Temurxo‘ja Abduholiqov: Bikmaev bilan ajoyib tandem edik

  • 3 mart, 2019, 13:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

“Lokomotiv” klubi yana bir sovrinni o‘ziniki qilib oldi. Xabaringiz bor, o‘tgan haftada yangi mavsum boshlanishi oldidan O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan yilgi O‘zbekiston chempioni “Lokomotiv” Kubok sohibi OKMK bilan kuch sinashdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda esa temiryo‘lchilar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, Superkubokni qo‘lga kiritishdi va besh yil ichidagi 8-sovringa ega bo‘lishdi. Ushbu uchrashuvda esa birinchi gol muallifi bo‘lgan hujumchi Temurxo‘ja Abduholiqov “Lokomotiv”ning g‘alabasi uchun katta hissasini qo‘shdi. Shu bois o‘yindan keyin o‘zining taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“O‘yinning oxirlarida asabiylashdik”

O‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, chindan ham birinchi bo‘limda ancha yaxshi o‘yin namoyish etdik deb o‘ylayman. Ikkinchi bo‘limda ham yomon o‘ynamadik. Faqat ikkinchi golni urganimizdan so‘ng biroz bo‘shashdik. Natijada OKMK jamoasi vabankka bordi. Ular gol urishganidan keyin o‘yinning oxirgi daqiqalari biz uchun ancha asabiy tarzda o‘tdi. Chunki raqib jamoa yana bitta gol urganida hisob tenglashib qolardi. Agar shunday bo‘lganida biz ancha qiyin ahvolga tushib qolgan bo‘lardik. Biz uchun eng asosiysi, natija edi. Superkubok g‘olibi bitta o‘yindan iborat ekanligini yaxshi his qilib turgandik. Baribir Kubok – bu o‘ziga yarasha titul hisoblanadi. Quvonarlisi, mavsumning ilk rasmiy bahsini Superkubok bilan o‘tkazib, uni yaxshi boshlab oldik. Endi chempionatda ham shu ruhda davom etishimiz kerak. Lekin o‘yinimizni bundan-da kuchaytirishimiz darkor.

“Sovrinlarimizga ko‘z tegmasin”

Qo‘lga kiritayotgan sovrinlarimizga ko‘z tegmasin deng (kuladi). Oxirgi yillarda bunday muvaffaqiyatlarga erishayotganimizda klub homiylarining va rahbariyatning katta hissalari bor. Ular jamoani kuchaytirish uchun O‘zbekistondagi eng oldi futbolchilarni olib kelishyapti. Shu ma’noda aytganda, jamoaga har jabhada yaxshi e’tibor qaratishyapti. Buning natijasida “Lokomotiv”ning oldiga maksimum vazifalar qo‘yilyapti. Eng muhimi klubga bo‘lgan e’tibor kuchli. Qolaversa, biz bu erda bir oila sifatida shakllana olganmiz. Shunga yarasha bizga barcha sharoitlar yaratib berilyapti. Muvaffaqiyatlarimizning zamiri shunda deb o‘ylayman. O‘zingiz ham yaxshi bilasiz, tajribali o‘yinchilarni olib kelish uchun ham mablag‘ kerak. Boya aytib o‘tganimdek, rahbariyat O‘zbekistondagi eng kuchli o‘yinchilarni jamoaga olib kelishga harakat qilishyapti. Doim sifatli mahsulot bilan natijaga erishsa bo‘ladi.

“Hozircha qog‘ozda kuchlimiz”

Bu – futbol va uning hayoti shunday. Bugun bu erda bo‘lsangiz, ertaga boshqa erda bo‘lasiz. Buni shunchaki normal holat sifatida qabul qilishimiz kerak. Albatta, “Lokomotiv”ga bu yil kelgan futbolchilar yangi oilaga kelishdi. Ular ham kecha o‘ynashni boshlagan futbolchilar emas. To‘g‘risi, bu yil xarid qilingan ijrochilar menga yoqdi, ular tajribali futbolchilar va jamoamizga yordam bera olishadi. Albatta, “Lokomotiv”ning qanchalik kuchsizlandi yoki kuchayganini mavsum oxirida bilib olamiz. Superkubokdagi bitta o‘yindan xulosa chiqarish qiyin. Qachonki, chempionat tugaganida shundagina aniq fikr aytish mumkin. Lekin umid qilamanki, biz yanada oldinga intilishda davom etamiz. O‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, klubdagi yuz bergan selektsiyadan so‘ng “Lokomotiv”ni kuchaydi deb hisoblayman. Faqat buni amalda isbotay olishimiz kerak. Mavsum davomida qo‘lga kiritadigan natijalarimiz bilan isbotlay olsak, haqiqatan kuchayganimizni hammaga ko‘rsata olgan bo‘lamiz. Hozircha biz shunchaki qog‘ozda kuchlimiz. Endi esa hammamiz birlashib, kuchimizni amalda ko‘rsatishimiz lozim.

