
Shahboz Erkinov va Temur Hakimov “Qo‘qon-1912”da ko‘rikdan o‘tmoqda
Barcha Superliga jamoalari qatori “Qo‘qon-1912” klubi a’zolari ham yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirishmoqda. Toshkentda yig‘in o‘tkazayotgan Qo‘qonliklarning mashg‘ulotlari “Milliy” stadionga ko‘chdi. No‘’mon Hasanov shogirdlari kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot o‘tkazishmoqda. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Jamoa tarkibida o‘zgarishlar ham yo‘q emas. O‘tgan mavsumni ijara asosida o‘tkazgan futbolchilar – Jalil Kimsanov (“Neftchi”), Avaz Mamatxo‘jaev (“Neftchi”) va darvozabon Islom Abdullaev (“Istiqlol”) yana “Qo‘qon-1912”ga qaytishdi va mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda. Shuningdek, Qo‘qonliklar uchun begona bo‘lmagan Jamshid Hasanov, tajribali hujumchi Shahboz Erkinov va 2011 yilda Meksikada bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempioni qahramonlaridan biri Temur Hakimovlar ham “Qo‘qon-1912” yig‘inida qatnashishmoqda. Bu futbolchilar ayni damda ko‘rikda bo‘lib turishibdi. Serbiyalik futbolchilarimiz Darko Gojkovich hamda Marko Milichlar ham jamoa yig‘iniga qo‘shilishi kutilmoqda.
Darvozabon O‘tkir Yusupov va yarim himoyachi Javohir Sidiqov esa O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb etilgan. Oybek Rustamov esa O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yig‘inida bo‘lib turibdi.
Fikrlar