Ro‘ziqul Berdiev: “Lokomotiv” bilan bahsda individual mahorat katta rol o‘ynadi
Oliy Liga 6-turidan o‘rin olgan “Lokomotiv” – “Nasaf” (2:1) uchrashuvidan keyin har ikkala jamoa murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanining dastlabki qismida jamoamiz ustozi Ro‘ziqul Berdiev o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bugun biz o‘yinni yaxshi boshlagandik. Ammo o‘tkazib yuborilgan gol barchasini o‘zgartirib yubordi. Tajribali jamoaga qarshi avval gol o‘tkazib yuborib, o‘ynash xavfli. Ikkinchi bo‘lim boshida ham qupol xatomiz orqali yana gol o‘tkazib yubordik. Bu holat vazifamizni yanada qiyinlashtirib qo‘ydi. Albatta yigitlarga e’tirozim yo‘q. Ular bugun imkon qadar harakat qilishdi. Lekin bugungi o‘yinda individual mahorat katta rol o‘ynadi. Bunga Bikmaevni misol qilib ko‘rsatish mumkin. “Lokomotiv” ana shunady mahoratli o‘yinchilarning o‘yini evaziga g‘alaba qozondi.
Osiyo chempionlar ligasi bahslari har yilgidan vaqtliroq boshlandi. Shu bois jamoalar mavsumga tayyorgarlikni ancha vaqtli boshlashdi. Bu musobaqada o‘ynagan barcha klublarga qiyin bo‘layotgani rost. Ammo bu bahona bo‘la olmaydi. Bunga ko‘nikish kerak. Tayyorgarlikni shunga qarab olib borish kerak.
Chempionatimizda kutilmagan natijalar qayd etilishi yaxshi holat. O‘tgan yillarda 6-7-turlarga kelib qaysidir jamoa yakka peshqadam bo‘lib olardi. Hozir esa vaziyat butkul boshqacha. Bu yil chempionatimiz har yilgiga nisbatan boshqacha o‘tmoqda. To‘g‘ri, etakchi futbolchi har bir jamoaga kerak. Erkinov jarohat oldi, u Cheran bilan hamohang o‘yin ko‘rsatayotgan edi. Afsuski u keyingi o‘yinlarimizda bizga yordam bera olmayapti”, - deb Ro‘ziqul Berdiev so‘zlaridan iqtibos keltiradi "Nasaf" matbuot xizmati.

Fikrlar