
San’at Shixov bilan ochiq intervyu
Futbolchilar ham har xil bo‘lishadi. Kimdir boshqalar bilan qanday muomala qilishni bilsa, yana kimdir kamgap yoki qaysar bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga ko‘pchilik futbolchilarni yaxshi pul topishadi, nega o‘ynashmaydi, deb ham koyib qo‘yishadi. Shuni yaxshi bilamizki, futbolchi bo‘lish oson ish emas va chinakam futbolchi o‘z nomini oqlay olishi kerak. Haqiqiy futbolchi har tomonlama shu nomga munosib bo‘lishga harakat qiladi. Uning ishi faqat futbol bilangina cheklanib qolmaydi. Chunki xalqning e’tiborida bo‘lgan o‘yinchi doimo yurish-turishi va maydondan tashqaridagi hayotida ham boshqalarga o‘rnak bo‘la olishi lozim. Biz ishimiz yuzasidan ko‘plab futbolchilar bilan uchrashamiz, ular bilan suhbatlashamiz. Mana shunday jarayonda hammaning xarakteri turlicha bo‘ladi. Kimdir gapga no‘noqroq bo‘lsa, yana kimdir o‘zini suhbatdan olib qochadi. Bizning bugungi suhbatdoshimiz esa San’at Shixov.
Ha, muxlislarimiz uchun ushbu o‘yinchi juda yaxshi tanish. Haqiqatan iqtidorli futbolchi. Joriy mavsumni «Buxoro» safida o‘tkazgan Shixov terma jamoaga ham nomzod o‘yinchilardan biri sanaladi. Lekin hozircha u milliy terma jamoadan chetda va ayni paytda yangi mavsum haqida o‘ylamoqda. Bizning u bilan suhbatimiz shu qadar samimiy va ochiq tarzda kechdiki, qanday qilib vaqt o‘tib ketganini ham sezmay qoldik. Shixov hali hech kimga aytmagan gaplarni ham aytdi. Shu bilan birga «Buxoro»dagi ishtiroki, pulsizlik, futbolchilarni himoya qilayotgan PFL, terma jamoa, yoshlikdagi yulduzlik kasali, Urugvayga safar qilgan chog‘ida dadasining vafot etgani, umuman olganda shu va shunga o‘xshash boshqa ko‘plab qiziqarli mavzularda gap bordi. Shuni e’tirof etishimiz kerakki, San’at nafaqat ajoyib futbolchi, balki ajoyib inson ekanligi bilan ham hurmatimizni qozondi. U terang fikrlaydigan, hayotda shirin va achchiq kunlarni ko‘rib kelayotgan inson, fikrlashlari ancha jiddiylashgan hamda rostgo‘ylik uning uchun ustivor vazifaga aylangan. Biz u bilan suhbatda yana bir karra San’at Shixovni kashf etdik desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ishonamizki, futbolchi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat aslo sizni zeriktirmaydi va o‘qiganingiz uchun afsuslanmaysiz.
«Kuchli oltilikka kirganimizdan keyin mukofot pullarisiz o‘ynashimizni aytishdi»
- San’at, Superliganing yangi formati bo‘yicha «Buxoro» klubi kuchli oltilikka kirgunicha yaxshi o‘yin ko‘rsatgandi, ammo keyinchalik buning aksini kuzatdik. Aslida nima bo‘lgandi?
