Sunnatilla Ermatov: Andijonliklarning futbolga bo‘lgan mehri umuman boshqacha ekan

  • 14 noyabr, 2018, 00:10
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Avval xabar berganimizdek bugun o‘z maydonida “Istiqlol”ni engan “Andijon” mavsum yakunlanishiga bir tur qolganida Pro-liga chempionligini qo‘lga kiritdi.

Uchrashuvdan so‘ng “burgutlar” yarim himoyachisi Sunnatilla Ermatov SPORTS.uz muhbiriga mavsum haqida o‘zining qisqacha fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Andijon"ning mavsumni birinchi o‘rinda yakunlashida eng muhim omil nima bo‘ldi?

- Birinchi navbatda bu jamoadagilarning hamjihatligi, har qanday vaziyatda bir-birini qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq. Ahir aytishadiku “Kuch – birlikda” deb.

- Bu mavsum qaysi jamoalar yana Superligaga chiqishga munosib edi?

- Hech kimga sir emaski avvallari quyi ligada 1 yoki 2 jamoa yuqori ligaga ko‘tarilish uchun kurash olib borardi. Ammo, bu yilgi Pro-liga bahslarida 4-5 jamoa Superligaga chiqishni maqsad qilgan edi, shu bois ham barcha o‘yinlar shiddatli va murosasiz kechdi. Menimcha Samarqandning “Dinamo” klubi ham Superligaga chiqishga loyiq edi. Chunki, ushbu jamoa juda tartibli va saviyali futbol namoyish etdi. Qolaversa, tarkibida mahoratli futbolchilar juda ko‘p.

- Andijonlik muxlislar haqida fikringiz?

- Futbolni bu qadar sevadigan muxlislarni birinchi ko‘rishim. Andijonliklarning futbolga bo‘lgan mehri umuman boshqacha ekan. Ayniqsa Nodir To‘ychiev boshchiligidagi muxlislar guruhi har bir o‘yinda bizni qo‘llab-quvvatlab turdi. Ushbu natijalarda muxlislarning ham hissasi bor deb o‘ylayman. Endi Superligada ham ularga mana shunday g‘alabalarni taqdim etishga harakat qilamiz.

- "Mash’al"ga qarshi o‘yin endi ahamiyatsiz. Bu "Andijon" futbolchilarini xotirjamlikka berilishiga olib kelmaydimi?

- Ozroq xotirjamlik bo‘lishi mumkin. Lekin biz professional futbolchilarmiz va shu bois ham bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Qolaversa, chempion nomiga munosib bo‘lish uchun ham Muborakda g‘alaba qozonmoqchimiz. Mavsumni chiroyli g‘alaba bilan yakunlashni maqsad qilganmiz.

Baxtiyor TOShTEMIROV suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Азизбек Абдурахмонов
14/11/2018 02:46
Андижон маладес зур галаба ва чепионлик билан хамма Андижон ахлини табриклеман олга Андижон