
Sambochilarimiz AQShdagi turnirda jami 8 ta medalni qo‘lga kiritishdi, 4 tasi oltin
Nyu-York shahrida sambo bo‘yicha kadetlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida AQSh ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur turnirda Kanada, O‘zbekiston, Eron, AQSh va Qozog‘iston davlatlaridan 96 nafar sambochilar turli yosh va vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib bordilar.
Ayollar o‘rtasida 52 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nilufar Rahmonova finalda kanadalik Yuliya Kanoplinaga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda ikki nafar sportchimiz Alibek Abduev (-82 kg) va Olimjon Norov (-100 kg) bronza medallari bilan taqdirlanishdi.
Turnirning jangovar sambo yo‘nalishida esa Baxtiyor Norov (68 kg), Nurali Bakirdinov (-74 kg) va Alibek Abduev (-82 kg) barcha raqiblaridan ustun kelgan holda oltin medallarga ega chiqishdi.
Sambo bo‘yicha xalqaro sport ustalari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda Ubaydulla Toirov 62 kg vaznda kumush medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, +100 kg vaznda Shuhrat Yusupov kanadalik Oliver Bayronni mag‘lub qilib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shunday qilib, vakillarimiz ushbu musobaqada jami 4 oltin, 2 kumush va 2 bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
Fikrlar