- Superliganing bu formatida yaxshi va yomonlar taraflari ham bo‘ldi. Yaxshi tarafi shunday bo‘ldiki, kuchli oltitalikka kirish uchun hamma jamoalar bor kuchi bilan o‘ynashdi, maydonda chinakam raqobat bo‘ldi. Shu tomonlama chempionatimizda o‘sish bo‘ldi. Kuchli oltilik bilan quyi oltilik ajralganidan keyin bizning jamoa yuqori oltilikdagi eng kuchsizi bo‘lib qoldi. Buning esa o‘ziga yarasha sabablari bor. Kuchli oltilikka kirganimizdan keyin klub rahbariyati bilan futbolchilar o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Odatda rahbarlar har doim o‘yinchilarning kayfiyatini ko‘taradigan, ruhlantiradigan gaplarni aytishadi, to‘g‘rimi? Ammo u erda shunday gap bo‘ldiki, ular bizni ruhlantirishning o‘rniga, klubda moliyaviy tomondan muammolar bo‘lyapti, endi bu yog‘iga har bir g‘alaba uchun beriladigan mukofot pullarisiz o‘ynaysizlar, degan ma’noni bildiruvchi gaplarni aytishdi. Kuchli oltitalikka kirganimizdan keyin «Buxoro»da hammaning ruhiyati tushib ketdi. Pul yo‘qligini bilasiz va pulsiz o‘ynashga majbursiz. Nimaga bunday bo‘ldi degan savol tug‘iladi. Bilasizmi, klub rahbariyati tomonidan oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarib, Superligada qoldik deya e’tiborsizlik boshlandi. Shu narsani futbolimizdagi eng katta kamchilik deb hisoblayman. Bilasizmi, bunday paytda futbolchilar o‘zlarini qanday his qilishadi? Ishlatib, ishlatib keyin sizni keraksiz buyumga chiqarib qo‘yadi-ku, o‘zimizni xuddi shunday his qildik. PFLga o‘zbek futbolining muxlisi sifatida maslahatim bor: PFLning bu yilgi siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Yil boshlanishi oldidan klublarning yillik byudjeti tasdiqlanadi, PFL hammaga bir xil tarzda yillik smetani 20 yoki 25 milliard miqdorda bo‘lishini qat’iy belgilashi kerak va buning uchun hammaga bir xil imkoniyat berishi lozim. Agar senda shuncha smeta yo‘qmi, u holda chempionatga qo‘yilmasligiga qat’iy turib olishi lozim. O‘sha PFLning talabidan nechta jamoa o‘tsa, faqat o‘shalar o‘ynasin. 10 ta bo‘ladimi yoki 8 tami farqi yo‘q. Nimaga har doim futbolchilar jabr ko‘rishlari kerak? Axir ularning ham o‘z hayoti va oilasi bor-ku. Qiziq, hammasi futbolchilarni tekinga o‘ynatgisi keladi. Qani, bu erda teng huquqlilik? Maydonda rahbariyat yoki boshqalar emas, biz futbolchilar o‘ynaymiz-ku. Maydonda mehnatni biz qilamiz, ammo pulini boshqalar olishadi. Yil 12 oy bo‘lsa, shundan 11 oyini doimiy tarzda mehnat, mashg‘ulot va o‘yinlar bilan o‘tkazamiz. Oilamizda uzoqda bo‘lamiz. Shumi bizga rahmati?! Muxlislarni ham tushunaman, agar biz yaxshi o‘ynamasak ularning ham kayfiyati tushib ketadi. Kuchli oltitalikka kirganimizdan keyingi ko‘rsatgan o‘yinlarimiz uchun buxorolik ishqibozlardan uzr so‘rayman. Bunday vaziyat bo‘lishiga muxlis aybdor emas. Yutqazgan o‘yinlarimizda ortimizda o‘yinni sotishdi va yana shunga o‘xshash hal xil bo‘lmag‘ur gaplarni ham eshitdim. Lekin men o‘zim uchun javob beraman. Men hech qachon bolalarimga xarom topilgan pulni edirmayman. Bu masala bo‘yicha birovga tushuntirish berishga majbur emasman, chunki Xudo ko‘rib turibdi, hammasini. Lekin ichimizda bunday ishlar bilan shug‘ullanadigan futbolchilar yo‘q, bunga ishonaman.
«Maosh bermasa, futbolchi pulni o‘ylasinmi yoki o‘yinnimi?»
- «Buxoro»dagi bunday munosabat albatta hech bir futbolchiga yoqmaydi. Bundan chiqdi, klubni tushkun holatda tark etdingizmi?