“Lokomotiv” doim maksimal natijalar uchun kurashadi”

Albatta, biz uch yil ketma-ket chempion bo‘ldik. Buning orasida esa men yo‘q edim. Shubhasiz, oldimizdagi maksimum vazifa chempionlikni munosib himoya qilish. Kubok bahslarida ham g‘olib chiqishimiz kerak. Umuman olganda, “Lokomotiv” qanday musobaqalarda qatnashmasin, faqat maksimum vazifa uchun kurashamiz. Ko‘zlangan maqsadlarimizga erishish ustida tinmay mehnat qilyapmiz. Har doim men o‘zimga-o‘zim vazifa qo‘yaman. Ya’ni, har bir o‘ynayotgan o‘yinda g‘olib chiqishni astoydil xohlayman. Sport hamisha kurashlarga boy bo‘lgani uchun meni hattoki durang ham qoniqtirmaydi. Yutqazishni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Sportda esa siz g‘alaba qozonsangiz bu naqadar yoqimli-a? Rahbariyat va murabbiylarning fikri bir joydan chiqqan, har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishimiz shart. Oldin yangi chempionatni boshlab olaveraylik-chi, qolganini vaqt ko‘rsatadi.

“To‘purar bo‘lish men uchun ikkinchi darajali”

Bu yilgi mavsumda unvon yutishni istayman. Chempionat sarhisob qilinayotganida esa albatta nimani yutganimiz e’tiborga olinadi. To‘purar bo‘lganim esa u qadar ko‘zga ko‘rinmaydi. Chempion va Kubok sohibi bo‘lsak, bu tarixda qoladi. Mana, Superkubokni ham qo‘lga kiritib oldik. Endi esa Osiyo Chempionlar ligasida ham munosib darajada ishtirok etmoqchimiz. Baribir sovrinlarni qo‘lga kiritish boshqacha. Bu futbolchiga boshqacha zavq bag‘ishlaydi. To‘purar bo‘lish esa men uchun ikkinchi darajali vazifa hisoblanadi. Tan olaman, hujumchi uchun to‘purar bo‘lish juda yoqimli va men ham buni istayman. Ammo to‘purar bo‘lganga yarasha urgan har bir golim jamoamga foyda keltirsa bu boshqa gap. Ayniqsa, urgan golingiz jamoangizning g‘alabasini ta’minlasa bu ikki hissa yoqimli tuyuladi. Men esa o‘z o‘yinim va gollarim bilan “Lokomotiv”ga maksimal darajada yordam bermoqchiman. Shuningdek, uyimdagi shkafga qo‘lga kiritgan unvonlarni yig‘ishni yoqtiraman.

“Bikmaev bilan ajoyib tandem edik”

Marat Bikmaev bilan ajoyib tandem bo‘lgandik. Biz bir-birimizni yaxshi tushunib o‘ynardik. Bizda Filip Rayevats, Alisher Shog‘ulomov singari hujumchilar ham bor. Menga ham ishonch bildirishyapti. Shuning uchun har bir uchrashuvda ishonchni oqlashga harakat qilaman. To‘g‘ri, Bikmaev tajribali hujumchi. Endi esa u bilan maydonda raqiblar sifatida o‘ynaymiz. Bu – futbol, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

“Paxtakor” biz uchun asosiy raqib”

Biz uchun asosiy raqiblar sifatida “Paxtakor”, “Navbahor”, “Metallurg”, OKMK kabi jamoalarni aytishim mumkin. Bu hozircha taxminlar. Mavsum boshlanganida esa hammasini ko‘ramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!