Rishod Sobirov: Olimpiadadagi bronza medallarimni oltinga almashmagan bo‘lardim
Kuni kecha O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda uzoq yillar yurtimiz sharafini Osiyo va jahon arenalarida munosib himoya qilib kelgan va Rio Olimpiadasidan so‘ng faoliyatini yakunlagan Rishod Sobirov dzyudo federatsiyasi bosh kotibi etib tayinlandi.
SPORTS.uz internet axborot portali murabbiylik qilib, yoshlarga o‘zining tajriba va mahoratlarini o‘rgatayotgan sportchimizning kelajak rejalari bilan qiziqib, suhbat tashkil qildi.

– Rishod aka, sportchilik faoliyatiningizni yakunlaganingizdan so‘ng nimalar bilan band bo‘ldingiz?
– Sportchilik faoliyatimni tugatganimdan keyin asosan murabbiylik bilin shug‘ullandim. Yaqinda muhtaram prezidentimizning “Rishod Sobirov maktabini ochish to‘g‘risida” qarori meni juda xursand qilib yubordi. Hozir maktab ochilish arafasida turibdi. Shu kunlarda ochilish jarayoni bilan bog‘liq tashkiliy ishlar bilan bandman.
– Budapeshtdagi jahon chempionatida terma jamoamiz tarkibi va ishtirokini qanday tasavvur qilmoqdasiz?
– So‘nggi yozgi Olimpiada o‘yinlardan keyin terma jamoamiz a’zolari bilan ko‘p marotaba uchrashib, suhbatlar uyushtirdik. Mashg‘ulot jarayonlarida qatnashib shunga amin bo‘ldimki, Budapeshtdagi jahon chempionatida terma jamoamiz yaxshi natijalar ko‘rsata oladi, chunki hozirgi tarkibdagi sportchilar ayni kuchga to‘lgan, shijoatli, iqtidorli yigitlar. O‘ylaymanki, ularning kelajagi porloq.
– JChga ham bir oy qoldi. Tayyorgarlik rejalarida yana qanday bosqichlar bor? O‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarimi yoki dzyudochilar o‘zlarining murabbiylari bilan shug‘ullanishadimi?
– Hozirda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlar ketmoqda. Yaqindagina terma jamoamiz sportchilari Ispaniyaga borib, yig‘inda ishtirok etib kelishdi. Bundan tashqari Frantsiya terma jamoasidan ikki davlat vakillari o‘rtasida yig‘in tashkil etish borasida taklif tushdi va endilikda sportchilarimiz Parij safariga hozirlanishmoqda. Undan keyin o‘zimizda yana bir yig‘in tashkil qilinadi. Shundan keyin dzyudochilarimiz dunyo birinchiligiga yo‘l oladilar.

– Tan olish kerak, siz ketganingizdan so‘ng termamizda -66 kg. vazn toifasi qolganlarga qaraganda zaifroq bo‘lib qoldi. Bu bo‘shliq qanchada berkilib ketadi?
– Rostdan ham terma jamoada aytganingizdek, -66 kg. vazn toifasida bo‘shliq paydo bo‘lgan edi, lekin hozir uning o‘rni yangi sportchilar bilan to‘ldirilmoqda. Hozirgi kunda -60 kg vazn toifasida 3 nafar kuchli vakillarimiz bor. -66 kg vazndagi sportchilarimiz asosan yoshlar. Ularga xalqaro musobaqalarda ko‘proq kurashish imkoniyatini bersak, malakalarini oshirsalar yaqin oylar ichida bu bo‘shliq ancha berkilib ketadi.
– Ichki raqobat kuchli vaznlarimizdan biri hozir -60 kg. bo‘lib turibdi. Bu vaznda Lutfillaev, O‘rozboev bor. Mana endi Tilovov, Sultonboev kabi yosh yigitlarimiz qo‘shilishmoqda. Lutfullaev yoki O‘rozboevni bir pog‘ona yuqori toifaga o‘tkazish qanday ta’sir ko‘rsatar ekan?
– Aynan shu masala bo‘yicha hozir murabbiylar bilan maslahatlashayapmiz. Albatta, Lutfullaev yoki O‘rozboevdan birini -66 kg. vaznga o‘tkazmoqchimiz. Har ikkisi ham juda qobiliyatli sportchilar. Yuqori vazni ham eplab ketishiga ishonaman, lekin bu narsani, avvalo, sportchining o‘zi xohlashi kerak, chunki vaznga moslashish biroz qiyinchilik tug‘diradi. -66 kg. vaznda kurash umuman boshqacha kechadi. Yuqori vaznga o‘tishga nafaqat jismonan, balki ruhan ham tayyor bo‘lish kerak.

