
O‘zbekiston terma jamoasining BAAdagi yig‘ini yakunlandi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh–2018 saralash bosqichi ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida BAAning Dubay shahrida 21–24 yanvar kunlari o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini o‘tkazdi.
Yig‘in doirasida Samvel Babayan shogirdlari ikkita o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi. Yoshartirilgan tarkibda harakat qilgan O‘zbekiston terma jamoasi Daniya U-23 termasiga qarshi bahs olib borib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ikkinchi o‘yinda esa terma jamoa Gruziya bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Terma jamoaga jalb etilgan “Paxtakor” futbolchilari BAAda yig‘inini davom ettirayotgan jamoadoshlari safiga borib qo‘shlidi. Qolgan futbolchilar bugun Toshkentga qaytib keladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma terma jamoasi JCh–2018 turniriga saralash boschiqi navbatdagi — 6-turini 23 mart kuni Suriyaga qarshi safarda o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, JCh–2018 saralash bosqichi “A” guruhi 5-turidan keyin O‘zbekiston terma jamoasi 9 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Suriya 5 ochko to‘plagan holda to‘rtinchi o‘rinni band qilib turibdi. Eron 11 ochko bilan birinchi, Janubiy Koreya esa 10 ochko bilan ikkinchi pog‘onada bormoqda.
Fikrlar