Shavkat Saidov: “Navbahor” bejizga peshqadamlar safida yurmaganini 1-bo‘limda ko‘rdik
Oliy Liga 6-turidan o‘rin olgan “Metallurg” – “Navbahor” (0:0) bellashuvi yakunlangach mezbon jamoa boshlig‘i Shavkat Saidov o‘yin to‘g‘risida taassurotlarini so‘zlab berdi.
“Navbahor” bejizga musobaqa jadvalida peshqadamlar qatorida bormayotganiga birinchi bo‘limda guvox bo‘ldik. Ammo, ikkinchi taymda tashabbus yuz foiz bizning tomonda bo‘ldi. Imkoniyatlarimizdan unumli foydalan olmadik.
Futbolda “omad” degan atama bor. U bizga bugun kulib boqmadi. Shuning uchun durang qayd etildi. Statistikaga yuzlanadigan bo‘lsak, chindan ham “Navbahor” jamoasi “Metallurg” uchun noqulay raqib hisoblanadi. Har mavsum uy va safar o‘yinlarida namanganliklarga qarshi o‘ynash og‘ir kechadi. "Sho‘rtan" bilan o‘z maydonimiz va mehmondagi o‘yinlarda omadimiz chopadi.
G‘uzorliklar biz uchun qulay raqib. Biroq, “Navbahor” bilan vaziyat boshqacha. Jamoaning natijalariga ruhiyat ham katta ahamiyatga ega. Navbatdagi turda “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz”, – dedi Saidov.

Fikrlar