– Olimpiadan keyin Mirali Sharipov ko‘rinmay ketdi. U ham faoliyatini yakunladimi?
– Ha. Mirali Sharipov ham sportchilik faoliyatini tugatdi. Tez kunlarda uni murabbiy qilib olamiz. Bundan tashqari, Federatsiyamiz rahbarlari bilan kelishgan holda uni va unga o‘xshagan murabbiylarimizni chet davlatlarga malaka oshirishga jo‘natmoqchimiz.
– Sizningcha, dzyudoga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar o‘zini qanday oqlamoqda?
– Bugungi kunda dzyudo qoidalariga yangilari joriy etilib, ko‘plab o‘zgarishlar kiritilmoqda. Rostini aytsam, bunga sportchilarning moslashishi biroz qiyin bo‘lmoqda. JChdan keyin bu qoidalar Xalqaro dzyudo federatsiya tomonidan sportchilar va ularning murabbiylari bilan maslahatlashib qaytadan ko‘rib chiqiladi.
– Tassavur qiling, ikki dzyudochi tatamida. Birining qo‘llagan usuli eski qoidalar bo‘yicha yuko berilsa bo‘ladimi yo‘qmi, degandek o‘ylantiradigan holatda. Yakunda yuko beriladi. Oradan biroz o‘tib, narigi sportchi ishlatgan usul eski qoida bo‘yicha vazari yoki ippon o‘rtasidagi bahsli holatda. Yakunda vazari berildi. Hozir shunday bo‘lsa, ikki vaziyat uchun ham bir xil baho beriladi. Bu adolatdan emas-ku?
– Ha, bu ikkinchi dzyudochi uchun adolatsizlik. Shu va boshqa holatlarni misol qilib aytsak, oxirgi kiritilgan o‘zgarishlar shaxsan menga umuman yoqmadi. Ipponga tortadigan usulni 3-4 bora, boringki, 10 marta bajarsangiz ham hakamlar vazari ko‘rsatib turaverishi mumkin, lekin yakunda raqibingizning birgina qo‘llagan usuli bahs taqdirini hal qilib qo‘yishi hech gap emas. Avval 2 ta vazari olsangiz, g‘alaba sizniki bo‘lardi. Qoidaning aynan shu jihatlari aytib o‘tganimdek, jahon chempionatidan qaytadan ko‘rib chiqiladi.

