
AGMKning yangi legioneri: "Mirjalol Qosimov juda kuchli shaxs"
Yangi mavsumga hozirlik ko‘rayotgan AGMK klubi ham hozirga qadar bir nechta transferlarni amalga oshirdi. Ularning orasida ukrainalik 31 yoshli himoyachi Andrey Mishenko ham bor. Futbolchi 2021 yilni Tojikistonning “Istiqlol” klubida o‘tkazdi va jamoa bilan Osiyo Chempionlar ligasida ham qatnashdi.
Mishenko faoliyati mobaynida Ukraina chempionatida “Gornsk-Sport”, “Stal”, “Sevastopol”, “Olimpik”, “Chernomorets”, Isroilning “Makkabi” hamda “Xapoel”, Rossiyaning “SKA-Xabarovsk” va Qozog‘istonning “Okjetpes” kabi jamoalarida o‘ynagan. Ukrainalik legioner AGMK a’zosiga aylanganidan keyingi ilk intervyusini Sports.uz saytiga berdi.
- AGMK – bu siz uchun faoliyatingizdagi yangi klub. Bu taklifni qanday qabul qildingiz va dastlabki taassurotlaringiz?
- Klubda meni a’lo darajada kutib olishdi. Jamoadoshlarimning to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini his qilib turyapman. Bu juda yaxshi holatdir. Hissiyotlarim faqat ijobiy. Men uchun bu faoliyatimdagi yangi chorlov. Ustiga-ustak, yangi mamlakat va yangi chempionat haqida ko‘p narsalarni bilib olish uchun menda zo‘r imkoniyat yuzaga kelgan.
- Umuman aytganda, AGMK varianti qanday paydo bo‘ldi?
- Agentim qo‘ng‘iroq qilib, xizmatimga AGMK tomonidan qiziqish borligini aytdi.
- Jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov haqida nimalarni bilasiz?
- Men Mirjalol Qosimovning futbolchilik, endilikda esa murabbiylik faoliyatidan harqalay xabardorman. U qaerda to‘p surmasin doim etakchi rollarda bo‘lgan va murabbiy sifatida ham o‘zidan juda yaxshi taassurot qoldirib kelyapti. U juda kuchli shaxs.
- Ayting-chi, yangi klubingizda siz uchun tanish futbolchilar ham bormi?
- Ha, men yaxshi taniydigan futbolchilar bor. Ular Sanjar Tursunov bilan Aleksandr Kasyan.
- Sanjar Tursunov ham o‘z vaqtida Ukraina chempionatida to‘p surgan. Uni yaxshi bilishingizning sababi shumi?
- Ha, hammasi to‘g‘ri. Bizning yo‘llarimiz futbol maydonlarida bir necha bor kesishgan.
- O‘tgan yili Tojikistonda “Istiqlol” uchun to‘p surdingiz. U erdagi faoliyatingiz qanday kechdi va nima uchun ketdingiz?
- O‘tgan yili “Istiqlol”dagi mavsum juda zo‘r chiqdi. Men buni bemalol faoliyatimdagi ijobiy davr sifatida yozib qo‘ya olaman. Klub bilan tuzilgan shartnomam nihoyasiga etgandi. Uni uzaytirishni istamadim. Shunday qarorga kelishimga faoliyatimda oldinga yana bir qadam tashlash kerak, degan to‘xtamga kelganim sabab bo‘ldi.
- “Istiqlol”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi yurishi go‘yoki ertakka o‘xshaydi. Ayniqsa, “Al-Hilol”dek raqibni yirik hisobda tor-mor keltirish…O‘sha g‘alaba faoliyatingizdagi takrorlanmas o‘yin bo‘lib qoldimi?
- Ehtimol, bu “Istiqlol”ning ertagiga o‘xshar. Biz mana shunday natijani qayd etish uchun maydonda borimizni berib to‘p surdik. “Al-Hilol” ustidan qo‘lga kiritilgan g‘alaba nafaqat futbolchilarning, balki butun tojik ishqibozlarining yuragidan joy oldi.
- Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston chempionatiga o‘tishingiz faoliyatingizda oldinga tashlangan qadammi?
- Albatta, bu yuqori darajadagi chempionat hisoblanadi. Binobarin, chempionlik toji uchun bir nechta klubning kurash olib borishi meni o‘ziga tortdi.
- AGMK jamoasida sizni hayron qoldirgan jihatlar ham bo‘ldimi?
- Hayron qoldingizmi, degan savolingizni javobsiz qoldiradigan bo‘lsam, mendan ranjimaysiz, degan umiddaman.
- Darvoqe, sizda yana boshqa takliflar ham bormidi?
- Ha, menda boshqa takliflar ham yo‘q emasdi. Ammo AGMKni tanladim va to‘g‘ri yo‘l tutdim.
- O‘zbekiston chempionatida qaysi hujumchilar siz uchun xavfli? Umuman, hujumchilarimiz haqida bilasizmi?
- Hozircha bir narsa deyishim amrimahol. Bunga chempionat boshlanishiga oz qolganda tayyorgarlik darajamiz qanday bo‘lganligi yuzasidan javob qaytarishim mumkin bo‘ladi.
- Xo‘sh, AGMKga kelgach, o‘z oldingizga qanday maqsadni qo‘ydingiz?
- Har bir o‘yinni g‘alaba bilan tamomlashni istayman.
- Nima deb o‘ylaysiz, AGMK yangi mavsumda chempionlik uchun kurasha oladimi?
- Astoydil harakat qilamiz. Chunki bu kishini ruhlantiradigan o‘ziga xos jihatdir.
Fikrlar