
Rossiyadagi mundialda “avjiga chiqishi” kutilayotgan jamoalar. Islandlardan forslargacha
“O‘rta qatlam”ga mansub klublar va terma jamoalar kutilmagan mo‘’jizalarni ko‘rsatishsa, barchamizga yoqadi, albatta. “Lester”ning chempion bo‘lgani yoki kamtargina “Dnepr”ning Evropa Ligasi finaliga chiqqani kabi holatlar hanuzgacha barchamizning yodimizda. “Anderdog”lardan “tog‘ni tolqon qilish” talab qilinmaydi, shuning uchun ular sal “bemalolroq” o‘ynashadi. Qiziq, kelasi yili Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatida ulardan qay biri peshqadamlikka da’vo qilar ekan?
Senegal
Eng yaxshi natijasi: 1/4 final, 2002 yil.
Mazkur top-ro‘yxatimizda sara ishtirokchilarning tanlangani bilan Senegal terma jamoasi etakchilik qilmoqda. "Napoli"dan Kalidu Kulibali, "Liverpul" yulduzi Sadio Mane, "Everton" tayanchi Idrissa Geye, "Monako"ning yosh iqtidori Keyta Balde bu jamoada to‘p surishadi. Murabbiy Alyu Sisse esa jamoga “quyib qo‘ygandek yarashadi”. Saralash turnirida jamoa bironta ham o‘yinni boy bermadi: 4 ta g‘alaba hamda 2 ta durang natija. Kulibali boshchiligidagi himoyachilar 6 ta bahsdan 4 tasida darvozaga hech kimni yaqin yo‘latishmadi, bu esa himoya tizimi puxta o‘ylanganiga yaqqol misoldir.
Bu jamoaning JChga ikkinchi marotaba chiqishi. Yaponiya va Janubiy Koreya maydonlarida o‘tgan mundialda Evropa va jahon chempionlari hisoblangan frantsuzlarning dodini berishgan edi. Ammo chorakfinal bosqichida Turkiya bilan bo‘layotgan to‘qnashuvda qo‘shimcha vaqt doirasida g‘alabani boy berishdi. O‘sha paytda terma tarkibida El-Xaji Diuf va Papa Diop kabi yulduzlar ham bor edi.
Qanday natija kutish mumkin?
Senegal boshqalarni hayratlantirishning uddasidan chiqa oladi. Bunday ajoyib tarkib bilan ular har qanday qiyinchilikdan chiqib keta olishi kerak. 16 yil avvalgi muvaffaqiyatni takrorlash uchun ularda barcha imkoniyatlar etarli.
Islandiya
Eng yaxshi natijasi: JCh debyuti.
Islandiya terma jamoasi tarixida ushbu mundial birinchi marotaba sodir bo‘lmoqda. O‘tgan yili Evro—2016 dagi debyutida barchani lol qoldirishgandi. Bo‘lajak chempion Portugaliyaga ham tutqich bermagan islandlar 2:1 hisob bilan inglizlar ustidan g‘alaba qozonib chorak finalga yo‘l olishgandi. Ular JCh-2018 saralash bosqichidan silliqqina o‘tib ketishgani ham rost. Jamoada yulduzlar uncha ko‘p emas. Termaning eng katta umidi bo‘lgan Gilfi Sigurdsson saralash raundida ajoyib natija ko‘rsatdi ( gol+pas tizimida 7 ochko). Bosh murabbiy Xeymir Xadlgrimssonni ham mo‘’jizalar yaratishga qodir deb bemalol aytishimiz mumkin. 2014 yil jamoani qabul qilib olgach, 2 yil o‘tar-o‘tmas ularni yirik turnirga olib chiqdi hamda barcha uchun esda qolarli bo‘lgan “ertak”ni yaratdi go‘yo. Terma jamoani qo‘llab-quvatlaganlar muxlislarni aytmaysizmi?!
