Abdusalomovdan Hojimirzaevgacha yoxud turni "yondirgan" futbolchilar

  • 24 iyun, 2024, 13:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing ortda qolgan 12-turi ham o‘ziga yarasha qiziqarli hamda turli voqealarga boy bo‘ldi. Quyida esa biz o‘yin qahramonlariga to‘xtalamiz.

“Surxon” – “Metalllurg” – 2:1. Eng yaxshi futbolchi: Jahongir Abdusalomov

Turni boshlab bergan mazkur o‘yinda “Surxon” irodali g‘alabaga erishdi. Bekobodliklar maydonda bir futbolchi ko‘p bo‘lgan holida termizliklarni 0:1 hisobida engib turgandi. Ammo ikkinchi bo‘limda “Surxon” o‘yinini o‘zgartirdi. Bir futbolchi kam bo‘lishiga qaramay, ular metin irodasini namoyish qildilar. Jamoa etakchisi va sardori Jahongir Abdusalomov oxirgi daqiqalarda ikkita gol urib g‘alabani ilib ketdi.

“Navbahor” – “Qizilqum” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Robert Ozols

Namangandagi bellashuvda mehmonlar g‘alabaga teng durangga erishdilar. Chunki favorit “Navbahor” edi va ko‘pchilik Samvel Babayan jamoasining g‘alabasiga ishongandi. Ammo “Qizilqum” bunga yo‘l qo‘ymadi. Og‘ir bellashuvda 0:0 hisobini saqlab qoldi. Bunda esa navoiyliklarning legioner darvozaboni Robert Ozolsning mehnati ulkan bo‘ldi. Jamoasini bir necha bor muqarrar gollardan qutqardi. Bu kecha undan yaxshisi yo‘q edi.

“Nasaf” – “Neftchi” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Akmal Mozgovoy

Turning markzaziy o‘yinida “Nasaf” “Neftchi”ni yagona gol evaziga engdi. Qarshiliklar safida yarim himoyachi Akmal Mozgovoy juda faol to‘p surdi. Futbolchi ko‘p vaziyatlarda raqibni shoshirib qo‘ydi. Murabbiylarning ko‘rsatmasini to‘liq ado etdi.

OKMK – “Paxtakor” – 4:2. Eng yaxshi futbolchi: Xurshid G‘iyosov

Nihoyat, Mirjalol Qosimov OKMK bosh murabbiyi sifatida “Paxtakor”ni mag‘lub eta oldi. Bir qator uchrashuvlarda eng yaxshi futbolchiga aylangan Xurshid G‘iyosov “Sherlar”ga qarshi bellashuvda ham ana shu nomga erishdi. U raqib darvozasiga bir necha bor xavf soldi va gol ham urdi.

“Bunyodkor” – “Olimpik” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Marin Lyubich

“Qaldirg‘ochlar” “Olimpik”ga qarshi bahsda birinchi bo‘limning o‘zida 9 futbolchi bo‘lib qoldilar. Ikki nafar o‘yinchisiga qizil kartochka ko‘rsatildi. Bu paytda “Bunyodkor” 1:0 hisobida oldinda edi. Har qanday klubga maydonda 9 futbolchi bo‘lib qolishi raqibining g‘alabasini sezilarli darajada oshirib yuboradi. “Olimpik” faqat hisobni tenglashtira oldi xolos, undan u yog‘iga eplay olmadi. Aniqrog‘i, “Bunyodkor” posboni bunga yo‘l qo‘ymadi. O‘tgan safargidek bu gal ham Lyubich bahs qahramoniga aylandi. Hatto, qo‘shib berilgan daqiqada penaltini ham bartaraf etdi. U “Olimpik”dan ikki ochkoni tortib oldi.

“Lokomotiv” – “So‘g‘diyona” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Oleg Zoteev

Toshkentda o‘tgan mazkur to‘qnashuvda jizzaxliklarning qo‘li baland keldi. “Lokomotiv”ning sobiq futbolchisi Oleg Zoteev “So‘g‘diyona” safida ishonchli o‘yin ko‘rsatishda davom etmoqda. Faxriy o‘yinchi sobiq jamoasi darvozasiga gol ham urdi va g‘alabaga katta ulushini qo‘shdi. Zoteevning tajribasi “So‘g‘diyona”ga qo‘l kelyapti.

“Dinamo” – “Andijon” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Anvar Hojimirzaev

Joriy mavsumda ilk bor Samarqandda o‘ynagan “Dinamo” minglab muxlislari qarshisida g‘alaba qozona olmadi. Lekin mezbonlar a’zosi Anvar Hojimirzaev yana olqishlarga sazovor bo‘lyapti. U raqib darvozasiga ajoyib gol urdi va barchaning reaktsiyasi ijobiy bo‘ldi. Tabiiyki, bahs mobaynida Anvar o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Bu futbolchi ushbu yilda samarqandliklarning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lib turibdi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!