- Yo‘q, «Buxoro»ni tushkun kayfiyatda tark etmadim. Har bir o‘yinchi ham qaerda e’tibor va sharoit yaxshi bo‘lsa o‘sha erda o‘ynagisi keladi. Boya sizga rivojlanish yo‘lini aytdim, chindan ham hamma jamoa pullik bo‘lsa, shunda rivojlanish bo‘ladi. Maqsadi yo‘q jamoada o‘ynasangiz, kim ham bemaqsad ishlashni xohlaydi? Agarda «Buxoro»da ahvol yaxshilanmasa u erdan ketish haqida oldindan o‘ylab yurgandim. Lekin buxorolik muxlislar uchun afsuslanaman. Bunday shaharga o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan jamoa yarashadi. Lekin Buxoroda yana yaxshi jamoa tuzishadi deb umid qilaman.
- «Buxoro»ning sizlardan qancha miqdorda qarzi qoldi?
- Ko‘tarma pulining teng yarmi berilmadi. G‘alaba qozongan o‘yinlarimizdagi mukofot pullarini endi berishmasa ham kerak, mayli bunga roziman. Oylik maoshlarim bilan ko‘tarma pulimning qolgan yarmini berishsa bo‘ldi. Bu gaplarim bilan dardimni doston qilmoqchi emasman. Biz PFLga bu borada rasmiy xat bilan murojaat qilganmiz va ushbu tashkilot pullarimizni undirib berish bo‘yicha harakatni boshlagan. Buning uchun PFLga rahmat. Hali shu paytgacha o‘zbek futbolida bunaqasi bo‘lmagan. Futbolchilarni himoya qilish va pullarini undirib berish bo‘yicha PFLning qilayotgan ishlari tahsinga loyiq. Oldinlari esa vaziyat hattoki shu darajaga etib borardiki, futbolchilarni hech kim hurmat qilmasdi. Masalan, men o‘ynagan klublardan pullarim qolib ketgan. Ularga pullarimizni undirish maqsadida federatsiyaga yozaman desak, menga desa undan kattasiga yozmaysanmi, deyishardi. Hozir esa Xudoga ming bor shukrki, futbolchilarning huquqlari himoya qilinyapti. Umid qilamanki, bundan keyin ham ish unumdorligi shunday davom etadi. Nimagaki, futbolchilar himoyalanishi shart. Futbolchi hech nimani o‘ylamasdan faqat futbol o‘ynashi kerak. Muxlislar esa nimaga futbolchilar o‘ynashmaydi deb ko‘p so‘rashadi. Lekin o‘yinchi futbolni emas, pulni o‘ylab yursa qanaqasiga o‘ynasin, to‘g‘rimi? Oilangizda muammo bo‘lyapti, ularga pul kerak, sizdan pul so‘rashyapti, ammo klubda to‘rt oydan beri maosh olmayapsiz, mana shunday paytda siz futbolni o‘ylaysizmi yoki pulnimi? Mana shunday paytda ustingizdan kulgandek qilib, oriyat uchun o‘ynanglar desa, pul bo‘lmagandan keyin or qoladimi? Axir uyingizda qora ko‘zlar dadam pul topib kelarmikin, nimadir olib kelarmikin deb kutib o‘tirsa-yu, siz or uchun o‘ynab yuraverasizmi? Nimaga vaziyatning bu tomonini o‘ylashmaydi? PFL esa asta-sekin bunday muammolarni bartaraf etyapti. Shundan so‘ng futbolchilar ham ancha-muncha xotirjam bo‘lib qolishdi. Endi ular hech nimani o‘ylamasdan faqat futbol o‘ynashni boshlashyapti.
- «Buxoro»da ko‘tarma pullarimning yarmi qolib ketgan deyapsiz. Sir bo‘lmasa, bu qancha miqdorni tashkil qiladi. Shuningdek, klubning sizdan qancha oylik maosh qarzi qolgan?
