Agamurodovning tanlovi kutilmaganda nega o‘zgardi?
Nihoyat, “Qizilqum” klubi ham o‘ziga yangi bosh murabbiyni topdi. Ko‘pchilik navoiyliklar jamoasini qaysi mutaxassis boshqarishiga qiziqayotgandi.
Bungacha esa ushbu lavozimni “Andijon”ni tark etgan Aleksandr Xomyakov boshqarishi taxmin qilinayotgandi. Ammo voqealar rivoji biz kutgandek tus olmadi va yakunda “Dinamo”ga ustozlik qilib kelayotgan turkmanistonlik Tachmurod Agamurodov “Qizilqum”ga bosh murabbiy etib tayinlandi.
Uni o‘quvchilarimizga ortiqcha tanishtirishning hojati yo‘q. Qolaversa, yaqinda Sports.uz saytida o‘zi bilan uyushtirilgan suhbat ham hukmingizga havola etilgan bo‘lib, unda murabbiy “Dinamo”da qolib ishlashga qaror qilgani xususida ham gapirib o‘tgandi. Lekin endilikda ko‘rib turganingizdek, vaziyat o‘zgardi va u yana Superligada ishlay boshladi.
Xo‘sh, Tachmurod Shamakovich nima uchun “Qizilqum” taklifini qabul qildi? Yangi jamoasida uning oldiga qanday maqsadlar qo‘yildi? Umuman olganda, Agamurodov “Dinamo”ni nega tark etgani va yangi klubiga ko‘chib o‘tishining sabablarini tushuntirib berdi.
- Tachmurod Shamakovich, sizni “Dinamo”da qolishingiz haqida juda ko‘p gapirilayotgandi va yaqinda bergan intervyuda ham barcha e’tiboringiz ushbu klubga qaratilganligi haqida aytgandingiz. Ammo kutilmaganda “Qizilqum” varianti paydo bo‘ldi va navoiyliklar jamoasida ishlashga qaror qildingiz. Ayting-chi, vaziyat qanday qilib bu darajada tus oldi?
- Buning aytarli sabablari yo‘q, hisob. Chunki shartnomada qo‘shimcha band bor bo‘lib, unda vaziyat shuni taqozo etgan taqdirda kelishuv nihoyasiga etishi ko‘zda tutilgandi. Superligadan taklif bo‘lsa, rahbariyat bunga to‘sqinlik qilmasligi o‘sha bandda aniq-tiniq ilova qilib o‘tilgan edi. Bu orada Navoiydan taklif kelib tushdi. “Qizilqum” varianti ayni muddao bo‘ldi. Pandemiya tufayli pro-liga doirasidagi o‘yinlarning qachon boshlanishi mavhumligicha bo‘lib qolayotgandi. “Qizilqum”ga tajribamdan kelib chiqqan holda yordamim tegishiga ishonganlari tufayli bunday taklifni bajonidil qabul qildim.
- “Qizilqum”ni boshqarish haqidagi taklif aynan kimdan chiqdi: Navoiy viloyati hokimi yoki jamoa mutasaddilaridanmi?
- Menga Hamidjon Aktamov qo‘ng‘iroq qildi. Aftidan, u nomzodim borasida mutasaddilar bilan hammasini kelishib olgani bois menga murojaat qilgan ko‘rinadi. Biz Hamidjon Aktamov bilan telefon orqali ko‘p narsani gaplashib oldik. Ammo hozircha klub rahbariyati bilan yuzma-yuz o‘tirgan holda barcha rejalarni tuzganimizcha yo‘q. O‘ylaymanki, tez orada o‘zaro uchrashib, bu masalani ham hal qilamiz.
- “Qizilqum” joriy mavsumni yaxshi boshlay olgani yo‘q. Chempionat startini ikki mag‘lubiyat va bir durang bilan boshladi. Ayting-chi, jamoa a’zolarining kayfiyati qanday?
