Adnan Oraxovats: Takliflar ko‘p bo‘lsa ham, "Dinamo"ni tanladim
Davralar oralig‘idagi muhim transferlardan birini «Dinamo» klubi amalga oshirdi. Samarqand jamoasi uch mavsumdan buyon «Paxtakor» jamoasining asosiy himoyachisi bo‘lib kelayotgan Adnan Oraxovatsni o‘z safiga qo‘shib oldi. «Dinamo» matbuot xizmati futbolchi bilan suhbatlashib, qiziqarli savollarga javob oldi.
- Adnan, uch yillik faoliyatdan so‘ng «Paxtakor»ni tark etish oson bo‘lmagandir…
- Bu futbol va professional futbolchining hayoti mana shunday sinovlardan iborat. O‘zbekistonga aynan «Paxtakor» sababli keldim, uch yil ichida Toshkentga juda o‘rganib qoldim, «Paxtakor»da ajoyib damlarni o‘tkazdim. «Paxtakor» futbolchilari, rahbariyat, xodimlari va muxlislariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Qariyb uch yil davomida bir oila bo‘ldik. Bu vaqt davomida yirik g‘alabalar, alamli mag‘lubiyatlarni boshdan kechirdik. «Paxtakor» safida Chempionlar Ligasida o‘ynaganimdan, mamlakat chempioniga aylanganimdan xursandman. Bu klub doimo yuragimda qoladi.
- O‘zbekistonga kelishingiz qanday ro‘y bergan?
- Mendan oldin, 2012 yilda «Paxtakor»da amakimning o‘g‘li Sanibal Oraxovats to‘p surgandi. Ammo jarohati bois Toshkentda ko‘p qolmagan. Shunga qaramay, u «Paxtakor» va O‘zbekiston haqida iliq fikrlar aytagandi. 2015 yil boshida aynan Sanibalning taklifi bilan Toshkentga kelib, «Paxtakor»ning ikki haftalik yig‘inida ishtirok etdim. Yig‘indan keyin «Paxtakor» rahbari Samvel Babayan jamoada olib qolgandi. Jamoaning maqsadi chempionlik edi va biz bunga erishdik. Chempionlar Ligasida to‘p surib katta tajribaga ega bo‘lgandim. Bu jamoadan faqat yorqin xotiralar qoldi.
- Aynan nima sabab «Paxtakor»ni tark etdingiz?
- Jamoada yangi rahbariyat, yangi murabbiylar shtabi ish boshladi. Murabbiylar o‘z o‘yin uslublariga mos futbolchilar bilan yangi marralarni ko‘zlashmoqda. Balki yangi murabbiyning o‘yin uslubiga mos emasdirman. Hech kimdan xafa emasman, buni to‘g‘ri tushunaman. Bu normal holat. «Paxtakor» yanada yangi marralarni egallashiga ishonaman.
«MENGA BIRINChI BO‘LIB ILHOM ShARIPOV QO‘NG‘IROQ QILDI»
- «Dinamo»ga o‘tishingiz qanday kechdi?
- 2015 yilda «Paxtakor»ga kelganimda Ilhom Sharipov shu jamoada ishlar va menga ko‘p yordam bergandi. Aynan u kishi uchun «Dinamo»ga o‘tdim. U kishi bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lganmiz. Yaqinda «Paxtakor»ni tark etganimdan keyin, menga birinchi bo‘lib telefon qilgan inson Ilhom aka Sharipov bo‘ldi. «Dinamo»ga o‘tishni taklif qilganida, men uyim Chernogoriyaga borib kelib, bu taklifni o‘ylab ko‘rishimni aytgandim. Oldimda Oliy Liga klublaridan 2-3 ta taklif bo‘lsada, ko‘p o‘tmay Ilhom akaga «Dinamo»ga o‘tishga rozi ekanligimni aytdim.
- «Dinamo» tanloviga aynan nimalar sabab bo‘ldi?
- Sababi, Samarqandda ilk bor «Paxtakor» bilan kelganimda bu shahar menga juda yoqqandi. Qolaversa, minglab muxlislar bilan to‘lgan stadion menda juda yaxshi taassurotlar qoldirgandi. Mavsum boshida «Dinamo» Toshkentda bizni mag‘lub etganda, bu jamoa o‘yini ham iliq taassurot qoldirgan. Jamoaga meni o‘zim juda yaxshi bilgan Ilhom aka Sharipov taklif qilayotgani uchun qarorimga ta’sir qildi. Barchasini o‘ylab, o‘zimga savol berdim, nega taklifni qabul qilmasligim kerak? Yakunda «Dinamo» bilan shartnoma imzoladim.
«DINAMO» - BIR OILAGA AYLANGAN»
- «Dinamo» taklifini qabul qilishdan avval kimlar bilan maslahatlashdingiz?