- Meni hech nimadan yashiradigan narsam yo‘q, bemalol aytardim. Ammo shartnomada olayotgan pullar sir tutilishi haqida band bor. Aslida esa qarzdorlikning miqdorini aytish menga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Agarda pullarning miqdorini aytsam, menga klub tomonidan katta jarima qo‘llanilishi mumkin. Eshitishimcha, PFL yangi shartnomalar ustida ish olib borayotgan ekan. Futbolchilarning oylik maoshlari qancha ekanligini muxlislar bilishga haqqi bor. Aslida futbol olamida kimning qancha haq olayotgani ochiq-oydin aytiladi. Bizda esa hali ham sir tutilishiga ochig‘i tushunmayman. Kimdan sir saqlanadi? Bunga PFLning aloqasi bo‘lmagan va asosan bunday bandni klublarning o‘zlari o‘ylab topishgan.
- Sizni «Navbahor» bilan shartnoma tuzganingiz haqidagi xabarlar ham tarqaldi…
- «Navbahor» jamoasi bilan hozircha og‘zaki kelishganman, ammo hali shartnoma tuzganim yo‘q.
«Futbol men uchun kasb»
- Futbol siz uchun xobbimi yoki kasbmi?
- Futbol men uchun kasb. Meni boshqa pul topadigan biznesim yo‘q. Yoshligimdan aynan futbolni o‘zim uchun kasb qilib tanlayman deb niyat qilganman. Shuning uchun 12 yoshimdan uyimdan chiqib ketib, Toshkentga kelganman. Buning uchun ota-onamga ming rahmat. Axir 12 yoshli bolani boshqa, olis shaharga yuborishning o‘zi bo‘ladimi? Men Toshkentdagi Chig‘atoy futbol maktabiga avtobus va metrolarda qatnab shug‘ullanib yurganman. Men futbol orqali oilamni boqaman. Shuning uchun o‘z kasbimga jonimni berib, sidqidildan ishimni bajarishga harakat qilaman. Vaqti kelib futbolni tugatamiz. O‘shanda farzandlarimga aytib berish uchun faoliyatimda eslashga arzigulik natija qolishini xohlayman. Shuning uchun mehnat qilaman. Qachondir futboldan keyin ko‘cha-kuyda odamlar meni ko‘rib tanib qolishganida siz bizning jamoamiz uchun o‘ynab yordam bergansiz, buning uchun sizga rahmat deydigan gapni eshitish uchun qo‘limdan kelganicha yaxshi futbol o‘ynashga harakat qilaman. Yana bir gap: bu yil O‘zbekiston terma jamoasiga ham chaqirildim. Buning uchun Timur Kapadzega rahmat. Urugvay va yana boshqa raqiblarga qarshi o‘yinlar, umuman aytganda, terma jamoada o‘tkazgan har bir kunim men uchun qadrli bo‘ldi. O‘shanda ko‘rdimki, Kapadze misolida futbolimiz uchun kelajakda katta asqotadigan ajoyib murabbiy etishib chiqyapti. Bilasizmi, Urugvay bilan bahsda ular 100 foiz kuchi bilan o‘ynashmagandir, ammo o‘shanda O‘zbekistonning qanday imkoniyatlarga qodir ekanligini ko‘rdim. Hozirgi etishib chiqayotgan o‘zbek murabbiylarining salohiyati kuchli. Ulug‘bek Baqoevning tajovuzkor harakatlariga mos murabbiy O‘zbekistonda bo‘lmasa kerak. U o‘yin paytida bizdan ham ana shunday tajovuzkor o‘yinni talab qilardi. Baxtiyor Ashurmatov ham ajoyib mutaxassis. Balki hozir o‘zbek murabbiylarining yangi avlodi etishib chiqayotgani bilinmayotgandir. Ammo vaqi kelib bu juda katta asqotadi.
«Hozirgi paytda terma jamoaning darajasidagi futbolchi emasman»
- Shuningdek, sizni Ektor Kuper milliy terma jamoaning yig‘iniga ham chaqirdi. Ammo keyinchalik sizni chetlab o‘tdi. Shundan keyin Kuper talabiga mos tushadigan futbolchi emasdirman, degan hayollar keldimi?
