Akmal Shorahmedov: "Vaqt oz qolayotgan paytda yangi murabbiy olish to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman"
Yurtimizda davom etayotgan KAFA musobaqasining ikkinchi turida terma jamoamiz Turkmanistonni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Terma jamoamizning sobiq futbolchisi va hozirda “Andijon” klubida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlab kelayotgan Akmal Shorahmedov ham vakillarimizning Turkmaniston terma jamoasiga qarshi o‘yinini kuzatib bordi.
Ma’lumki, “Andijon” klubi 17 sentyabr kuni OChL 2 ning ilk turida safarda Turkmanistonning “Arkadag” klubiga qarshi maydonga tushadi. Shorahmedov esa terma jamoamizning o‘yini va yangi murabbiy masalasida fikr bildirdi.
“Kuchliroq termalar bilan o‘yin o‘tkazish to‘g‘riroq bo‘ladi”
- O‘zbekiston - Turkmaniston o‘rtasidagi o‘yinni bizga kerak bo‘lgani uchun boshidan oxirigacha kuzatdik. Terma jamoamizni g‘alaba bilan tabriklayman. Baribir har bir terma jamoa o‘yinida mas’uliyat talab etadi. Bunga jiddiy qarash kerak. Meni fikrimcha, KAFA musobaqasidan kuchliroq bo‘lgan musobaqalarda qatnashish kerak. Menimcha, KAFA turniri Osiyo chempionatidan ham kuchsizroq. Shu bois undan ko‘ra kuchliroq terma jamoalar bilan o‘yin o‘tkazish to‘g‘riroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Turkmaniston, Qirg‘iziston, Ummon termalariga qarab futbolchilarni saviyalarini bilib bo‘lmaydi.
“O‘yinchilari terma jamoa o‘zagi”
- Turkmaniston terma jamoasining o‘yinini ko‘rdik va aksariyat futbolchilari “Arkadag” klubi a’zolari. Bu jamoa esa “Andijon” bilan o‘ynaydi. Kuchli jamoa. Chunki ularni o‘yinchilari terma jamoa o‘zagi. Anchadan beri birga to‘p surib kelishmoqda. Turkmanistonni eng zo‘r futbolchilari yig‘ilgan klub. Ularni yutsa bo‘ladi, harakat qilish kerak. O‘yinchilarimiz sovuqqonroq o‘ynashlari lozim. Himoyachilarimiz ham diqqatliroq bo‘lishi muhim. Uchrashuvni yaxshi boshlab olsak qolgani ham yaxshi davom etadi, deb o‘ylayman.
“Terma jamoamizga kim bosh murabbiy bo‘lsa ham unga qiyin bo‘ladi”
- Terma jamoamizga kim bosh murabbiy bo‘lsa ham unga juda qiyin bo‘ladi. Bizni eng zo‘r futbolchilarimiz Turkiya, Angliyada o‘ynashyapti. Boshqa terma jamoalarni tarkiblarini qarasangiz, Angliya, Italiya, Frantsiya, Portugaliya kabi chempionatlarda to‘p surishyapti. Baribir ularni terma jamoalariga qarshi o‘ynash qiyin bo‘ladi. Vaqt oz qolayotgan paytda yangi murabbiy olish to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman. Unga o‘rganish va yana futbolchilarni ko‘rish uchun vaqt ketib qolishi mumkin.
“Aslida portugaliyalik yoki ispaniyalik murabbiy ma’qul, deb o‘ylayman”
- Aslida bizga Portugaliya yoki Ispaniyadan keladigan murabbiy ma’qul deb o‘ylayman. Bizda ko‘p o‘yinchilar texnikali va to‘p bilan yaxshi o‘ynashadi. Lekin avvalo, 14-15 yoshli terma jamoalarimizda shunaqa murabbiylar ishlasa, undan keyin bosh jamoamizga ham portugaliyalik yoki ispaniyalik murabbiylarni olish kerak. Baribir ularni bilimi, ishlagan joylari bizdan kuchliroq, buni tan olish kerak.
Fikrlar