- Albatta, karantin tufayli ko‘pchilik futbolchilarning umumiy holatini optimal darajada, deyish yaramaydi. Umuman aytganda, karantin sabab barcha ishtirokchi jamoalar mana shunday holatga tushib qolgan. Ya’ni, hammaning ahvoli bir xil, demoqchiman. Shu bois o‘yinchilarni qisqa fursat ichida davom ettirilajak uchrashuvlarga tayyorlash kerakligini vaziyat taqozo etmoqda. Demak, biz murabbiylarga oson bo‘lmasligi muqarrar. Boz ustiga o‘yinlarga har tomonlama hozirlik ko‘rish uchun etarli darajada vaqtning o‘zi ham yo‘q. Lekin rahbariyat shunday to‘xtamga kelgan ekanmi, uni borligicha qabul qilish darkor.
- Yana bir necha kundan keyin “Qizilqum” Superliga doirasida AGMK bilan o‘yin o‘tkazadi. Bo‘lajak uchrashuvgacha shogirdlaringizni tayyorlay olishga ulgurasizmi? Ularning umumiy holati sizni qoniqtiryaptimi?
- Albatta, yuqorida ham aytib o‘tganimdek, vaziyat tig‘iz. Ammo bo‘lajak o‘yinda yaxshi natija qayd etish uchun astoydil harakat qilamiz. Hammasini yashil maydondagi xatti-harakatlar, ishtiyoq hal qiladi. Ustiga-ustak o‘yinning rasmiy maqomda ekanligi futbolchilarni ruhlantirishi aniq. Axir ular pandemiya tufayli uzoq vaqt sevimli ishidan chetda qolib ketdilar. Biroq mashg‘ulotlarda hammasi silliq kechyapti, deb bo‘lmaydi. Chunki karantin sabab futbolchilar individual dastur asosida ishlashgan bo‘lishsa-da, jamoaviy tarzda bir-birlarini ilgaridek tushunib ketishlari uchun vaqt kerak. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, rasmiy uchrashuvga sanoqli kunlar qolgan. AGMK bilan o‘yin ko‘p masalaga oydinlik kiritib beradi. Binobarin, futbolchilarning ruhiy va jismoniy holati qay darajada ekanligi borasida dastlabki tasavvurga ega bo‘lib olamiz. Tabiiyki, o‘sha bellashuvga yigitlarni iloji boricha optimal formaga qaytarish ustida ishlashimiz aniq.
- Rahbariyat “Qizilqum” ustozi sifatida jamoa va sizning oldingizga qanday maqsadlarni qo‘ydi?
- Birinchi navbatda jamoa o‘yinini yo‘lga qo‘yib olish asosiy vazifalardan biri sifatida qo‘yildi. Chunki “Qizilqum” muxlislariga yoqadigan o‘yinni namoyish etib berishi kerak. Shuning barobarida natija ham yaxshi ko‘rinishda bo‘lishiga intilish kerak. Keyinchalik vaziyat taqozo etgan darajada o‘yinlar ko‘rsatib, mavsumni iloji boricha yuqoriroq o‘rinlarda yakunlashga harakat qilishga urinib ko‘ramiz.
- Murabbiylar shtabida sizga kimlar ko‘maklashadi?
- Hozircha murabbiylar shtabida kimlar faoliyat yuritishini oxirigacha hal qilib olganimizcha yo‘q. Shtabda asosan mahalliy mutaxassislar ishlashadi: Akmal Xoliqov, Dmitriy Kraev...Umuman suyanishimiz mumkin bo‘lgan mutaxassislar yo‘q emas. Har qanday holatda ham murabbiylar shtabini kuchaytirish kerak bo‘ladi. O‘z navbatida buni ish jarayoni asnosida yo‘lga qo‘yishga harakat qilamiz.
- “Qizilqum”ni boshqarish yuzasidan necha yilga mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekkaningizni aytib bera olasizmi?
- Hozircha joriy mavsum oxirigacha va qo‘shimchasiga kelgusi mavsumni ham nazarda tutgan hola 1+1 ko‘rinishida shartnoma imzolaganmiz.

Fikrlar