- Biz futbolchilar odatda tanish futbolchi do‘stlarimiz bilan ham maslahatlashamiz. Bu borada o‘tgan mavsum «Paxtakor»da birga to‘p surgan, hozirda esa «Dinamo» darvozaboni bo‘lgan Temur Jo‘raev bilan maslahatlashdim. U klub haqida faqat iliq fikrlar bildirdi. Shuningdek, Saidjamol Davlatjonov bilan ham gaplashganimda u ham «Dinamo»ga kelishimni, bu erda futbolchilar bir oila, aka-ukadek munosabatda ekanligini aytdi. Jamoaga qo‘shilganim bilan bunga o‘zim ham amin bo‘ldim. Hech kim bir-biridan yordamini ayamaydi. Butun jamoa bir oilaga aylanib qolgan. Tarkibda ajoyib futbolchilar bor. Jamoa bejizga kubokda yarim finalga yo‘llanma olmagan. Faoliyatimni Samarqanddek tarixiy shahar jamoasi safida boshlayotganimdan juda xursandman. Barchaning ishonchini oqlab, munosib to‘p surishga intilaman.
- O‘zbekistonga kelmasingizdan avval Samarqand haqida nimalarni bilardingiz?
- Samarqandning juda qadimiy shahar ekanligi haqida eshitganman. Musulmon bo‘lganligim bois, ayniqsa, Islom dunyosida mashhur bo‘lgan Imom Al Buxoriyning ziyoratgohlari, Amir Temurdek buyuk insonning qabri Samarqandda ekanligini bilardim. Darvoqe, akam Sanibal Oraxovats 2012 yilgi «Paxtakor»dagi faoliyati davomida vaqt topib, oilasi bilan poezdda bir kunga Toshkentdan Samarqandga sayohatga kelganligini, Registon va qadimiy joylar unda katta taassurot qoldirganligini aytib o‘tgandi.
- Futboldagi ilk qadamlaringiz ko‘pchilik uchun qiziq…
- Chernogoriya poytaxti Podgoritsa shahrida tug‘ilib o‘sganman. 6 yoshimdan futbol bilan oshno tutinganman. Futbolchi bo‘lishimga oilam sababchi. Chunki otam ham futbolchi bo‘lganligi uchun barchamiz futbol muxlisi edik. Aynan otamning yo‘l yo‘riqlari tufayli yoshligimdan futbol bilan oshno tutunganman. Dastlab yarimhimoyada o‘ynardim, keyinchalik murabbiylar menda himoyachi bo‘lish uchun barcha jihatlar borligini aytishdi. Qat’iy tartiblarga amalga qilganim uchun futbolchi bo‘lib etishdim deb o‘ylayman.
«FINALGA ChIQSAK, SAMARQAND UChUN KATTA BAYRAM BO‘LARDI»
- Chernogoriyada «Buduchnost»da to‘p surgan ekansiz, shundaymi?
- Bu jamoa mamlakatning eng kuchli klublaridan biri hisoblanadi. Ular bilan mamlakat chempionligini va kubogini qo‘lga kiritganman. O‘zbekistonlik muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan Miodrag Radulovich qo‘l ostida Chernogoriya chempioniga aylanganman. Aynan ushbu mutaxassis «Paxtakor» haqida yaxshi fikrlar aytgandi.
- Chernogoriya va O‘zbekistonning o‘xshash tomonlari bormi?
- O‘zim tug‘ilib o‘sgan shaharim Podgoritsa bilan Toshkent o‘rtasida farq katta. Toshkent, Samarqand katta shaharlar. Podgoritsa esa tog‘lar bag‘rida joylashgan mo‘jazgina shaharcha. Har ikki mamlakat odamlari ham samimiyligi, mehmondo‘stligi bilan bir-biriga juda o‘xshash. Qolaversa, iqlim sharoitimiz ham juda o‘xshash, katta farq yo‘q. O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Chernogoriyada ham qadimiy maskanlar anchani tashkil etadi. Turli millat va din vakillari yashashadi.
- Ikkinchi davradan nimalarni kutayapsiz? Maqsad va rejalar qanday?
- Bizni juda qiziqarli o‘yin kutib turganligi aniq. «Paxtakor», «Bunyodkor» va boshqa grand klublar kuchayishga intilishdi. Qolaversa, o‘rtamiyona jamoalar ham istalgan etakchiga jiddiy qarshilik ko‘rsata olishlariga ishonaman. Ikkinchi davrada «Dinamo» bilan Oliy Ligada imkon qadar yuqori o‘rinlarni egallashga intilamiz. O‘zbekiston Kubogida esa finalga chiqishga bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz. «Dinamo» finalga chiqsa bu butun Samarqand uchun ajoyib bayram bo‘lardi.
Fakt…
Adnan Oraxovats Samarqand jamoasi tarixidagi birinchi chernogoriyalik futbolchiga aylandi.
Bilasizmi…
Adnan Oraxovats joriy mavsumda «Paxtakor» safida 13 o‘yinda maydonga tushib, 1080 daqiqa davomida maydonda to‘p surgan va 2 ta golga mualliflik qilgan.
Ma’lumotnoma:
Adnan Oraxovats
Tug‘ilgan joyi: Podgoritsa, Chernogoriya.
Tug‘ilgan sanasi: 1991 yil 5 fevral (26 yosh).
Ampluasi: himoyachi
To‘p surgan klublari:
«Buduchnost» (2009-2014)
«Edinstvo» (2014-2015)
«Paxtakor» (2015-2017)
«Dinamo» (2017-...)
Yutuqlari: Chernogoriya vitse-chempioni, kubogi sohibi, O‘zbekiston chempioni.
O‘yini va gollari: «Paxtakor»da 2,5 yil ichida Oliy Ligada 66 o‘yinda, 6 ta gol urgan.
Fikrlar