Ruslan Nurudinov safga qachon qaytishi ma’lum bo‘ldi

BEPUL PROPAN

 

Joriy yilning oktyabr oyida Ruminiya poytaxti Buxarestda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Ijroqo‘mining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2018 yilda Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati Toshkentga ko‘chirilishi haqida qaror qabul qilindi.

Demak, 2018 yilda O‘zbekiston og‘ir atletika bo‘yicha ikkita yirik musobaqaga mezbonlik qiladi. 3-14 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan tashqari, aprelning 20-30 sanalarida o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati ham aynan O‘zbekistonda tashkil etiladi.

Mazkur nufuzli musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, atletlarning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, qolaversa ko‘pchilik sport ishqibozlarini qiziqtirayotgan mavzu – Olimpiya o‘yinlari chempioni va rekordchisi Ruslan Nuridinov xaqidagi yangiliklar bilan tanishish maqsadida Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Yakkakurashlar bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Shahrillo Mahmudov bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.

– Shahrillo Sharipovich, Buxarestda bo‘lib o‘tgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Ijroqo‘m yig‘ilishida kelasi yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati mezbonligi O‘zbekistonga topshirildi. Aslida mazkur nufuzli musobaqaga KXDR poytaxti Pxenyan mezbonlik qilishi kerak edi. Aytingchi, jahon chempionati mezbonligi nega Shimoliy Koreyadan olib qo‘yildi va mezbonlikka nomzod bo‘lgan davlatlar orasida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi nega aynan O‘zbekistonni tanladi?

– Bu ko‘proq siyosiy vaziyat bilan bog‘liq holat. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasiga bugungi kunda 190 ta davlat a’zo bo‘lsa, ularning 40 dan ziyodi Xalqaro federatsiyaga rasman murojaat qilib, jahon chempionati o‘tkazilsa Koreya yarim orolidagi siyosiy vaziyat sabab Pxenyanga o‘z terma jamoalarini yubora olmasliklarini ma’lum qilishdi. Barchaga ma’lumki sport – tinchlik elchisi, millatlar va xalqlar o‘rtasidagi totuvlik, bag‘rikenglikni ta’minlaydigan qudratli vositadir.

Ammo shu bilan birga musobaqalar o‘tkaziladigan shaharda eng avvalo barqaror vaziyat hukm surishi kerak, shuningdek, unda ishtirok etuvchi sportchi, murabbiy va hakamlarning xavfsizligini ta’minlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. KXDR jahon chempionatini o‘tkazish huquqini 2016 yilda Tbilisida bo‘lib o‘tgan Ijroqo‘m yig‘ilishida qo‘lga kiritgandi. Pxenyandan tashqari uni o‘tkazish uchun Minsk (Belorussiya), Eylat (Isroil), Anaxaym (AQSh) va Toshkent (O‘zbekiston) shaharlari kurash olib borgan edi.

Yakunda ovoz berish natijalariga ko‘ra Pxenyan birinchi, Toshkent ikkinchi o‘rinni egallagan va o‘z o‘zidan poytaxtimiz jahon chempionati mezbonligiga zaxira varianti sifatida ko‘rilgandi. Shu boisdan ham Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi KXDRni jahon chempionati mezbonligidan mahrum qilgach, o‘z reglamentiga asosan uni Toshkent shahriga ko‘chirish xaqida qaror qabul qildi. Yana bir muhim jihati shundaki, mamlakatimizda yirik musobaqalar, nufuzli xalqaro turnirlarni yuqori saviyada o‘tkazish tajribasi mavjud. Buning uchun bizda barcha sharoitlar bor.

Bu sport majmualari bo‘ladimi, mehmonxonalar bo‘ladimi, barchasi jahon standartlariga javob bera oladi. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi aynan shu jihatlarni ham hisobga oldi. Qolaversa jahon chempionatiga qadar O‘zbekiston o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga ham mezbonlik qiladi. Mazkur musobaqa 2018 yilning 20-30 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Dastavval qit’a chempionatini ham Toshkentda o‘tkazishni rejalashtirgandik, ammo mamlakatimiz turizm salohiyatini yuksaltirish, qolaversa viloyatlarda ham ushbu sport turini yanada rivojlantirish, yoshlar orasida ommaviyligini oshirish maqsadida Osiyo chempionatini Urganch shahrida qabul qilish masalasida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasiga murojaat qildik.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Urganchda musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish uchun ajoyib manej bor. Mehmonxonalar masalasida ham muammolar bo‘lmaydi. Musobaqa bahonasida Urganch va Xiva shaharlari orasida maxsus turistik avtobus marshrutlari tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu o‘z navbatida yurtimizga tashrif buyuradigan yuzlab mehmonlar, sportchilar, murabbiylar, hakamlar va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga Ochiq osmon ostidagi muzey nomi bilan mashhur bo‘lgan ko‘hna va hamisha navqiron Xiva shahriga ekskursiyalar uyushtirish imkonini beradi. Bu bilan jonajon O‘zbekistonimiz sayyohlik salohiyatini dunyo ahliga ko‘rsata olsak nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

– O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi jahon chempionatidek nufuzli musobaqani qabul qilishga qanchalik tayyor? Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining bizga bo‘lgan ishonchini oqlay olamizmi? Umuman bu borada federatsiya oldida qanday rejalar bor?

