
Alamzadalar bahsi: "Real" "Inter"ga qarshi!
Evropa Chempionlar Ligasining «B» guruhidagi vaziyat qolgan barcha guruhlardagidan-da qiziqarliroq ko‘rinishga kelgan. Boshqa guruhlarda klassik tarzda grand klublar etakchilikni ushlab turgan bir paytda, bu guruhda allaqanday Ukraina klubiyu, nemis o‘rtamiyonasi jadvalda jiddiy silkinish sodir etib, barchasini oyog‘ini osmondan qilib yubormoqda. Ko‘pchilik tomonidan mavsum boshida «ushbu guruhda favoritlar o‘z so‘zini aytishi, "Real" va "Inter" keyingi bosqichga yo‘l olishi va "Borussiya"ning Evropa Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishi» taxmin qilingan edi. Biroq hamma narsa chappasiga ketdi: autsayder sifatida baholangan «Shaxtyor» 4 ochko bilan etakchi, «Borussiya» va «Inter» 2 ochko bilan mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlardan joy olgan, «Qirollik klubi» esa, sensatsion tarzda 1 ochko bilan 4-o‘rinda! «Real» va «Inter» haqiqatdan ham barchani hayratda qoldirgan natijalarni namoyish etmoqda. Bugun mana shu ikki alamzada grand klub «Alfredo di Stefano» stadionida o‘zaro kuch sinashadi. Mag‘lub kim bo‘lishidan qat’i nazar, u yaqqol autsayderga aylanadi va guruhda qolib ketish ehtimoli oshadi. Tasavvur qilyapsizmi, «Shaxtyor» va «Myunxengladbax» bilan bir guruhda bo‘lib turgan «Real» va «Inter»ning guruhda qolib ketish ehtimoli oshadi! Durang har ikkisini ham qoniqtirmaydi, jamoalar maksimal tarzda g‘alaba uchun harakat qiladi.
«Real» so‘nggi besh yil ichida 3 bora EChL kubogini qo‘lga kiritgan. Oxirgi marta 2017-18 yilgi mavsumda chempionlikni tantana qilgan klub, so‘nggi ikki yilda musobaqani juda erta tark etyapti. Birida «Ayaks»dan, ikkinchisida esa Varanning xatolari bilan eslanuvchi o‘yinda «Manchester Siti»dan qabul qilib olingan sharmandali mag‘lubiyatlar. Ha, «Qirollik klubi» so‘nggi mavsumlarda xalqaro maydonda o‘ziga o‘xshab harakat qilmayapti. Odatda mavsum boshini omadsiz tarzda boshlab, hal qiluvchi paytlarda o‘ziga kelib qoluvchi va oxirida g‘alabani tantana qiluvchi klub, endi faqat muhim o‘yinlarda yutqizishdan boshqasiga yaramayapti. Bu yilgi mavsum ham shunday boshlandi. Guruh bosqichining ilk turida «Shaxtyor»dan o‘z uyida qabul qilib olingan mag‘lubiyat va 2-turda Myunxengladbaxning «Borussiya»si bilan arang durang o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan klub oldida endi haqiqiy kuchli raqib turibdi: Milanning «Inter» klubi!
«Inter»da nima gap?
Milan klubi o‘tgan mavsumda EChL guruh bosqichida 3-o‘rinni egallab (bu klub uchun odatga aylanib ulgurgan: «Inter» 2011-12 yilgi mavsumdan beri EChL guruh bosqichidan chiqa olmayapti), Evropa Ligasi yo‘llanmasiga ega bo‘lgan edi va ushbu turnirning final bosqichiga qadar etib bordi. Finalda ushbu turnirning eng sovrindor klubi, tajribali «Sevilya»dan mag‘lubiyatning qabul qilinishi esa, Konte jamoasining muxlislari kayfiyatiga ta’sir qilgan bo‘lishi shubhasiz. Mavsum oralig‘ida tarkibini bir qancha futbolchilar bilan boyitib olgan jamoa endi yangi mavsumni yaxshi natijalarga umid qilgan holda boshlashmoqda. Guruh bosqichidagi 2 turda 2 ta durang qayd etib, 2 ochkogina yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan Konte shogirdlarini 3-turda «Real» kutib turibdi. Bu ular uchun haqiqiy sinov va katta ehtimol bilan keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kurashning hal qilinishi bo‘ladi.
