"Agar reja ishlasa natija ham ijobiy bo‘ladi" yoxud Anvar G‘ofurovning "Surxon"dagi taqdiri qanday bo‘ladi?
"Surxon" klubiga vaqtinchalik Anvar Gʻofurov bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin termizliklar uning boshchiligida ketma-ket ikkinchi gʻalabasiga erishdilar. Oʻtgan turda "Nasaf" taslim etilgan boʻlsa, bu safar "Buxoro" Termizda 3:1 hisobida magʻlubiyatga uchratildi.
Uchrashuvdan keyin "Surxon" bosh murabbiyi Anvar Gʻofurov uchrashuv haqida fikrlarini bildirib oʻtdi va jurnalistlar savollariga javob berdi.
- Oʻyin haqida fikrlaringiz?
- Oson oʻyin boʻlmadi. Umuman olganda, chempionatda oson jamoaning ham oʻzi yoʻq — har bir uchrashuv qiyin kechadi va har bir jamoaning oʻziga xos oʻyin uslubi bor. Bugungi bahsning birinchi boʻlimida hisobni ishonchli koʻrinishga keltirib olganimiz sababli futbolchilar maydonda erkinroq harakat qilishdi. Shuningdek, surxondaryolik muxlislarga alohida minnatdorchilik bildiraman — ular stadionda bizni faol qoʻllab-quvvatlashdi.
- Birinchi boʻlimda Doston Tursunov qanot yarim himoyasida harakat qilgan boʻlsa-da, koʻp hollarda markazda koʻrindi. Bu taktik reja edimi?
- Albatta, har bir murabbiy oʻyin uchun turli reja va yechimlarni tayyorlaydi. Biz ham bugungi uchrashuv uchun turli vaziyatlarga mos taktik ishlanmalarni oldindan tayyorlab qoʻygan edik.
- Asosiy jamoaga murabbiy boʻlganingizdan soʻng ijobiy natijalar qayd etildi. Eshitishimizcha, bu ikki oʻyin siz uchun sinov tariqasida berilgan. Keyingi faoliyatingiz qanday boʻladi?
- Bu masala boʻyicha rahbariyat bilan hali gaplashganimiz yoʻq. Yakuniy qarorni rahbariyat qabul qiladi. Mening vazifam esa jamoani har bir oʻyinga yaxshi sport formasi va yuqori kayfiyatda tayyorlashdan iborat.
- "Surxon" jamoasining hozirgi natijalari uning haqiqiy kuchimi yoki bu vaqtinchalik holatmi?
- Bu futbol. Jamoa baʼzan yutadi, baʼzan yutqazadi. Har bir uchrashuv uchun aniq reja va vazifa boʻladi. Agar reja ishlasa, natija ham ijobiy boʻladi. Agar nimadir oʻxshamasa, oʻz vaqtida oʻzgartirish kiritish murabbiyning vazifasi.
- Jamoa Dilshod Yoʻldoshevning futbolkasi bilan suratga tushdi. Unga nima boʻldi?
- 2–3 kun avval u operatsiyani muvaffaqiyatli oʻtkazdi. Hozir uning ahvoli yaxshi Butun jamoa Dilshodning tezroq sogʻayib, safimizga qaytishini kutmoqda. Bugungi oʻyinda ham uning kayfiyatini koʻtarish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida shu ishni amalga oshirdik.

Fikrlar