– Avvalo shuni aytib o‘tishni hohlardimki O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining yordamisiz biz xalqaro maydonda bugungi mavqeimizga erisha olmasdik. Ishonchim komilki ularing yordamida biz har ikkala nufuzli musobaqani eng yuksak saviyada o‘tkaza olamiz. Yana bir muhim jihati shundaki, biz barcha rejalarimizni bosqichma bosqich amalga oshirishni maqsad qilganmiz. 2005 yildan beri, ya’ni so‘nggi 12 yil davomida mamlakatimizda og‘ir atletika bo‘yicha o‘ndan ziyod xalqaro musobaqalar, turli seminar va texnik kurslar o‘tkazildi.

2013 yilda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati mezbonligini bizga ishonib topshirdi va ushbu musobaqa katta muvaffaqiyat bilan tashkil etildi. Mana endi nasib qilsa, 2018 yilda Toshkentda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini qabul qilamiz. Demak, keyingi navbatda endi kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati kutib turibdi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, bizda ushbu musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha zarur sharoit bor. Eng muhimi esa hukumatimiz tomonidan bizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amho‘rlik. Shunday ekan, biz qit’a va jahon chempionatini eng yuqori saviyada o‘tkazamiz.

– Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, Olimpiya o‘yinlari rekordini yangilagan va bu bilan o‘zbek og‘ir atletikasi tarixida yangi sahifa ochgan Ruslan Nurudinov XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng shu paytga qadar dam oldi. Ya’ni barcha musobaqalar va hattoki mashg‘ulotlardan ozod etildi. U qachondan mashg‘ulotlarni boshlaydi va Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlarida ham Riodagi muvaffaqiyatli ishtirokini takrorlay olishiga qanchalik umid bor?

– Ruslan Nuridinovning bugungi kundagi ta’til holati bu O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan o‘ziga hos strategiya bo‘lib, undan ko‘zlangan asosiy maqsad sportchimizni navbatdagi Olimpiya o‘yinlariga asrash, 2020 yilda Tokioga uni yuqori sport formasida olib borish va kunchiqar yurtda ham uning olimp shohsupasiga ko‘tarilishiga zamin yaratish bilan bog‘liqdir. To‘g‘ri, Ruslan 2016 yilning sentyabridan beri og‘ir yuklamali mashg‘ulotlar o‘tkazmayapti, lekin bu u sportni butunlay tashlab qo‘ydi degani emas. U bizning doimiy nazoratimizda trenajer zallarida mashg‘ulot o‘tab turibdi.

Ko‘pchilikka yaxshi ma’lumki har bir sportchining professional faoliyatida yuksalish va pasayish davri bo‘ladi. Ya’ni biror bir nufuzli xalqaro musobaqa, bu jahon chempionati bo‘ladimi, Olimpiya o‘yinlari bo‘ladimi, ularda muvaffaqiyatga erishgan sportchi buning uchun tinimsiz mashg‘ulotlar o‘tkazishi, ko‘p narsalardan voz kechishi kerak bo‘ladi. Keyinchalik esa musobaqalardan so‘ng uning organizmida fiziologik o‘zgarishlar ro‘y berishi va jismoniy holati pasayishi tabiiy hol. Ruslan misolida oladigan bo‘lsak, u Olimpiya o‘yinlari chempionligiga erishgunga qadar 4 yil davomida tinimsiz mashg‘ulotlar olib bordi. Katta yuklamalarga dosh berdi. Tabiiyki uning organizmi ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan ancha toliqdi. Uni bu yilgi xalqaro musobaqalardan ozod etganimizning asosiy sababi ham aslida shu.

Yana bir muhim jihati, 4 yillik olimpiya tsikli yakunlangach, navbatdagi tsiklga o‘tish davri, ya’ni bo‘lajak Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning birinchi yilida sportchi ruhan dam olishi, o‘zi anchagina bezib qolgan shtangadan iloji boricha nariroq yurishi va organizmiga biroz hordiq berishi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbek sportida ketma ket jahon chempionligiga erishib, o‘z vazn toifasi yoki yo‘nalishida dunyoda tengsiz bo‘lib, keyinchalik Olimpiya o‘yinlarida kutilgan natijani qayd eta olmagan sportchilar talaygina.

