
“Real”ning La ligadagi eng yaxshi to‘purarlari Top-10 ligi
“Real” forvardi Karim Benzema kecha La Liga doirasida “Atletik” darvozasini ishg‘ol etgan holda jamoaning La Liga tarixidagi to‘purarlari top-10 ligiga kirib oldi. Biz esa shu munosabat bilan, mazkur top-10 lik bilan sizlarni to‘liq tanishtirishni maqsad etdik.
10. Karim Benzema – 119 ta gol
2009 yil “Lion”dan harid qilingan Benzema mana 8 mavsumdirki, “qaymoqaranglilar” safida to‘p surib kelmoqda. Hozirda 119 ta golga ega bo‘lgan Karim kelajakda o‘z o‘rnini yuqorilashi kutilmoqda.
8-9. Pirri – 123
Pirri “Real” tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar 10 ligiga ham kirgandir. 1964-1979 yillarda “Real” safida o‘ynagan Pirrini jamoa gvardiyachilari orasida ham uchratish mumkin. Uning hisobida Ispaniya chempionatida kiritilgan 123 ta gol mavjud.
8-9. Emilio Butrageno – 123
1983-1995 yillarda “blankoslar” safida harakat qilgan Butrageno bu vaqt davomida La ligada 341 uchrashuvda maydonga tushadi va raqiblar darvozasini 123 marta ishg‘ol qilishga erishadi. 1991 yilgi mavsumda esa u “Pichichi”ni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
7. Frantsisko Xento – 126
Ispaniyalik hujumchi 1953 yilda “Rasing”dan “Real”ga o‘tdi va faoliyatining oxiri 1971 yilgacha Madrid superklubi safida to‘p suradi. Bu vaqt oralig‘ida esa Xento La ligada 428 bellashuvda maydonga tushib, 128 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘ladi. Qayd etish joiz, Xento 12 bor La ligada g‘olib chiqqan yagona futbolchidir.
6. Ferens Pushkash – 156
1958-1966 yillarda “Real” safida to‘p surgan super to‘purar Pushkash La ligada 180 ta o‘yin o‘tkazib, 156 bor raqiblarning “dodini bergan”. Vengriyalik futbol afsonasi La ligada 5 bor g‘olib chiqqan. “Pichichi”lar soni esa 4 tani tashkil etadi.
5. Ugo Sanches – 164
1985-1992 yillarda “Santyago Bernabeu”da to‘p surgan Sanches hisobida La ligada kiritilgan 164 gol mavjud. Buncha gol kiritish uchun esa unga 207 ta o‘yin kerak bo‘lgan. La ligada 5 bor g‘olib bo‘lgan Sanches “Pichichi”ni ham shuncha marta qo‘lga kiritgan.
4. Karlos Santilyana – 186
“Real” tarixidagi eng yaxshi 3 to‘purardan biri bo‘lgan Santilyana La ligada 186 bor zafar quchgan. Buncha gol kiritish uchun unga 461 bahs kerak bo‘ldi. 9 marta La ligada g‘olib chiqqan Karlosda “Pichichi”lar soni faqatgina 1 tani tashkil etadi.
3. Alfredo Di Stefano – 216
Alfredoning “Real” libosida kiritgan gollari jami 307 tani tashkil etadi. Shulardan 216 tasi esa La ligada kiritilgan gollar ekan. Buncha gol kiritish uchun esa unga bor-yo‘g‘i 282 ta o‘yin kifoya qilgan.
2. Raul – 228
Raul “galaktikos” tarkibida 1994-2010 yillar davomida 741 bellashuvda maydonga tushib, 323 ta golga mualliflik qiladi. Shulardan 228 tasi esa La ligada kiritilgan gollardir. Uning hisobida La ligadagi 6 ta g‘oliblik va 2 ta “Pichichi” mavjud.
1. Krishtianu Ronaldu – 280
Ronaldu – bu futbolchi haqida xo‘p va ko‘p gapirish mumkin. Biz esa shunchaki sonlarni keltirib o‘tamiz: La ligadagi 259 o‘yinda 280 ta gol. Shunchaki, fantastika!
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar