
Pogba qishda «MYu»ni tark etadimi?
Pol Pogba ayni vaqtda uni «Manchester Yunayted»dan ketishi borasidagi gap-so‘zlar tufayli maydonda unchalik o‘zini ko‘rsata olmayapti.
Yozni Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatini yutib yuqori kayfiyatda o‘tkazganidan keyin yangi mavsum oldidan Pogba klubdagi maqomi so‘roq ostidaligi va yaqin kelajagi noma’lumligini aytib o‘tgandi.
U Sky Sports ga bergan intervyusida «Mening kelajagim ayni vaqtda Manchesterda. Shartnomam bor. Hozircha u erda o‘ynayman, ammo bir necha oydan keyin nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.»
Pogbaning shartnomasi vaziyati
2012-yilda 18 yoshli futbolchi «qizil iblislar» bilan shartnomasi o‘z nihoyasiga etgach, Ser Aleks Fergyuson qo‘li ostida uning asosiy tarkibga kirish imkoniyatlari etarli emasligi iddaosi bilan «Yuventus» sari yo‘l olgandi. Turindan esa 2016-yilda rekord mablag‘ evaziga qaytib kelgandi.
«Men Karringtonga qaytdim, shunchaki o‘z uyimga qaytdim. O‘ylaymanki bu taqdir» – degan edi o‘shanda 89.5 million funtlik transfer egasi.
O‘shanda u klub bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekib, haftasiga 290.000 funt topadigan bo‘lgandi. Klub esa ushbu shartnomani bir yilgacha uzaytirib 2022-yilgacha saqlab qolishi mumkin.
Klub bunday amaliyotni Xuan Mata, Ander Errera, Lyuk Shou va Eshli Yanglarga nisbatan ham qo‘llab kelmoqda. Biroq «MYu» Pogba atrofida ishlar bunday rivojlanishini hech ham xohlamaydi.
Aslida bunday amaliyotni shartnomasining so‘nggi yili boshlangan futbolchilar qo‘llashadi. Biroq klub Pogba besh yillik shartnomani imzolaganidan ikki yilgina vaqt o‘tib qayta muzokaralar olib borish niyatida emas.
Pogbaning agenti Mino Rayola esa o‘zi va mijozlarini yaxshi taklifga erishishda ustasi farang hisoblanadi.
Pogba «MYu»da baxtsizmi?
Jahon Chempionatidan keyin ta’tildan kech qaytgan frantsiyalik yarim himoyachi bir hafta ham o‘tmasdan Premer Liganing dastlabki turida «Lester»ga qarshi o‘ynab uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylangandi. Biroq o‘yindan keyingi aytgan gaplari katta shov-shuv keltirib chiqargandi.
«Men ayta olmaydigan gaplar bor, aks holda jarimaga tortilaman» – degandi u jurnalistlarga, baxtli emasligini uqtirish niyatida.
U «qizil iblislar»ning «Byornli» va «Uotford»ga qarshi uchrashuvlarida jamoasiga katta yordam bergan bo‘lsada, bu vaqt ichida uning Joze Mourino bilan o‘zaro munosabatlari ancha yomonlashdi.
Mourinodan Pogbaning kayfiyati qanaqa ekanligi so‘ralganida, murabbiy «bu savolni uning o‘zidan so‘rang» deya javob qildi. Bu bilan u futbolchining qoniqish hosil qilayotgani, umuman u haqida gapirish niyatida emasligini bildirdi.
Pogbaga qiziqish bildirayotgan klublar qaysi?
Pogba iyulda «Barselona» direktori va sobiq Frantsiya termasi vakili Erik Abidal bilan uchrashganidan beri yarim himoyachi Kataloniyaga ko‘chib o‘tishi mumkinligi haqidagi transfer mish-mishlari to‘xtaganicha yo‘q.
«Barselona»dagilar esa uning ma’lum bir vaqtdan keyin kelishiga qattiq ishonishmoqda. Bu haqida dastlab Luis Suares gapirib o‘tdi: «Pogba barcha narsani yutgan elita futbolchi. O‘ylaymanki, u hozirgi vaziyatidan ko‘proq kurashishga qodir. U «Barsa»ga tegishli emas, ammo u uchun eshiklarimiz doim ochiq» – degandi RAC1 ga.
Bundan tashqari, uning sobiq jamoasi «Yuventus» ham Pogbani qaytarish istagida. U Italiyada 2012-2016-yillar oralig‘ida to‘p surdi va «byankonerilar»ning Skudettoni qo‘lga kiritishida va 2015-yilgi Chempionlar Ligasi finaliga chiqishiga yordam berdi.
Shuningdek, u «Pari Sen-Jermen»ga o‘tishi mumkin. Biroq bu variant unchalik ham haqiqatga aylanmasligi mumkin. Parijliklar Neymar va Mbappelarni sotib olganidan keyin moliyafiy feyr-pley qoidalariga qattiq rioya qilishga majbur. Bu holat Pogbani Parij klubida ko‘rish ehtimolini pasaytirib yuboradi.
«Real Madrid» 2016-yilda yarim himoyachi uchun kurashga jiddiy kirishgan edi. Biroq madridliklarning yarim himoya chizig‘i kuchayishga muhtoj emasligi ma’lum bo‘lgach, Pogbaga bo‘lgan qiziqishlari ancha pasaygan. Boz ustiga ular Rayola bilan ishlash niyatida emas.
Fikrlar