Misol uchun Baydarka va Kanoe sport turida Vadim Menkov ketma ket ikki marta jahon chempionligini qo‘lga kiritib, Olimpiya o‘yinlarida ham g‘oliblikkka asosiy da’vogar sportchilardan sanalgandi. Ammo aynan Olimpiya o‘yinlariga kelib unda pasayish kuzatilgan va ko‘zlangan natijaga erisha olmagandi. Yoki bo‘lmasa dzyudochimiz Rishod Sobirovni olaylik, Rishod o‘z vazn toifasida birinchi raqamli sportchi bo‘lib, Londondagi Olimpiya o‘yinlari oldidan ikki marta jahon chempionligini tantana qilgandi, ammo Olimpiya o‘yinlarida faqat bronza medallari bilan cheklanib qoldi. Vaholanki Rishodning potentsiali shak shubhasiz Olimpiya o‘yinlarining oltin medaliga tortardi. Bu holatni bokschimiz Abbos Atoev va taekvondochimiz Dmitriy Shokin misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Ular ham o‘z vazn toifalarida dunyoda eng kuchli sportchi sifatida qayd etilib, jahon chempionligiga erishishgandi. Ammo afsuski aynan Olimpiya o‘yinlariga kelib ularda jismoniy jihatdan pasayish kuzatildi.

Men hozir sanab o‘tgan sportchilarning har biri shubhasiz o‘zbek sporti tarixida o‘chmas iz qoldirishgan. Ammo ularning tayyorgarligiga strategik jihatdan to‘g‘ri yondoshilganida, ishonchim komilki natijalar bundan-da yaxshiroq bo‘lgan bo‘lar edi. Biz esa ana shu xatolarni takrorlashni istamadik va Ruslan Nurudinovni Tokio Olimpiadasiga asrashni lozim topdik. Ruslan rejaga ko‘ra shu yilning dekabr oyidan mashg‘ulotlarga rasman kirishadi. Chunki kelasi yili bizni Osiyo o‘yinlari va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi qator litsenzion musobaqalar kutib turibdi. Ruslan esa mazkur musobaqalarni aslo o‘tkazib yubora olmaydi. Men shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, avvalo yaratgan bizni qo‘llab quvvatlab tursa, tayyorgarlik jarayonini ko‘ngildagidek tashkil etsak, eng muhimi jarohatlar atletlarimizni chetlab o‘tsa Ruslan Nurudinov xudo hohlasa Tokioda yana olimp shohsupasiga ko‘tariladi. Qanday medalni qo‘lga kiritishini aniq ayta olmayman oltinmi, kumushmi, bronzami, lekin u shohsupada aniq bo‘ladi.

– So‘nggi yillarda o‘zbek og‘ir atletikasida aytish mumkinki “oltin avlod” shakllandi. Ruslan Nurudinovdan tashqari Ivan Evremov, Rustam Djangabaev, Ulug‘bek Alimov, Doston Yoqubov kabi atletlarimiz bir qator nufuzli xarqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Qolaversa Farxod Sobirov, Adhamjon Ergashev, Shahzod Xudoyberganov kabi yosh polvonlarimiz nafaqat qi’amizda balki jahonda ham o‘z so‘zlarini aytishga ulgurishdi.Aytingchi, o‘zbek og‘ir atletikasida ana shunday “oltin avlod”ning yuzaga kelishi eng avvalo nima bilan bog‘liq?

– Buning eng asosiy sababi mamlakatimizda davlatimiz tomonidan sportga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, biz sportchilarga hukumat darajasida yaratib berilayotgan sharoitlar deb bemalol ayta olaman. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, dunyoning qaysi davlatida sportni rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, sportchi va murabbiylarni rag‘batlantirish, ularning sportdan keyingi xayoti xaqida qayg‘urish masalalariga bizdagi kabi e’tibor qaratiladi? Birgina 2017 yilning o‘zida muhtaram Prezidentimizning sportga oid beshta qarorlari e’lon qilindi. E’tibor bering, bu faqat bir yilning o‘zida e’lon qilingan sohani rivojlantirishga doir qarorlar.

Og‘ir atletika misolida ko‘radigan bo‘lsak, 2009 yilda O‘zbekiston terma jamoasi dunyo reytingida 44-o‘rinda qayd etilgandi. Qisqa davr mobaynida biz misli ko‘rilmagan yuksalishga erishib, dunyo miqyosida kuchli to‘rtlikka kirib oldik. Hozirda birorta musobaqa yo‘qki o‘zbekistonlik atletlar unda medallarni qo‘lga kiritishmasa. 2017 yil hisobidan terma jamoamiz a’zolari Bokuda bo‘lib o‘tgan IV “Islom birdamlik o‘yinlari”, may oyida Osiyo chempionati, sentyabrda Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarida ishtirok etishdi va ularning barchasida munosib qatanashib, yurtimizga medallar shodasi bilan qaytishdi.