- Ha, bunday xayollar o‘tdi. Men shunday insonmanki, o‘z Vatanimni jonimdan ortiq yaxshi ko‘raman. Bu gapim bilan kimgadir «paxta» qo‘ymoqchi emasman. Shunchaki, yoshligimdan vatanparvarlik ruhi ostida tarbiyalanganman. Terma jamoaning ikkita yig‘inida, ikkita turlicha murabbiylarning qo‘l ostida qatnashdim. Biri hujumkor uslubni yoqtirsa, ikkinchisi himoyaviy uslubni xush ko‘radi. Timur Kapadze meni chap qanot himoyasida sinab ko‘rgan bo‘lsa, Ektor Kuper o‘ng qanot yarim himoyasida sinadi. Timur Kapadze mendan hujumkor himoyachi sifatida foydalandi. Kuperga keladigan bo‘lsak, uning uslubini himoyaviyligini yomonlamoqchi emasman. Lekin buning mevasi albatta beradi. Muxlislardan bitta iltimos: faqat qo‘llab-quvvatlasinlar. Kuper keyinchalik meni chaqirmagani uchun qaerdadir xato qilgandirman deb o‘yladim. Men hamma aybni o‘zimga olaman. Chunki to‘liqligicha o‘zimni ko‘rsata olmadim. Lekin bir narsani ochiq tan olishim kerakki, men hozirda terma jamoa darajasidagi futbolchi emasman. Lekin Kuper meni yig‘inga chaqirgan paytda terma jamoa darajasida edim. Keyin esa klubda har xil salbiy holatlar bo‘lgach, bu ishtiyoqimga ham ta’sir qildi. Ruhiy tomondan oz-moz muammolarim ham bo‘ldi. Ayniqsa, dadamni vafot etgani menga og‘ir zarba bo‘ldi. Bundan ikki oycha oldin buvamni ham berib qo‘ygandik. Dadam meni futbolga etaklagandi, har doim o‘yinlardan keyin tahlil qilardik, hech qachon meni zo‘r o‘ynading demasdilar. Kamchiliklarimni aytib, maslahat berardi. Dadam mening suyanchigim edi. Lekin mana shunday insondan ayrilganimdan keyin o‘zimda kuch topa olmadim. Endi-endi o‘zimga kelyapman. To‘g‘ri, bu Xudoning irodasi deb o‘zimni ovuntiryapman. Chunki bundan buyog‘iga endi dadam yo‘q. Shu bois bunday paytda Kuper meni chaqirmasdan to‘g‘ri qildi. Ammo hali yana terma jamoaga qaytishni maqsad qilganman. Eng achinarlisi dadam yillar davomida meni terma jamoadan taklif olishmni kutdi. Lekin mening termadagi birinchi o‘ynagan o‘yinimni ko‘ra olmadi. Biz Urugvay bilan 8-iyulda o‘ynagandik. O‘shanda Ramazon oyi edi, dadam esa 5-kuni vafot etdi, men hattoki janozasida ham qatnasha olmadim. Shunisi menga yomon alam qildi. Bilasizmi, terma jamoaga chaqiruv olganimda dadam menga terma jamoa libosini kiyganingda uni oqlagin, butun xalq senga qarab turadi, deb nasihatlar bilan safarga jo‘natgandi. Ammo safarga ketganimdan keyin oradan uch kun o‘tgach, olamdan o‘tib qoldi. Urugvaydaligimda uyimdagilar bu noxush xabarni menga aytishmagandi. Men esa o‘sha o‘yinda o‘ynadim, keyin nega uydagilardan hech kim men bilan aloqaga chiqmayapti deb hayron bo‘ldim. Hattoki, do‘stlarim ham aloqa qilishmadi. Safardan kelganimdan keyin akamdan bu xabarni eshitgach, karaxt ahvolga tushib qoldim. O‘sha vaziyatda nimalar yuz berayotganini anglamay qoldim. Aslida esa safardan juda katta taassurotlar bilan kelgandim. Dadamga o‘z taassurotlarimni, Luis Sueraslarni ko‘rganim haqida aytib bermoqchi edim. Lekin yuragimda armon bo‘lib qoldi.