"Real"
Yangi mavsum uchun bironta ham transferni amalga oshirmagan hamda Beyl, Regilon, Hakimi va Brahim Diaz kabi futbolchilarini boshqa jamoalarga qo‘yib yuborgan «Qirollik klubi» bu mavsum xalqaro arenada anchagina qiyinchilikka duch kelmoqda. Ichki chempionat Kurtuaning mahorati va quruq o‘yinlari evaziga minimal g‘alabalarda hal qilinayotgan bo‘lsa, EChL bahslari u qadar oson o‘tmayapti. Dastlab, o‘z uyida autsayder sifatida qaralgan «Shaxtyor»dan 1 taymda 3 ta gol o‘tkazib yuborib, 2-taymda unga 2 gol bilan javob berdi va sensatsion tarzda mag‘lubiyatga uchragach, ikkinchi turda Germaniyada «Myunxengladbax» mehmoni bo‘lib, so‘nggi 10 daqiqada arang mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. O‘sha o‘yinda jamoa yarim himoyachisi Kazemiro madridliklar joniga oro kirdi, 1 ta gol va 1 ta assist orqali u «Man of the match» sovrinini qo‘lga kiritib, «Real»ning turnirdagi yurishini davom ettirishi uchun kichik bo‘lsada umid bag‘ishladi.
Madrid klubi muxlislarini hozir faqatgina «el-klasiko»dagi g‘alaba va Azarning qaytishi biroz xursand qilib turibdi. Qolgan natijalar esa barchamizga ma’lum. Ayrim manbalar berayotgan ma’lumotga ko‘ra, Peres Zidanning klubdagi kelajagiga shubha bilan qaramoqda va uni ishdan bo‘shatish payida ekan. Shunday ekan, Zidan bugun bor mahoratini ishga solib, «Inter»ni engishi va Peresning ishonchini oqlashi zarur. Bundan tashqari, «Real»dek klub uchun Evropa ligasi yo‘llanmasi o‘z-o‘zini kamsituvchi narsa bo‘lib tuyulishi shubhasiz.
«Real» so‘nggi yillarda italyan klublari bilan EChLning turli bosqichlari doirasida ko‘p bora to‘qnash kelgan. «Yuventus» bilan chorak final va finaldagi bahslar, «Napoli» bilan nimchorakdagi va «Roma» bilan guruh bosqichidagi uchrashuvlar Madrid klubining foydasiga hal bo‘lgani barchamizning yodimizda. Umuman olganda, «Real» so‘nggi yillarda italyan klublari bilan bahslarda deyarli engilmayapti. Oxirgi marta 2014-15 yilgi mavsumda «Yuventus» yarim finalda 2 uchrashuvda umumiy 3-2 hisobida g‘alaba qozonib, «Real»ni musobaqadan chiqarib yuborgan edi. Keyingi mavsumdan boshlab nimalar bo‘lganligi barchangizga ma’lum: ketma-ket uch bor EChL kubogi qo‘lga kiritildi, «Real»ni to‘xtatishni iloji bo‘lmadi. Ronaldu va Zidan jamoani tark etgan yili biroz inqirozli paytda qolgan davrida ham klub guruh bosqichida «Roma»ni ishonchli mag‘lub etgani yodimizda. Shunday ekan, hozirgi muammoli sharoitda ham o‘sha paytdagi irodasini namoyish qila olishiga hech kimning shubhasi bo‘lmasa kerak.
Jamoada ayrim yo‘qotishlar ham mavjud bo‘lib, ular bugungi o‘yinga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Karvaxal, Militao, Nacho va Edegor jarohat tufayli matchni o‘tkazib yuboradi. Vaskes va Odriosola esa so‘roq ostida.
Taxminiy tarkiblar: Kurtua; Mendi, Ramos, Varan, Marselo; Kazemiro, Valverde, Kross; Asensio, Benzema, Azar.
«Inter»
Asosiy to‘purari o‘yin oldidan jarohat olib, maydonga tushishi so‘roq ostida qolgach, «nerradzurilar»ning ham ahvoli biroz qiyinlashib qoldi. Bu klubda ham muammolar etarlicha topiladi. Ichki chempionatda jamoa etakchilar bilan o‘yinda o‘z xarakterini namoyish eta olmay, ochko yo‘qotmoqda va hozirda turnir jadvalida 6-o‘rinda bormoqda. Ketma-ket qoniqarsiz natijalardan so‘ng milanlik muxlislar ham Kontega yomon ko‘z bilan qarashni boshlashmoqda. Bularning barchasiga chek qo‘yish uchun ularga bugungi o‘yindagi ishonchli g‘alaba ancha yordam berishi shubhasiz.