Farhodbek Sobirov yoshlar o‘rtasida ketma ket ikkinchi marta jahon chempionligiga erishdi. Yana bir e’tiborli tomoni, biz bu yilgi musobaqalarda aytib o‘tganimizdek asosiy atletimiz, Olimpiya o‘yinlari chempioni Ruslan Nurudinovsiz ishtirok etdik. Uning vazn toifasida Ashxobodda Osiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘lgan Ivan Efremov qayd etgan natija bemalol jahon chempionatida medal kafolatlaydi. Shuningdek, Farxod Sobirovning natijasi ham jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilish uchun etarli bo‘ladi. Bu o‘z navbatida Ruslan Nurudinovga ham o‘ziga hos raqobatni yuzaga keltiradi. Biz esa sog‘lom raqobat tarafdorimiz.

Joriy yil hisobidan oldimizda so‘nggi imtixon qoldi. U ham bo‘lsa 28 noyabr - 6 dekbr kunlari oralig‘ida AQShning Kaliforniya shtati, Anaxaym shahrida bo‘lib o‘tadigan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati. Terma jamoamiz yilning eng nufuzli musobaqasida 10 nafar sportchi bilan ishtirok etadi. Ularning sakkiz nafarini yigitlarimiz tashkil etsa, ikki nafar qizimiz ham jahon chempionatida chiqish qilishadi. Hozirda sportchilarimiz murabbiylar shtabi bilan mazkur musobaqaga qizg‘in hozirlik ko‘rishmoqda. Umid qilamanki, jahon chempionati ham biz uchun omadli keladi va barchamiz yilni munosib tarzda yakunlay olamiz.

– Bokuda bo‘lib o‘tgan “Islom birdamlik o‘yinlari”, shuningdek Ashxobod shahri mezbonlik qilgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarida og‘ir vazndagi polvonimiz Rustam Djangabaev ko‘pchilikda juda iliq taassurot qoldirdi. U nafaqat oltin medallarga ega chiqdi, balki musobaqa rekordini ham yangilashga muvaffaq bo‘ldi. O‘zbek og‘ir atletikasi muxlislari bundan buyog‘iga Rustam, qolaversa tajribali Ivan Efremov, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Farxodbek Sobirovdan Olimpiya o‘yinlarining medallarini ham kutishga xaqlimilar?

– Albatta xaqlilar, biz ham bu borada ma’lum ishlarni olib bormoqdamiz. Aslida Tokio 2020 musobaqasiga tayyorgarlikni Rio-2016 Olimpiya o‘yinlariga ketishdan avval boshlab yuborganmiz desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki eng avvalo terma jamoaga munosib zaxira yaratishni maqsad qilgandik. Adham Ergashev, Farxodbek Sobirov, Shahzod Xudoyberganov, Rustam Jangabaev kabi atletlarimiz ana shu olib borilgan ishlar mahsuli desam xato bo‘lmaydi.

Sportda barcha narsa maqsadga bog‘liq. Bir paytlar biz musobaqalarda kuchli o‘nlikka kirishni maqsad qilgan bo‘lsak, hozirda faqat medallar uchun kurash olib bormoqdamiz. Og‘ir atletikada har bir musobaqada “A”, “V”, “S” toifalari bo‘ladi. Shukrki, O‘zbekiston terma jamoasi hozirda istalgan musobaqada faqat “A” guruhida kurash olib boradi. Bu esa dunyoning eng kuchli 10 ta atleti qatorida medallar uchun kurashish imkonini beradi. Tokio Olimpiadasida yoshlarimizdan umidlarimiz katta.

Misol uchun ikki karra jahon chempioni Farxodbek Sobirov hozirda 20 yoshda. 2020 yilda esa u 23 yoshda bo‘ladi. Yaxshi ma’lumki, katta sportda aynan 22-25 yosh professionallikning eng navqiron davri hisoblanadi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak Tokioda Adham Ergashev, Farxodbek Sobirov, Shahzod Xudoyberganov, Rustam Jangabaevlar Ruslan Nurudinov, Ivan Efremov, Ulug‘bek Alimov, Doston Yoqubov kabi tajribali atletlarimizga chin ma’noda tayanch bo‘lishadi. Shunday ekan kunchiqar yurtda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida natijalarimiz yanada yaxshilanishiga ishonaman.

– Shahrillo Sharipovich, mazmunli suhbat uchun sizga rahmat. Oldinda turgan muhim musobaqalarda sizga va siz orqali O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi, terma jamoamiz murabbiylar shtabi va albatta atletlarimizga omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz. O‘z navbatida sizlardan jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarining medallarini kutib qolamiz.

– Rahmat...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!