- Terma jamoaga munosib futbolchi qanday bo‘lishi kerak?
- Himoyada yaxshi o‘ynay olishni bilish kerak. O‘ylaymanki, Kuper hammasini to‘g‘ri qilyapti. Birinchi navbatda ichki muhitni, tartib-intizomni o‘zining nazoratida ushlab turibdi. Uning talabidagi futbolchi bo‘lish uchun boya aytganimdek, albatta himoyada ham yaxshi o‘ynay olishni bilish kerak. Har xolda men shunday tushundim. Lekin yana bir tomoni borki, terma jamoamizning o‘yini asosan hujumkor o‘yinga moslashgan. Bizda texnikasi yaxshi bo‘lgan futbolchilar ko‘p. Kuperning taktikasi bo‘yicha faqat shu jihat muammo bo‘lishi mumkin. Bizda baribir aksariyati hujumkor o‘yinchilar. Yodingizda bo‘lsa, 2008 yili Saudiya Arabistoni bo‘lgan Osiyo chempionatida biz butun musobaqa davomida himoyalanib finalga chiqqandik. Menimcha, bu taktika yordam ham berishi mumkin. Agar yordam bermaydigan bo‘lsa, bu katta tanqidlarga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin Kuper talabchan, u menga yoqdi. Baribir jahon darajasidagi mutaxassis. Bu nomni undan hech kim tortib ololmaydi. U bizda natija ko‘rsatadimi-yo‘qmi, shundoq ham u top-saviyadagi murabbiy. Muxlislar unga bosim qilmasdan ishonishlari kerak. Bungacha hamma Umid Ahmadjonovdan xorijlik katta tajribaga ega bo‘lgan murabbiy olib kelishni so‘rashdi. Mana, olib keldi-ku. Endi ozgina sabr qilib, unga imkon beringlar. Bundan ortig‘ini olib kelib bo‘lmasdi. Bu gaplarni futbolchi emas, oddiy muxlis sifatida aytyapman. Shunday murabbiyni olib kelgani va futbolimizni yangi darajaga olib chiqayotgani uchun Umid Ahmadjonovga ham rahmat aytaman.
«Afsuski, futbolchilarda klublarga nisbatan ishonch yo‘qolgan»
- Bizda shartnomalar asosan bir yilga tuziladi. Xorij tajribasiga o‘xshab 3-4 yillik bitimlarga ega emasmiz. Bu nima bilan bog‘liq? Futbolchi bilan rahbariyatning bir-biriga ishonchi yuqori emasligidanmi?
- Bir yillik shartnomalar futbolchining o‘sha klubga ishonmasligidan kelib chiqib qo‘yiladi. Agar sizga klubga to‘liq ishonsangiz va har taraflama himoyalanganingizga ishonsangiz nega 2-3 yillik shartnomalarga qo‘l qo‘ymaslik kerak? Afsuski, futbolchilarda klublarga nisbatan ishonch yo‘qolgan. Uzoq muddatli shartnomalar aslida futbolchilarga yaxshi, chunki uning ish joyi tayin bo‘ladi. Lekin ayrim klub rahbarlari kelasi yili o‘zi yana shu erda ishlash yoki ishlamasligini bilishmaydi. Shuning uchun bu yil hamkorlik qilib turaylik, kelasi yana yana ishlasam, shartnomani uzaytiramiz deyishadi.
- Ko‘pchilik o‘yiningizdagi imkoniyatlaringizni ko‘rib xorijda ham to‘p surishingizni kutganlar bo‘lgan. Ammo haligacha o‘zimizning chempionatdan nariga o‘tmayapsiz. Nima uchun?
- Ko‘rib chiqishga arzigulik taklif bo‘lmadi. Agar sizga taklif bilan chiqqan klubning sizga berayotgan puli o‘zimizda topayotgan pulingizdan ozgina farq qilsa, chetga ketishning nima keragi bor? Sal kamroq bo‘lsa ham o‘zimizda, uyda o‘ynagan yaxshi, chetda sarson bo‘lib yurgandan ko‘ra. Malayziya, Tailand kabi chempionatlarga borgandan ko‘ra bormagan yaxshi. Agarda sizga mo‘maygina pul taklif qilishsa, keyin bu haqida o‘ylab ko‘rsam arziydi.