90-yillar o‘rtasida Reykyavik instituti direktori Yon Sigfusson o‘smirlar orasidagi giyohvandlik va alkogolizm muammolarini hukumat oldida ko‘tarib chiqqandan so‘ng Islandiya sportida sezilarli o‘zgarishlar kuzatila boshlandi. Mamlakatda 10ga yaqin futbol bazalarini yaratish tashabbusi ham ushbu direktordan chiqqan edi. To‘g‘ri, bu tashabbus davlat byudjeti uchun anchagina qimmatga tushgan edi, biroq buning natijasi o‘laroq yoshlar orasida alkogolizm muammosi 42 foizdan 5 foizgacha qisqardi. Hozirgi kunda aholining 12 foizi futbolga bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanadi. JCh—2014 da Norvegiya bilan bo‘lgan saralash turnirida hal qiluvchi bahsda jamoani qo‘llab-quvvatlash chun naq 3 mingta islandiyalik (aholining 1 foizi) Osloga yo‘l olgan edi.
Qanday natija kutish mumkin?
Nima bo‘lganda ham Islandiya guruh tarkibidan chiqishi kerak. Agar jamoa Evro-2016 da ko‘rsatgan muvaffaqiyatini takrorlay olsa, marrani zabt eta oladi. Endi bu yog‘i “viking”larga kim raqib bo‘lishiga bog‘liq. Frantsiya tuprog‘ida bo‘lganidek, grandlar ustidan yana g‘alaba qozonish Islandiyaning qo‘lidan keladi. Shunday ekan Islandiya anchagina vaqt Rossiyada “mehmon” bo‘lishi mumkin.
Eron
Eng yaxshi natijasi: JCh gurux bosqichida 3-o‘rin.
Osiyoning “pichoqqa ilinadigan” jamoasi sifatida Eron termasini ko‘rsatishimiz mumkin. Uch karra mintaqa chempioni, to‘rt karra bronza sohibi. JCh-2018 kvalifikatsiyasida Eron bitta ham o‘yinni boy bermadi, Janubiy Koreya, Suriya, O‘zbekistonni ortda qoldirib, birinchiliknihususiylashtirib oldi. Jamoaning aksariyat a’zolari Evropada ham to‘p surishadi. Serdar Azmun, Said Ezzatullah, Milan Muhammadi kabilar "Rubin", "Amkar" va "Axmat"da o‘ynashadi.
2001 yilga kelib mamlakatning eng yuqori futbol divizioniga aylangan Pro-liga tashkil etildi. Aynan shu narsa Eron futbolida o‘zgarishlar yasadi. Moliyaviy kamchiliklarga qaramasdan mahalliy klublar o‘z ustida ishlash uchun barcha sharoitlarga ega. Aksariyat klublar yoshlarni jalb qilishga harakat qilmoqda, “o‘ziga to‘qroq”lari esa evropalik murabbiy va futbolchilarni taklif qilishmoqda. Terma jamoa mezbonlik o‘yinlarini 100 ming kishi sig‘adigan muhtasham stadion “Azadi”da olib boradi.
Qanday natija kutish mukin?
Eron terma jamoasi o‘yin uchun aniq va maqsadli strukturani ishlab chiqqan. Jamoa bosh murabbiyi Karlush Keyrush jamoa tarkibi ustida anchagina mehnat qilgan. Har qanday holatda ham Eron kvartetning 2-pog‘onasiga ko‘tarilish uchun kurashishi kerak. Joriy yilda pley-off o‘yinlariga chiqish uchun jamoaning imkoniyati ancha yuqori, chunki tarkib juda puxta tuzilgan.
Shuningdek, Muhammad Solih rahbarligidagi Misr terma jamoasini hamda Moskva “Lokomotiv”i forvardi Jefferson Farfanning Peru terma jamoasini alohida eslatib o‘tish o‘rinlidir. Bular o‘zidan ancha ilgarilab ketgan jamoalarga ham “dars o‘tib qo‘yish”ga qodir. Sizningcha, bo‘lib o‘tajak mundialda kim “avjiga chiqadi”?
Saodat Abdurahmonova tayyorladi
Fikrlar