mohir hujumchilar kelgach, uning o‘yin amaliyoti keskin kamayib ketdi. Koman ham keladigan bo‘lsa, Uelbekning shimoliy Londondagi missiyasini o‘z nihoyasiga etdi, deb o‘ylagan ma’qul.

Uning “to‘pchilar” safidagi faoliyati jarohatlar bilan yodda qoldi. Jarohatidan forig‘ bo‘lgan paytida ham “Manchester Yunayted”ning sobiq hujumchisi o‘z iqtidorini allaqachon unutib qo‘yganini ko‘rsatib qo‘ydi.

U jamoada qolgan taqdirda ham, Emeri afzal ko‘radigan 4-3-3 yoki 4-2-3-1 o‘yin sxemasida Uelbek Obameyang, Lyakazett va Mxitaryanlar bilan raqobatga kirishishi lozim bo‘ladi.

Shkodran Mustafi

Mustafining London klubidagi ikki yillik faoliyati unchalik mazmunli kechmadi. Ayniqsa uning muhim o‘yinlarda yo‘l qo‘ygan yirik xatolari jamoasiga qimmatga tushgan paytlar ham bo‘ldi. Umumiy olganda “Valensiya”ning sobiq vakilisha barqarorlik etishmadi.

Biroq germaniyalik himoyachining umumiy ko‘rsatkichlari hayratlanarli. U o‘tgan mavsumda eng ko‘p hujumlarni yo‘qqa chiqargan, raqibni bloklab qo‘yishga erishgan. Emeri shu ko‘rsatkichlari sabab Mustafini katta narxga sotib, o‘rniga Komanni olib kelishi mumkin.

Petr Chex/David Ospina

Ikki kuchli va tajribali darvozabonlar, biroq Bernd Lenoning jamoaga kelishi tufayli jamoada uchta jahon saviyasidagi darvozabonlarni saqlashdan foyda yo‘q. 36 yoshli chexiyalik posbon hamon yuqori saviyadagi o‘yinini namoyish qilib kelmoqda va kuchli raqobatni hosil qilishi ham mumkin. Shuningdek, “Chelsi” Tibo Kurtuani sotadigan bo‘lsa, uni ortga qaytarishi haqidagi xabarlar ham chiqmoqda.

Ospina esa 4 yil oldin jamoaga kelib qo‘shilganida imkoniyatlari yuqori edi. Biroq tajribali Chexning kelishi uning imkoniyatlarini tushirib yubordi va u faqatgina “katta bayramlar”da “Arsenal”ga kamarbasta bo‘la oldi. Chex ketgan taqdirda ham Ospina zaxirada vaqtini o‘tkazishi muqarrar. Bu safar u Lenoning soyasida jon saqlaydi.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!