
Aleksandr Lobanov: "Nasaf"ning o‘yindagi bunday burilishga tayyor emasligi ko‘rinib turgandi"
Bekobodning “Metallurg” jamoasi mavsumni yaxshi boshladi. Ilk turda o‘z uyida AGMKni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. 2-turda Qarshida “Nasaf” maydonida 1:1 hisobida durang o‘ynab qaytdi.
Jamoa o‘yini esa yaxshi darajada e’tirof etilyapti. O‘tgan yili ham asosiy darvozabon hisoblangan Aleksandr Lobanovga bu yil ham katta ishonch bildirilyapti va ushbu mavsumda ham birinchi raqamli posbonga aylandi.
Qarshidagi uchrashuvdan keyin Lobanov Sports.uz muxbiriga o‘yin va yana boshqa masalalar bo‘yicha fikr bildirdi.
Qarshidagi o‘yin to‘g‘risida
- Birinchi navbatda aytmoqchimanki, Qarshidagi o‘yin og‘ir bo‘ldi. Ammo biz bunday bahsga oldindan tayyorgarlik ko‘rgandik. Chunki qiyin kechishini bilardik. Barcha klublar asta-sekinlik bilan kuchayib borishyapti. Qo‘shimchasiga klublar yaxshi tayyorgarlik ko‘rishyapti va shu jumladan biz ham. “Nasaf” esa Osiyo maydonlarida ishtirok etyapti. Shu o‘rinda “Nasaf” klubiga Osiyo Chempionlar ligasidek nufuzli musobaqada o‘z oldiga qo‘yilgan vazifasini bajarishlarini Xudodan so‘rab qolaman. Mana shunday jiddiy raqibga qarshi uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rishimizni, sabr qilishimiz va chidashimiz kerakligini ham bilardik. Bunday uchrashuvda yarimta imkoniyatdan foydalanish muhimligi, hech bo‘lmaganda raqibni jarima maydonimizga yaqinlashtirmaslikka harakat qildik. Umuman olganda, bu erga kelgan har qanday jamoa o‘z darvozasi oldida muammolarga duch keladi. Ya’ni, “Nasaf”da doimo imkoniyatlar bo‘ladi. Ha, bizga qarshi uchrashuvda ham ularda vaziyatlar bo‘ldi. Ehtimol, raqib yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmagandir. Masalan, to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik ular tomonida bo‘ldi. Lekin biz bunga tayyor edik. Shuni yaxshi tushungan holda harakat qildik. Chunki “Nasaf” bilan uning maydonida hujumkor o‘yin ko‘rsatish, ularga tenglashish juda qiyin. Shu sababli biz raqibning hujumlarini kutdik. Nima bo‘lganda ham raqib O‘zbekiston chempionatining etakchi klublaridan biri. Birinchi navbatda himoyaga e’tibor berib, darvozamizdan gol o‘tkazib yubormaslikka harakat qildik. Ammo, afsuski, gol o‘tkazib yubordik. To‘g‘ri, futbolda bunaqasi ham bo‘lib turadi. Raqib standartni juda yaxshi ijro etdi. Hujumchisi ham chiroyli tarzda ochildi. Oxirgi 10 daqiqada “Nasaf” faqat natija uchun o‘ynadi. Chunki mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandi. Qaysidir vaziyatlarda raqibning hujumga tashlanmagani yaqqol ko‘zga tashlanib turdi. Lekin biz ham oxirgi daqiqalarda chiroyli tarzda ishlangan standartdan gol urishga muvaffaq bo‘ldik.
To‘g‘ri, “Nasaf” ham o‘yinimizni o‘rgangan va oldindan tayyorlangan. Biroq ularning o‘yindagi bunday burilishga tayyor emasligi ko‘rinib turgandi. Umuman olganda, Qarshidagi uchrashuv juda jangovar tarzda kechdi. Ikki tomon ham kurashdi. Mezbonlar g‘alaba uchun qattiq harakat qilgan bo‘lsa, biz yutqazmaslik uchun jiddiy kurashdik. Chunki har bir ochko biz uchun juda ham muhim. Mavsum avvalida ko‘proq ochkolar to‘plab olsak, keyinchalik o‘zimiz uchun yaxshiroq bo‘lardi. O‘tgan yilgi mavsum esa bizga ancha og‘ir bo‘ldi. Shu sababli joriy yilda har bir ochko uchun jiddiy mehnat qilyapmiz. O‘yinlarda borimizni berib harakat qilyapmiz.
Shartnoma uzaytirilgani borasida
- Ha, “Metallurg” bilan shartnomamni uzaytirganman. Bosh murabbiy meni jamoada qolishimni xohladi. Aynan shu sababli klubda qolishimga turtki bo‘ldi. Bundan tashqari, “Metallurg” men uchun qadrdon jamoaga aylanib qoldi. Shu boisdan men klubimni o‘zgartirishni unchalik xohlamadim. Ko‘p yillik umrimni “Paxtakor”ga bag‘ishlaganman. Albatta, o‘z vaqtida u erdan ketish men uchun og‘ir bo‘lgan. Lekin shunday qaror qabul qildim. Keyin esa “Metallurg”ga ko‘chib o‘tdim. Bu jamoa ham menga ko‘p narsalarni qildi. O‘ylab-o‘tirmasdan shu jamoada qolishga qaror qildim. “Metallurg”dan ketish variantlarini ham o‘ylab ko‘rmadim. Klub menga ishonyapti, murabbiy ham meni yaxshi biladi. “Metallurg”ga kelganimdan beri murabbiylar o‘yinimni kuzatib kelishyapti.
Jamoaning vazifasi qanday?
- Albatta, asta-sekinlik bilan jamoa oldiga yuqori maqsadlar qo‘yilyapti. Biz buni bajarishga harakat qilyapmiz, akademiya ham ishga tushirildi. Bosh homiyimiz futbol uchun katta ishlarni amalga oshiryapti. Yoshlar uchun ham ko‘p ishlar bajarilyapti. “Metallurg” rivojlanib boryapti va bu yo‘lda men ham o‘z hissamni qo‘shishni xohladim. Biz chempionatda eng yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Bu klub va futbolchilar nufuzi uchun ham foydali. Har bir o‘yinda munosib o‘yin ko‘rsatish hamda g‘alabalar qozonish asosiy maqsadimiz. Biz yangi darajaga chiqmoqchimiz. Ammo aniq bir o‘rin borasida oldimizga vazifa qo‘yilmagan. Joriy mavsumda qaysi o‘rinlarni egallashimizga qarab keyinchalik aniq maqsad qo‘yiladi. Hammasi o‘zimizga bog‘liq.
Fikrlar