– Har tsiklda qoidalar o‘zgartiriladi. Fikringizcha, qaysi davrdagi tizim dzyudochilar uchun eng optimal variant edi?
– 2012 yilgi Olimpiadan keyin dzyudoga qonun-qoidalariga yangi o‘zgarishlar kiritilgandi. Menimcha, bu juda o‘rinli bo‘lgan. Ayniqsa, oyoqdan foydalanish man qilingani o‘zbek sportchilari uchun anchayin qulaylik tug‘dirdi, lekin hozir joriy etilayotgan qoidalar, ochig‘i, menga unchalik manzur emas. Bundan tashqari ularga sportchilarimiz moslashishiga ulgura olishmayapti.
– O‘g‘illaringizga Muhammadali va Elshod deb ism qo‘ygansiz. Mashhur bokschilarga havas qilib shunday qilganmisiz?
– Farzandlarimga ism qo‘yishda ko‘p o‘ylangandim. Ota-onam, yaqin insonlarimdan maslahat so‘raganman. Yoshligimdan boksga qiziqqanim, Elshod Rasulov ham yaqin do‘stim bo‘lganim uchun katta o‘g‘limga Elshod deb ism qo‘yganman. Farzandlarimning biri bokschi, biri dzyudochi bo‘lishini xohlayman.
– Farzandlaringizga qanchalik tez-tez vaqt ajratasiz?
– Rio Olimpiadasidan keyin deyarli har kuni farzandlarim, oilam bilan birgaman, chunki bu damlarni sal kam 20 yil kutdim. Bir yil davomida uzog‘i yigirma yoki o‘ttiz kun uyda bo‘lardik. Boshqa paytlar mashg‘ulotlar, musobaqalar va chet el safarlarida bo‘lamiz. Shuning uchun ham oilaga juda kam vaqt ajratar edik.
– Sportchilik faoliyatingizda siz uchun eng muhim va hal qiluvchi bahs qaysi bo‘lgan?
– Rio Olimpiadasi men uchun eng muhimi bo‘lgan, chunki bu faoliyatimdagi eng oxirgi bahs bo‘ldi. Pekinda Olimpiadaning nufuzini u qadar his qilmagandim. Londondan keyin yana bitta Olimpiadam bor-ku, deb ishlashda davom etdim. Rioga kelganda juda katta hayajon bo‘ldi. Sababi bu men uchun so‘nggi Olimpiada bo‘lishini bilardim. Shuning uchun borimni berishga majbur edim. Mana, yakunda mehnatimga yarasha taqdirlandim. Kim biladi deysiz, balki o‘shanda medalsiz qolganimda hali hamon kurashib yurgan bo‘larmidim?! (kuladi) . . .

– Dzyudodan tashqari yana qaysi sport turlarini tomosha qilib turasiz?
– Boksni katta qiziqish bilan ko‘raman. Bundan tashqari futbol bo‘yicha milliy terma jamomiz o‘yinlarini ham kuzatib boraman.
– Shu o‘rinda, terma jamoamizning Rossiyada mundialiga chiqish imkoniyatlarini qanday baholasiz?
– Oldindan biron narsa deb bo‘lmaydi. Omadimiz kelsa, JChga borish futbolchilarimizga ham nasib etadi. Men ham vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, muxlislar singari faqat va faqat omad tilab qola olaman xolos.
– Yaqinda Meyvezer va Makgregor o‘rtasida bahs bo‘lib o‘tadi. Bu jang haqida qanday fikrdasiz? Kimning g‘alabasini taxmin qilasiz?
– Shubhasiz, juda chiroyli jang bo‘ladi. Har ikkisi ham ajoyib sportchilar, lekin g‘olib tomon nomini aytishga shoshmagan bo‘lardim. Sababi ularning har ikkisi ham professional sportchilar. Ha, ko‘pchilik uchun Floyd favoritdir, biroq bunda kimningdir g‘alabasiga ishonib qolish qiyin masala. Kutilmagan vaziyat barchasini tubdan o‘zgartirib yuborishi hech gap emas.

– Shu paytgacha kurashgan arenalar ichida qaysi birining muhiti sizga ko‘proq yoqqan?
– Hammasi ham o‘ziga yarasha yaxshi, ammo eng yoqqani Frantsiyadagi arena. Juda katta zal, yuqori darajadagi qulaylik, tomoshabinlarning o‘rindiqlarni to‘ldirib o‘tirishi menga o‘zgacha zavq bergan. 2011 yilgi jahon chempionatida, qolaversa, o‘sha davrda Parij Katta dubulg‘a turnirlarida ishtirok etib yurganimda mening frantsiyalik muxlislarim juda ko‘p edi. Bundan tashqari Londonda bo‘lgan Olimpiada ham menga juda manzur bo‘lgan.
– Olimpiadada 3 karra bronza medali sohibisiz. Shu 3 ta bronzani 1 ta oltin medaliga almasharmidingiz?
– Olimpiadada oltin medal menga armon bo‘lib qoldi, biroq bronza medallarimni oltinga almashmagan bo‘lar edim. Negaki, ularning orqasida tinimsiz mehnat, mashaqqat bor. Qo‘lga kiritgan har bir bronza medalim men uchun oltinga teng!
– Suhbatingiz uchun tashakkur!
Yulduz Rahmatova yozib oldi

Fikrlar