Akmal Rustamov: "Andijon" bilan o'yinda ko'p kuch yo'qotgandik"
“Qizilqum” 3-turda ham g'alaba qozondi. Bu safar “Mash'al”ga qarshi bellashuvda 2:0 hisobida ustunlikka erishishdi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida navoiyliklar bosh murabbiyi Akmal Rustamov qatnashib, savollarga javob berdi.
- O'yin qiyin o'tishini bilgandik. “Mash'al” ham ikkita o'yindan beri yutqazyapti. Jamoa ikkita mag'lub bo'lgach, uchinchi uchrashuvga borini beradi. Bunga yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik, o'yinchilarga rahmat aytmoqchiman. Sovuqda bizni qo'llab-quvvatlab turgan muxlislarimizga ham rahmat. O'ylaymanki, o'yinimiz o'xshadi, hisob 2:0.
- Shebetunni o'yini chiqmagandek bo'ldi...
- O'yin oralig'i kam bo'lgani uchun o'tgan turda “Andijon” bilan uchrashuvda ko'p kuch yo'qotdik. Aytish kerakki, ko'p futbolchilarimizni jismoniy holati yaxshi emasdi. Xudoga shukr, uni o'rnini to'ldiradigan hujumchilarimiz bor. Shoxruz Norxonov uni o'rniga maydonga chiqib, o'z vaziyatini golga aylantirdi. Futbolda kimnidir o'yini o'xshamasa, zahiradagilar maydonga chiqib yordam berishi kerak. Norxonov maydonga tushdi va o'z golini urdi.
- Qisqa vaqtda maydonga tushgan G'iyosjon Rizaqulov haqida nima deya olasiz?
- G'iyosdan umidimiz katta. Olimpiya terma jamoasida o'ynaydi. Asta-sekin asosiy tarkibga qo'shib olsak, Xudo xohlasa o'ynab ketadi.
Standartlar bo'yicha gapiradigan bo'lsam, mashg'ulotlarda jarima, burchak zarbalari bo'yicha ishlayapmiz. Hammasi birdan bo'lmaydi, asta-sekinlik bilan bo'ladi. Keyingi uchrashuvlarga o'xshamagan narsalarimizni o'xshatishga harakat qilamiz.
- “Qizilqum” oldiga qo'yilgan maqsad qanday?
- Bu haqida birinchi turdan keyin ham jurnalistlar savol berishgandi. Rahbariyat 5-o'rin deyishgan, ammo biz bunga qaramaymiz, yana yuqori o'rinlarga kurashamiz, deb ayta olaman.
Fikrlar