
Ro‘ziqul Berdiev: Agar taqvim o‘zgarmasa so‘nggi 3 turdagi o‘yinlarimizni qoldirishni so‘raymiz
Xabaringiz bor, joriy yilning avgust oyida Jakartada navbatdagi Osiyo o‘yinlariga start beriladi. Ushbu musobaqaning futbol sport turi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini Ravshan Haydarov boshchiligidagi futbolchilarimiz himoya qilishadi. Bugun olimpiya terma jamoamizning navbatdagi yig‘in uchun kengaytirilgan tarkibi e’lon qilindi. Ushbu yig‘inga «Nasaf»dan 9 nafar futbolchi chaqirilgan, shulardan 4tasi (Azizjon G‘aniev, Doniyor Narzullaev, Odil Hamrobekov va Bobir Abdixoliqov) terma jamoa bilan Jakartaga jo‘nab ketishadi.
Ushbu futbolchilar «ajdarlar»ning bugungi kundagi etakchilari hisoblanishadi. Xo‘sh, agar ular terma jamoa bilan Indoneziyaga ketsa «Nasaf» Superliganing so‘ngi 3 ta turida nima qiladi? Bu savolga javob olish maqsadida jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev bilan bog‘landik:
-Albatta, bu futbolchilar asosiy tarkib o‘yinchilarimiz sanalishadi, ularsiz jamoaga chinakamiga qiyin bo‘ladi.
Voqealar rivoji qanday tus olishini vaqt ko‘rsatadi, agar PFL qolgan 3 ta turni Osiyo o‘yinlari boshlanguniga qadar yoki tugagach o‘tkazsa, bu yaxshi, ammo ikkita musobaqa ham parallel ravishda olib borilsa, «Nasaf» ancha qiynaladi, shu sababdan rahbariyat bilan kelishgan holda, o‘z huquqlarimizdan foydalanib, o‘yinlarni qoldirishni so‘rab rasmiy xat bilan PFLga murojaat qilamiz, -deydi Ro‘ziqul Sa’dullaevich SPORTS.uz muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda.
Azamat Umarov
Fikrlar