Agar Sanches maoshi kamayishiga rozi bo‘lsa "Inter" yoki "Yuventus"ga o‘tishi mumkin
"Yuventus" va "Inter" "Manchester Yunayted" forvardi Aleksis Sanchesga jiddiy qiziqish bildira boshladi. Bu haqda italiyalik jurnalist Janluki Di Martsio xabar tarqatmoqda.
Yuqoridagi manbaaga ko‘ra 30 yoshli chililik futbolchi A Seriya grandlaridan yiliga 12 mln evro maosh talab qilmoqda. Biroq, turinliklar ham, milanliklar ham Sanchesga buncha maosh to‘lashni xohlamayapti. Endi tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar faqatgina futbolchi maoshi kamayishiga rozilik bildirgandagina davom ettirilishi mumkin.
O‘z navbatida “qizil iblislar” ham “Old Trafford”da omadi kelmagan Sanchesdan tezroq qutulishni rejalashtirishmoqda.
Ma’lumot uchun, Sanches joriy mavsum “Manchester Yunayted” safida jami 27ta o‘yinda maydonga tushdi va 2ta gol hamda 4ta golli uzatma yozdirib qo‘yishga erishdi. Uning mankuanliklar bilan amaldagi shartnomasi 2022 yilga qadar imzolangan.

Fikrlar