«Yoshligimda yo‘qotilgan yillar uchun haligacha achinaman»
- Sizni yoshligingizdan kuzatib kelamiz. O‘smirlar va yoshlar terma jamoalarida o‘ynab tanilgandingiz. Ya’ni, San’at Shixov sifatida ancha erta tanilgansiz. O‘shanda hamma sizga nisbatan kelajagi porloq futbolchi degan iborani ishlatishgan. Lekin doim ham hayot bir tekis davom etavermaydi. Bungacha biz ishongan yoshlarning keyinchalik «yo‘qolib» ketganlarini ham ko‘rdik. San’at Shixovning hali ham futbolda aytadigan so‘zi bormi? Yoki hozirgi o‘yiningizni maksimal ko‘rinishda deb o‘ylaysizmi?
- Bundan keyin ham salohiyatimni 100 foizga oshira olishimga ishonaman. Siz aytgan gapingizga qo‘shilaman, rostdan ancha erta muxlislarga tanilgandim. Kelajagi porloq degan iborani unchalik yoqtirmayman. Bizning menlatitet hali bu darajani ko‘tara olmaydi. Ya’ni, yoshlarimiz hali bunday so‘zlarni ko‘tara oladigan darajada emas. Bizda hali professionalik yuqori emas. Bolani boshidan osmonlarga ko‘taramiz, ammo keyin o‘sha bolaning burni ko‘tarilib ketadi. Men bilan esa shunday bo‘lgandi. Lekin burnim ko‘tarilib ketgan demagan bo‘lardim. Buning boshqa sababi bor. Yo‘qotilgan yillarim uchun hozirgacha afsuslanaman. 17 dan 21 yoshimgacha bo‘lgan yillarim uchun haligacha achinaman. Ko‘p yoshlarga o‘z ustingda ishlagin deb ko‘p aytaman. O‘sha paytda esa meni hozirgidek yonimda maslahat berib turadigan odam bo‘lmagan. O‘sha paytlarda o‘zimcha har doim mana shunday yosh, iqtidorli bo‘lib yuraman deb o‘ylardim, ammo bu noto‘g‘ri. 2011 yili Ravshan Haydarov menga ishlamasang, bu hayotda o‘rningni topa olmaysan deb tushuntirganidan keyin o‘z ustimda ishlashni boshlaganman. Bu maslahatlar va ishonch uchun Ravshan Haydarovga rahmat aytaman. O‘sha odam meni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan. Tan olaman, xarakterim juda og‘ir edi. «Paxtakor»daligimda Samvel Babayan ko‘p bor mojarolashardik. Hech qachon o‘z klubingning boshlig‘i bilan ziddiyatga bormaslik kerak. Sen haq bo‘lsang ham, boshlig‘ingning oldida nohaq bo‘laverasan. Hozirgi yoshlarga ham hech qachon boshliq bilan sen-menga bormaslikni aytyapman. Afsuski, xatolarimni kech anglab etganman. Men o‘sha yo‘qotilgan yillarda Babayan bilan ko‘p marta tortishganman. Bu ishim noto‘g‘ri bo‘lgan. Bunday qilmasligim kerak edi. Xarakterimni bir joyga yig‘ishtirib, haqligimni maydonda isbotlashim kerak edi. Buning o‘rniga esa maydondan tashqarida men haqman deb ular bilan ziddiyatga boraverdim. O‘shanda Ravshan aka Haydarov menga oltinga teng maslahatlarni bergan. O‘shandan beri Ravshan akaning gaplari miyamga o‘rnashib qolgan. Bizda biror-bir ko‘zga ko‘rinib qolgan bolani biroz maqtab qo‘ysa, ertaga o‘sha bola «yo‘qoladi», o‘zicha yulduzga aylanib oladi. Futbolni bir kun kelib tugatasan va o‘shanda birovning ko‘ziga tik qaray olishing kerak. Agar xaraktering qurboniga aylansang, ertaga seni hech kim eslamaydi. Mana, Odil Ahmedov, Server Jeparov, Timur Kapadzelarga qarang. Bular o‘zini yulduz hisoblashmaydi. Masalan, Odil aka juda oddiy bola. Men u bilan yoshligimdan «Paxtakor»da birga o‘ynaganman. Yaqinda milliy terma jamoaning yig‘inida ko‘rishdik, oldin «Paxtakor»da qanday bo‘lsa, hozir ham o‘sha Odil aka. Bunga shunchaki qoyil qolish kerak. Shuning uchun ham unga o‘xshagan futbolchilar o‘sishyapti. Agar ikki metr uzoqlikda Odil aka kim bilandir gaplashayotgan bo‘lsa, ovozi eshitilmaydi. U doim kamtar bo‘lib qolgan va kamtarga kamol deb bejizga aytishmaydi. Agar siz o‘zingizni yulduz deb hisoblasangiz, bu pastga qulayotganingizni bildiradi.
