Qudratillo Abduqahhorov: Manyuchi mendan tezroq, lekin men uning nozik nuqtasini topdim (foto, video)
Professional boks bo‘yicha o‘zbekistonlik bokschilar reytingida birinchi o‘rinni egallab turgan Qudratillo Abduqahhorov (10-0-0, 7 KO) 25 mart kuni Singapurda Afrika chempioni, Xalqaro chempionlik kamari sohibi, WBC yo‘nalishi bo‘yicha kumush kamarni egallab turgan Charlz Manyuchiga (20-2-1, 12 KO) qarshi ringga chiqadi.
Bu ikki bokschisi o‘rtasidagi bahs professional boks kechasinning asosiy jangi maqomida o‘tkaziladi va 12 raund qilib belgilandi. Bo‘lajak jangda zimbabvelik Charlz Manyuchi o‘ziga tegishli bo‘lgan WBC Silver - kumush kamarini Qudratillo Abduqahhorovdan himoya qilishga urinib ko‘radi.
SPORTS.uz axborot portali Qudratillo Abduqahhorov bilan bog‘lanib, bo‘lajak jangga tayyorgarligi haqida so‘radik.
- Qudratillo, muhim jang oldidan kayfiyatlar qalay?
- Kayfiyatim a’lo darajada. Keni kecha yarim professional musobaqa - WSB turnirida "Uzbek Tigers" bokschilarining "China Dragons" ustidan qozongan g‘alabasi haqida eshitim kayfiyat yanada ko‘tarildi. Bunday xushxabarlar bokschini g‘alabaga ilhomlantiradi. Chunki "Uzbek Tigers" bokschilari yaqindan bilaman. Bu yigitlar har qanday musobaqada g‘olib chiqishga qodir.
- Qudratillo, zimbabvelik Manyuchiga qarshi tayyorgarlik qanday ketyapti?
- Tayyorgarlikning asosiy bosqichini Filippinda o‘tkazyapmiz. Hozir ham shu erdamiz. Murabbiyim Ilgar Aliev bilan odatiy usulda tayyorlanyapmiz. Jismoniy, texnik va taktik mashg‘ulotlardan tashqari, sparring janglarini o‘tkazishga katta urg‘u beryapmiz. Jangga har tomonlama tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
- Raqibni o‘rgandinglarmi?
- Albatta. Ular ham mening jang uslubimni o‘rgangani haqida xabarim bor. Murabbiylarimiz Charlz Manyuchining janglarini tomosha qilib, u haqida batafsil ma’lumot to‘plashdi. Tayyorgarlik jarayonida shularni ham inobatga olib mashg‘ulot o‘tkazdik.
- Manyuchining kuchli tomonlarini bilasizmi?
- Ha. Charlz har qanday bokschi uchun noqulay raqib. Chidamli va kuchli zarbaga ega. Eng katta ustunligi mendan ancha tez. Barcha raqiblarini katta ustunlik bilan enggan. Menga qarshi jangda ham o‘z ustunliklaridan foydalanishga harakat qiladi.
- Raqibning tezkorligi sizni cho‘chitmayaptimi?
- Jang oldidan hammada hayajon bo‘ladi. Ringga qadam qo‘ygan payt bu unitiladi. To‘g‘ri raqibim mendan tezkor, tajribali, balki kuchlidir ham. Lekin uning ham o‘ziga yarasha nozik nuqtalari borligini bilaman. Albatta buni hozir oshkor etolmayman. Murabbiylarim bilan birga raqibimning zaifroq nuqtalariga ko‘proq zarba berish bo‘yicha taktik usullarni ishlab chiqdik.
Jangda taktika orqali har qanday raqibni mag‘lub etish imkoni bor. Manyuchi kuchli bokschi. Lekin men o‘z oldimga jahon chempioni bo‘lish vazifasini qo‘ygan ekanman, har qanday raqibni engishga tayyor bo‘lishim kerak.
- Qudratillo, suhbat uchun rahmat. O‘zbek boks muxlislari nomidan bo‘lajak jangda g‘alaba tilaymiz!








Fikrlar