Umuman olganda, «Inter» oxirgi 8 mavsum ichida biror marta EChL guruh bosqichidan chiqa olgani yo‘q, bu mavsum boshida esa ko‘pchilik mutaxassislar bu seriyaga chek qo‘yilish ehtimoli yuqori ekanligini taxmin qilishgandi. Hozircha, ishlar ko‘ngildagidek emas. Klub ilk turda Myunxengladbaxning «Borussiya»si bilan o‘yinda Lukakuning dubli evaziga durangga erishgan bo‘lsa, 2-turda «Shaxtyor» bilan nursiz durangga imzo chekishdi. Ochkolar soni 2 ta. Jadvaldagi o‘rin esa uchinchi. Bu albatta, jamoani ham, klub rahbariyati va muxlislarini ham qoniqtirmasligi shubhasiz. Shu sababli, ularda bu xatolarni to‘g‘rilash uchun vaqt kam qolmoqda. Uchinchi va to‘rtinchi turlarda ular «Real» bilan uyda va mehmonda to‘qnash kelishadi. Mana shu bahslar ko‘p ehtimol bilan Konte jamoasining taqdirini hal qilib beradi.
Hammasi ularning o‘z qo‘lida. «Shaxtyor» va «Borussiya» singari «Real» darvozasiga yo‘l topa olsa va o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qola olsa, marra ularniki. Eng asosiysi, so‘nggi daqiqalargacha kurasha olish. «Real» o‘tgan turda so‘nggi daqiqalarda nimalar qilganini ko‘rdingiz. Demak, ko‘p narsa Xandanovich boshchiligidagi himoya chizig‘iga ham bog‘liq bo‘ladi.
«Inter»da ham ayrim yo‘qotishlar bor. Mattias Vesino jarohati tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Lukaku, Sanches va Sensining tushishi esa so‘roq ostida qolmoqda.
Taxminiy tarkiblar: Xandanovich; Kolarov, De Vrey, Dambrozio; Yang, Vidal, Brozovich, Barella, Hakimi; Perishich, Lautaro.
Murabbiylar
Zinedin Zidan: «O‘yingacha qiyin yo‘lni bosib keldik. Vaziyat yaxshi emas, men natijalardan qoniqmayapman. Hammasini to‘g‘rilash uchun bizda etarlicha vaqt bor, deb o‘ylayman. Xatolarimiz tufayli qiyin vaziyatda qoldik. "Inter" - yaxshi jamoa. Ular bilan osongina g‘alabaga erishish qiyin masala. O‘yin davomida ikkala klubga ham oson bo‘lmaydi. Lekin, jamoamga ishonaman».
Antonio Konte: «Bu – guruh bosqichi o‘yini. Ammo biz uchun ham, raqib uchun ham muhimdir. Vazifa – guruhdan chiqish. So‘nggi yillarda o‘z kuchini isbotlagan jamoa bilan uchrashayotganimizni bilamiz. Zinedin Zidan – juda ajoyib shaxs. U doim tinim bilmay ishlagan, iste’dodiga qaramay mashg‘ulotlarda birinchi o‘rinda turardi. U – juda zo‘r inson. U haqida faqat yaxshi gaplarni ayta olaman. Hamma uni yaxshi ko‘radi.
Men bugun bor imkoniyatimni ishga solib, g‘alaba qozonishni xohlayman. Hammasi shunga bog‘liq»
Xulosa o‘rnida
«Real» - «Inter» bahsi hech shubhasiz, kuchli qarama-qarshilik. Individual jihatdan ham juda ko‘p to‘qnashuvlarni ko‘rishimiz mumkin bo‘lgan markaziy uchrashuv. Eng birinchi navbatda esa murabbiylar - taktikalar to‘qnashuvini ko‘rishimiz aniq. Mutaxassislar tomonidan Zidanning oddiy klublar bilan o‘yinlarda futbolchilarga motivatsiya berish bilan muammolar bor, deya baholanadi. Bugun esa unday emas. «Inter» haqiqiy top klub. O‘yin ham hayot-mamot darajasida. Milanliklar ham osongina taslim bo‘ladigan jamoa emasligini hisobga olsak, bizni 90 daqiqa davomida shiddatli va hujumkor futbol kutayotgan bo‘lishi shubhasiz. «Real» darvozaboni 2 ta turda ham o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qola olmadi. Xandanovichda esa vaziyat biroz yaxshiroq - uning hisobida bitta quruq o‘yin bor, lekin ichki chempionatning so‘nggi turlarda darvoza dahlsizligini saqlab qolish bilan muammolar kuzatilmoqda va ularga ham qiyin bo‘lishi shubhasiz. Shu sababli, o‘yin davomida ko‘p gol urilishi taxmin qilinmoqda.
Birga kuzatamiz.
Abdulla Mannonov tayyorladi
Fikrlar