«Futbolchi uchun kitob o‘qishning foydasi katta»
- Nima deb o‘ylaysiz, futbolchilarga kitob o‘qish zarurmi? Masalan, siz qanday kitoblarni mutolaa qilasiz.
- Zo‘r savol bo‘ldi. Futbolchi uchun kitob o‘qishning katta foydagi tegadi. Bu nimani beradi? Masalan, aqliy fikrlash doirasini kengaytiradi. Bu futbolchi uchun juda kerak. Axir futbolchi maydonda tez fikrlashi kerakku, bunda esa kitobning o‘rni katta. Shuningdek, tarixiy kitoblarni ham ko‘p o‘qib turish kerak. Ana o‘shanda odam ruhlanadi. Tarixda ajdodlarimizning qanday karomatlar ko‘rsatganini bilgan kishida boshqacha ruhlanish seziladi. Maktab hamda kollejda tarix fanidan baholarim 4 va 5 bo‘lgan. To‘g‘ri, boshqa fanlardan baholarim past bo‘lgan. Shunga qaramay, o‘zimizning tariximizga qiziqishim katta bo‘lgan. Masalan, Xorazmning tarixi qanday bo‘lgan, Jaloliddin Manguberdi qanday ishlar qilgan, bularni albatta hamma bilishi kerak. Vatan uchun odamlar jonini berishgan. U paytlarda vatanparvarlik oliy darajada bo‘lgan. Vatan – bu avvalo oilangizdan boshlanadi. O‘zbekiston tarixiga qiziqishim katta bo‘lgan. Amir Temurning janglari, Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, 12 yoshida qanday qilib taxtga o‘tirgani, xullas shunga o‘xshash qiziqarli voqealarni o‘qib chiqqanman va shundan so‘ng menda vatanparvarlik tuyg‘usi kuchaya boshlagan. Hozirgi o‘sib kelayotgan yosh futbolchilarimizga albatta tarixiy kitoblarni o‘qishni maslahat beraman. Bunda katta gap bor. Rahmatli dadam aytardi, o‘z tarixingni bilmasang qanday yashay olasan, derdi. Men ikkita fanni yaxshi ko‘rganman: bular – tarix bilan jismoniy tarbiya. Bundan tashqari, Tohir Malikning «Shaytanat» asarining to‘rtta faslini ham o‘qib chiqqanman. Uyimda hozirgacha saqlanadi. Har bittasini to‘rt martadan o‘qiganman desam ham bo‘ladi. Shuningdek, Abdulla Qodiyrining «O‘tgan kunlar» asarini ham o‘qib chiqqanman. Lekin oxirgi paytlarda kitob o‘qimadim. Hozircha ikkita kitobni o‘qishni xohlayapman. Bittasi Gvardiolaning kitobi va Krishtianu Ronalduning o‘z hayoti haqidagi kitobini o‘qimoqchiman.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar